Jamiyat | 14:50 / 23.05.2026
8808
8 daqiqa o‘qiladi

Narkotuzoq, urush va tirik qolish uchun kurash – Luhansk va Donetskdan qaytgan ikki yigit hikoyasi

Namanganlik va surxondaryolik ikki yigit Luhanskda og‘ir kunlarni boshdan kechirgan. Ularning har ikkisi avvaliga Rossiyada narkotuzoq orqali qamoqqa olingan. So‘ngra turli bosim va qiynoqlar orqali urushga borishga majburlangan.

Foto: iz.ru

Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan ikki o‘zbekistonlik jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.

“Blatnoy”ning tirik qolishi

Namanganlik Abduvaliga (maqoladagi ismlar o‘zgartirilgan) urushda “Blatnoy” laqabi berilgandi. Luhansk maydonlarida jangga kirgan bu yigit frontga o‘z-o‘zidan borib qolmagan.

Abduvali 2023 yil oktyabrida ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga ketgan. Bu paytda u 21 yoshda bo‘lgan. 2024 yil yanvarida Abduvali narkojinoyatda ayblanib, qamoqqa olingan. Biroq sud qilinmasdan 2025 yil sentabrga qadar ushlab turilgan. So‘ngra unga urushga borish evaziga afv taklif qilishgan.

Abduvali qamoq ehtiyot chorasidan ozod bo‘lish va qiynoqlardan qutulish maqsadida taklifga ko‘nishga majbur bo‘lgan.   

2024 yil 26 yanvarda Moskva shahrining markaziy ko‘chalaridan birida taksida ishdan yotoqxonaga qaytayotgandim. Militsiya xodimlari mashinani to‘xtatdi. So‘ngra meni ushlab, militsiya bo‘limiga olib borishdi. U yerda kiyimlarimni yechib, yonimni ko‘zdan kechirishdi. Ammo hech qanday taqiqlangan narsa topisholmadi. U yerdan chiqayotganimda egnimdagi kurtkamni ham ham tekshirishdi. Shunda uning cho‘ntagidan ro‘molchaga ilashib, skotchga o‘ralgan bir bo‘lak saqichsimon modda chiqdi.

Ularga bu modda menga tegishli emasligini, narkotik iste’mol qilmasligimni aytdim”, degan Abduvali suddagi ko‘rsatmasida.

Shundan so‘ng hujjatlar rasmiylashtirilib, sud ajrimi bilan Abduvaliga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. U Moskva shahridagi “Tombov SIZO-1” turmasiga etap qilingan. Turmada har 2 oyda sud orqali qamoq ehtiyot chorasini cho‘zdirib, 2025 yil 5 sentabrga qadar sud qilmasdan ushlab turishgan. Bu vaqtda unga har kuni urushga borishni taklif qilishib, ko‘ndirish uchun qiynoqqa solishgan, tahqirlashgan. Abduvali qiynoqlardan qutulish uchun oxiri bu taklifga ko‘ngan. 

2025 yil 5 sentabr kuni men va yana 25 nafar mahbusni Luhanskdagi rotaga olib borishdi. Barchamizning kiyimlarimiz va shaxsiy buyumlarimizni yig‘ishtirib olishdi. Avtomatdan o‘q otishni mashq qildirishdi. Harbiy-jangovar tayyorgarlik 2 hafta davom etdi.

2025 yil 3 oktyabrda 15 nafar yollanma askarlardan iborat guruh tarkibida Xarkov shahri hududidagi jang maydoniga bordim. U yerda dron zarbasidan jarohat olib, ortga qaytdim. Harbiy gospitalda shifokorlar tekshirib, kerakli muolajalarni qilishdi. 2 hafta davolangach polkka qaytib bordim. Sheriklarimning bari vafot etgan ekan.

So‘ng tirik qolish imkonsiz ekanini bilib, qochishga harakat qildim. Biroq yo‘lda tutib olishdi. 20 nafar askar kaltakladi”, degan Abduvali.

Shundan so‘ng u yana gospitalga yotgan. Bir muddat davolanib, jang maydoniga qaytgan. Harbiy qismdan qochishning ham, jang maydonida omon qaytishning ham imkoni yo‘qligini bilgach, o‘ziga jarohat yetkazgan.

