O‘zbekiston | 16:06 / 09.09.2024
30841
6 daqiqa o‘qiladi

Ayol tug‘uruqdan so‘ng vafot etdi. Shifokorlar undagi ko‘richakni «sehr» deb, «chalpak tarqatish»ni tavsiya qilgan

Andijon shahrida og‘riq bilan tug‘uruqxonaga kelgan ayolning 8 oylik homilasi to‘lg‘oq chaqiruvchi dori bilan tug‘dirib olindi. Ammo shifokorlar bemor ko‘richak bo‘lganini tug‘uruqdan keyin bilib qolishdi. Lekin endi kech edi.

Andijon viloyati perinatal markaziga ko‘richak bilan og‘rib murojaat qilgan 26 yoshli homilador ayolni shifokorlar to‘lg‘oq keltiruvchi ukol yordamida tug‘dirib olishgan. Shifokorlardan biri uning turmush o‘rtog‘iga ayolida kuchli sehr borligini, tezda chalpak va holvaytar qilib tarqatmasa, ayoli o‘lishi mumkinligini aytgan. Ayolning yaqinlari shundan keyin uning ahvoli yomonlashgani va ko‘richak yorilishi oqibatida vafot etganini aytyapti.

2024 yilning 22 avgust kuni 8 oylik homilador ayolda suv ketishi boshlanib, eski 3-tug‘uruqxonaga (hozirgi 2-tug‘uruqxona) olib boriladi. Ammo u yerda uni perinatal markaziga jo‘natishadi. Perinatal markaz va tug‘uruqxona o‘rtasida sarson yurgan ayolga tug‘uruqxonada uch kun mobaynida og‘riq qoldiruvchi ukol qilinadi. Bu shifoxonada kerakli jihozlar yo‘qligi vaji bilan yana perinatal markazga qaytariladi. Marhumaning opasi bu haqida gapirib berdi.

«Tug‘uruqxonada 3-kuni isitmasi chiqayotgan singlimning erini va onamni chaqirib perinatal markazga yuborishadi. Chunki bola tug‘ilsa o‘pkani rivojlantirish uchun kerakli apparat o‘sha yerda bor ekan. Markazda singlimni qabul qilishmaydi. Men ham yetib bordim, singlimning ahvoli yomon edi. U yerga olib kelish sabablarimizni aytdik. Yalinib-yolvordik, shu payt reanimatolog vrach tushdi. Biz kechki soat 21larda borgan bo‘lsak, bu paytda soat 23 lar edi. O‘sha vrachga onam jon-jahdi bilan yig‘lab iltimos qildi. Uning yordami bilan singlimni qabul qilishdi.

Keyin singlimni hech qanday tahlillarsiz tug‘uruq zaliga olib kirishdi. Unga tomchi ukollar qilishdi va 8 oylik chaqaloqni tug‘dirib olishdi».

Ayolning ahvoli tobora yomonlashadi. Shundan keyin bemorda ko‘richak yorilib ketgani, zudlik bilan jarrohlik operatsiyasi qilinishi kerakligi aytiladi va Andijon shahar markaziy shifoxonasiga yuboriladi.

«Singlim ahvoli yaxshimasligini, qusganini aytdi. Uni tug‘dirgan ginekolog vrach kuyovimizni chaqirib, ayoli va bolasiga o‘limga katta sehr qilinganini, tezda chalpak va holvaytar qilib, «Qalandarxona» degan joyga berib qo‘ymasa, o‘lib qolishi mumkinligini aytadi.

O‘sha yerdagi boshqa vrach meni, onamni va kuyovimizni chaqirdi. Viloyat shifoxonasidan chaqirilgan xirurg singlimda appenditsit yorilib, ichiga tarqab ketganini aytgan ekan. Zudlik bilan operatsiya qilish uchun viloyat shifoxonasiga o‘tkazilishini aytdi. Viloyat shifoxonasiga kirdik, singlimni 3-4 kishi bo‘lib tushirishga harakat qilayotgan edik. Shunda u havo yetishmayotganini aytib, hushidan ketdi. Hammamiz dod solib, yordam so‘radik. Lekin singlim shu ko‘zini yumgan bo‘yi qaytib o‘ziga kelmadi – vafot etdi».

Marhuma oilada uch qizning kenjasi bo‘lgan, endi uning 2 farzandi yetim qoldi. Ma’lum qilinishicha, ta’ziyaga kelgan viloyat sog‘liqni saqlash mutasaddilari oilaga pul taklif qilib, shikoyat qilmasliklarini so‘ragan.

«Perinatal markazidan 2 ta ayol vrach, bosh shifokor o‘rinbosari ta’ziyaga kelishdi. Ularning qo‘lida kamera va konvertda pul bor edi. Bunga qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shni guvoh. Ular bizga pul taklif qilishdi. Shahar hokimi o‘rinbosari ishtirokida yig‘ilishga chaqirishdi, bordik. Shu jarayonda qatnashgan hamma shifokorlar, hamshiralar, sanitarkalarni to‘plashgan ekan. U yerda bizga «opalar, yozmanglar. Bularniyam farzandlari, oilasi bor», deyishdi.

Singlimning 2 farzandi yetim qoldi. 5 yoshli o‘g‘li bor. Chaqalog‘iga o‘zi aytganday Maryamxon deb ism qo‘ydik, hali kasalxonada. 8 oylik tug‘ilgani uchun qarashyapti».

Marhumaning yaqinlari o‘z faoliyatiga mas’uliyat bilan yondashmagan shifokorlar qonun oldida javob berishini so‘raydi.

Bu masalada Andijon viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatiga murojaat qildik. Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda mazkur holatni o‘rganish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilgan. Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari vaziyatni o‘z nazoratiga olgan.

Bu Andijon viloyati tug‘uruqxonalaridagi shifokorlarning mas’uliyatsizligi tufayli yuz berayotgan birinchi o‘lim emas. Viloyatning Qo‘rg‘ontepa tumanida appenditsit tashxisi bilan gumonlanib, operatsiya qilingan ayolning vafoti, Buloqboshida shifokorlarning beparvoligi sabab sog‘lom chaqaloqning o‘limi, Asakada esa ona-bolaning o‘limi yuz berganiga ko‘p bo‘lmadi. Bu esa viloyatda sog‘liqni saqlash, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, mutaxassislar layoqatining qay darajada ekanini bildiradi. 

Mavzuga oid