O‘zbekiston | 01:57 / 27.05.2021
25423
4 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘plab holatlarda korrupsiyaga qo‘l urgan amaldorlar jazosiz qoldi» - amerikalik kuzatuvchilar 2020 yildagi O‘zbekiston haqida

«Qonunlarga yetarlicha amal qilinmadi, amaldorlar ko‘pincha korrupsiya bilan shug‘ullanib, jazosiz qoldi», – deyiladi AQSh Davlat departamentining O‘zbekistonga doir 2020 yilgi hisobotida.

AQSh Davlat departamentining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat byurosi 2020 yilda O‘zbekistonda inson huquqlariga rioya etilishi yuzasidan hisobot e'lon qildi.

Hisobotda inson huquqlarining turli jabhalaridagi kuzatuvlar xulosasi keltirilgan bo‘lib, korrupsiya mavzusida ham so‘z yuritilgan.

«Qonunchilikda amaldorlarga korrupsiya uchun jinoiy jazo ko‘zda tutilgan, ammo hukumat qonunlarni samarali ijro etmadi va amaldorlar ko‘pincha korrupsiya bilan shug‘ullanib, jazosiz qoldi», – deyiladi dokladda.

Hisobotda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilganiga e'tibor qaratilgan.

«29 iyun kuni prezident farmoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy siyosat ishlab chiqish va amalga oshirish vakolati berilgan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etildi.

Agentlik, shuningdek, quyidagilarni amalga oshirishi mumkin: budjet xarajatlari, davlat aktivlarini sotish, davlat xaridlari, investitsiya loyihalari va davlat dasturlarini amalga oshirishga tegishli ma'lumotlar va hujjatlarni so‘rab olish va tadqiq qilish; korrupsiya holatlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning xatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘rish; korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ma'muriy tekshiruvlar o‘tkazish; ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va ularning rasmiy xodimlarining qarorlarini, agar ularda korrupsiya belgilari aniqlansa, bajarilishini to‘xtatib turish yoki bekor qilish to‘g‘risida majburiy buyruqlar berish.

Agentlik prezidentga bo‘ysunadi va parlamentning Qonunchilik palatasida hisobot beradi», – deya qayd etilgan AQSh Davlat departamenti yillik hisobotida.

Kuzatuvlar xulosasida Toshkent shahar hokimligi kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari 50 ming dollarlik pora ishi doirasida qo‘lga olingani, Toshkentda sudyalar va YHX xodimlari til biriktirib, haydovchilardan undirilgan bir necha milliard so‘mlik jarima mablag‘larini talon-toroj qilgani eslab o‘tilgan.

«19 noyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2020 yilda davlat xizmatchilarining korrupsion huquqbuzarliklari natijasida yetkazilgan zarar 200 milliard so‘mdan (20 million AQSh dollari) oshgani to‘g‘risida xabar berdi», – deyiladi amerikaliklar hisobotida.

Ushbu hisobotga doir boshqa xabarlar:

Mavzuga oid