Harbiy qism hojatxonasiga kirib, o‘z so‘lagimni shpritsga tortdim va o‘ng oyog‘im tizza  sohasiga yubordim. Oradan bir kun o‘tgach, oyog‘im shishib ketdi: tana haroratim ko‘tarilib, butunlay yurolmay qoldim. Komandirlar majburan meni qayta gospitalga yuborishdi. Gospitalda esa bunday murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkoni yo‘qligi sababli yo‘lovchi poyezdda nazorat ostida Sankt-Peterburg shahrida joylashgan markaziy harbiy gospitalga yuborishdi”, deyiladi yigitning ko‘rsatmasida.

Ahvoli biroz yaxshilangan Abduvali 2026 yil 4 yanvar kuni harbiy gospital devoridan oshib o‘tib, u yerdan qochishga muvaffaq bo‘lgan. So‘ng Moskva shahriga borib, O‘zbekiston elchixonasidan yordam so‘ragan. Shu tariqa u vatanga qaytish guvohnomasi orqali 15 yanvarda O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Abduvali sudda Ukrainaga qarshi urushda majburlikdan ishtirok etganini aytgan.

JIB Namangan tuman sudining 2026 yil 29 apreldagi hukmi bilan Abduvali yollanish jinoyatini sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 3,5 ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. 

“Do‘stim sabab qamaldim”

Surxondaryolik Boburning Rossiyada boshidan kechirganlari Abduvalinikidan kam emas. U ham narkotuzoqqa ilingan va Donetskdagi janglarda qatnashgan.

30 yoshli Bobur Rossiyaga 2022 yil avgust oyida borgan. U Moskva viloyatidagi non sexida ishlab kelgan. Ammo 2023 yil iyulida barchasi o‘zgarib ketgan.   

O‘sha kuni farg‘onalik do‘sti undan Voronej shahriga birga borib kelishni iltimos qilgan. Bobur avval birga ishlagan do‘stining bu iltimosini rad qilolmagan. Shu tariqa u do‘sti ijaraga olgan mashinada yo‘lga chiqqan.

Lipetsk shahriga yetib borganimizda do‘stim mashinani to‘xtatib, do‘konga kirib ketdi. Men sigaret chekish maqsadida mashinadan tushdim. Shu vaqtda fuqarolik kiyimidagi militsiya xodimlari kelib, mashinani ko‘zdan kechirishdi va do‘stimga tegishli sumka ichidan narkotik chiqqani uchun meni o‘zlari bilan olib ketishdi.

Tergov qilishib, narkotik modda saqlashda ayblashdi. 2023 yil oktyabrgacha qamoqda saqlashdi. So‘ng sud qilishib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilishdi”, degan Bobur sudda.

Jazo muddatini o‘tash davrida doimiy ravishda Ukrainaga qarshi urushda qatnashishga undab kelingan. Qiynoq va bosimlardan so‘ng Bobur 2025 yil avgust oyida Rossiya armiyasida harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma tuzishga majbur bo‘lgan.

Men bilan birga taxminan 30 nafar mahbusni urushga tayyorlash uchun Nijniy Novgorod shahriga olib borishdi. Bir oyga yaqin harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik: okopda yurish, o‘q otish, drondan qochish kabilarni o‘rgatishdi.

So‘ngra menga “AK-74” avtomatini, harbiy kiyim-kechak va bronejilet berishdi hamda urush chizig‘iga olib borishdi. 2025 yil 2 noyabrda Ukraina askarlari biz turgan joyga dronlardan zarba berishdi. Oqibatda og‘ir yaralanib, ortga chekindim. Qo‘limga jgut qo‘yib, qonni to‘xtatishdi. Olgan jarohatlarim bilan 3 kun qolib ketdim”, degan Bobur ko‘rsatmasida.

Keyin uni Luhanskdagi gospitalga olib borishgan. 10-15 kunlik davolanishdan so‘ng odam yetishmayapti, deya yana poligonga jo‘natishgan. Ammo Boburning jarohati ancha jiddiy edi. Ko‘p o‘tmay uni Belgorod shahridagi gospitalga olib borishga majbur bo‘lishadi.

Uni gospitalga olib ketayotgan mashina haydovchisi yo‘lda do‘konga kirib chiqish maqsadida to‘xtaydi. Shunda Bobur qochishga muvaffaq bo‘ladi. U Moskva shahriga borib, elchixonadan vatanga qaytish guvohnomasini oladi va 2026 yil 27 fevral kuni O‘zbekistonga qaytib keladi.

JIB Termiz shahar sudining 2026 yil 1 maydagi hukmi bilan Bobur yollanish jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 4,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. 

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid