O‘zbekiston | 19:12 / 04.07.2020
89248
6 daqiqa o‘qiladi

Karantin va jarima maydonlari: mutasaddilarning gapi amaliga mos kelmayapti 

Karantin qoidalarini buzgan haydovchilarning transport vositalari jarima maydonlariga qo‘yilib, karantin tugamaganligi, yoinki qo‘llanilgan jarima summalari to‘lanmaganligi vaji bilan ushlab turilganligi, bu esa amaldagi qonun hujjatlariga zid ekanligi haqida maqola e'lon qilingan edi. 

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Kun.uz'da e'lon qilingan mazkur maqolaga munosabat bildirdi.

Unda Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yil 23 martdagi 176-son qarorida Maxsus komissiyaga zarur hollarda qo‘shimcha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati berilganligi, shuningdek, uning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari, idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy etib belgilanganligi yana bir bor eslatiladi.

Maqolaga bildirilgan munosabatda mashinalar jarima maydonlaridan nega qo‘yib yuborilmayotgani haqidagi savolga Maxsus komissiyaning 2020 yil 4 apreldagi yig‘ilish qarorida ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qaror belgilangan tartibda ijro etilganidan yoxud ijrosi tugatilgandan so‘ng avtotransport vositasi jarima maydonchasidan olib chiqib ketilishi belgilab qo‘yilganligi bilan izoh berilgan.

Tushunishimizcha, bu izohdan “ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qaror belgilangan tartibda ijro etilganidan yoxud ijrosi tugatilgandan so‘ng” jumlasi “ma'muriy jarima to‘lab qo‘yilganidan so‘ng” degan ma'no kelib chiqmoqda. Bundan chiqdi, ma'muriy jarima to‘lansagina, avtotransport vositasi jarima maydonchasidan olib chiqib ketilishi mumkin.

Eng ajablanarlisi, Maxsus komissiya qarorida bunday qoida borligini endi ko‘rib turibmiz. Chunki, avval birorta manbada bu haqida ma'lumot berilmagan edi. OAV orqali berilgan ma'lumotlarda karantin qoidalari buzilgani uchun transport vositalari karantin davrida jarima maydonlarida ushlab turilishi ta'kidlangandi xolos.

Vaholanki, MJtKning 291-moddasida huquqbuzarlik sodir etilganda, transport vositasi ushlab turish sababi bartaraf etilgunga va ma'muriy ish ko‘rib chiqilgunga qadar ushlab turilishi mumkinligi qayd etilgan. “Ma'muriy ish ko‘rib chiqilishi” bilan “qaror ijro etilishi” orasida katta farq bor, albatta.

“Har qanday huquqbuzarlikka aniqlangandan so‘ng darhol barham berilishi hamda huquqbuzarlik davom ettirilishi to‘liq to‘xtatilishi lozim. Xususan, karantin sharoitida maxsus ruxsatnoma (stiker)siz avtotransport vositasini boshqarishda ham ushbu qoida tatbiq etiladi va uning keyingi harakatiga chek qo‘yiladi, bu bilan karantin qoidalariga rioya etilishi ta'minlanadi”, - deyiladi rasmiy munosabatda.

Bundan shunday xulosa kelib chiqmoqdaki, agar huquqbuzar jarima to‘lab avtomobilini olib chiqsa, demak u huquqbuzarlikni davom ettirmaydi. Agar jarima to‘lamay avtomobilini olib chiqsa, demak u huquqbuzarlikni davom ettiradi, shuning uchun u toki jarimani to‘lamas ekan, avtomobili jarima maydonidan chiqarib berilmaydi.

Har holda, Maxsus komissiyaning 4 apreldagi qarorining yangi e'lon qilingan qoidasidan shu xulosa kelib chiqyapti. G‘alati mantiq, shunday emasmi?

Bu xuddiki, ruxsatnomaga pul to‘lab avtomobil oynasini tonirovka qildirsa, u jinoyat sodir etmaydi, agar ruxsatnomasiz tonirovkada yursa, u jinoyat sodir etishi mumkin, degan mantiqsizlikni eslatib yuboryapti.

Maqolada karantin qoidalari buzilganligi uchun transport vositasining jarima maydonida ushlab turilishi qonuniy yoki qonuniy emasligini tahlil qilishdan tashqari, bu amaliyot natijasida ko‘plab fuqarolarning moddiy jihatdan og‘ir ahvolga tushib qolganliklariga ham to‘xtalib, amaldagi qonunlarga zid bo‘lgan bu amaliyotga chek qo‘yilishi kerakligini eslatgan edik. Ammo, Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasiga bu jihatlar unchalik qiziq emas shekilli, bu masalaga to‘xtalib o‘tirishmagan.

Yuqorida nomi zikr etilgan maqola Kun.uz’da e'lon qilingach, ayrim murojaatchilar tahririyatga qayta bog‘lanib, jarima to‘lashmasa ham transport vositalarini jarima maydonidan olib chiqishlariga ruxsat berishganini xabar qilishdi.  

Jumladan, karantin qoidalarini buzganlikda ayblangan urgutlik fermer O.Po‘latov ma'muriy jarimani to‘lamagan bo‘lsa-da, uning mashinasi jarima maydonidan qo‘yib yuborilgan. Taassufki, ushbu fuqarodan mashinasi ushlab turilgan davr uchun jarima maydonchasiga 330 ming so‘m miqdorda to‘lov undirilgan. Yana bir holatda olmaliqlik A.Rizaqulov transport vositasini 25 aprel kunidan beri ushlab turilgani uchun jarima maydoniga 800 ming so‘m to‘lagan va bu holatda ham ma'muriy jarima to‘lanishi “keyinga qoldirilgan”.

Transport vositasini jarima to‘lamasdan ham chiqarib yuborish holatlari mavjudligi inobatga olinsa, mazkur holat kech bo‘lsa-da, qonunni to‘g‘ri tushungan va qo‘llagan mansabdor shaxslar ham yo‘q emas ekanligini anglatadi.

Mana shu ikki holatning o‘zi YHXBBning munosabatida ta'kidlangan asoslarni yo‘qqa chiqarmoqda.

Afsuski, tahririyatga yo‘llanayotgan ayrim murojaatlar jarima to‘lanmaganligi uchun avtomashinalarini ololmay yurgan fuqarolar hamon mavjudligini ko‘rsatmoqda. Ushbu holat bo‘yicha rasmiylardan birinchi o‘rinda qonunlarni hurmat qilishlarini, amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etishlarini va o‘zlari istagandek talqin qilmasliklarini so‘rab qolamiz.

Abbos Salaydinov,
huquqshunos

Mavzuga oid