Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda
Qozog‘istonda mamlakatdagi va butun Markaziy Osiyodagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda. Referendumdan oldin mamlakat hukumati ochiqchasiga AES qurilishini qo‘llab-quvvatladi, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda «atom targ‘iboti» olib borildi, AESga qarshilar esa hibsga olingan.
Saylovchilar bitta savolga javob qaytarishi kerak: «Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?»
Referendumga uch kun qolganida, 3 oktyabr kuni mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev AES qurilishini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatladi. Davlat rahbarining fikricha, aks holda Qozog‘iston «dunyodagi taraqqiyotdan chetda qolishi» mumkin.
«Atom elektr stansiyasi qurilishi — uzoq muddatli loyiha bo‘lib, u mamlakatimizning o‘nlab yillar davomida barqaror rivojlanishini ta’minlaydi, turli profildagi muhandislar va mutaxassislarning butun sinfini tayyorlash uchun sharoit yaratadi. Va bu afzalliklarni bugungi yoshlarimiz hamda qozog‘istonliklarning kelgusi avlodlari to‘liq his etadi», — deya qayd etgan To‘qayev respublika deputatlar forumidagi chiqishida.
«Muqobili yo‘q»
Qozog‘iston energetika vazirligi 2035 yilga borib mamlakatda elektr energiyasi taqchilligi yuzaga kelishini prognoz qilmoqda. Idora hisob-kitoblariga ko‘ra, elektr iste’moliga talab yil sayin oshib bormoqda va hozirda mavjud bo‘lgan energiya manbalari «aholini to‘liq hajmda ta’minlay olmaydi».
Yaqin 10 yillikda Qozog‘iston yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishi lozim, deb hisoblaydi energetika vazirligidagilar. Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev atom elektr stansiyasiga muqobil yo‘l yo‘qligini ta’idlagan.
«Mamlakatda gaz resurslari cheklangani tufayli biz gaz generatsiyalarini keng ko‘lamda ishga tushira olmaymiz. O‘z navbatida, qayta tiklanadigan energiya manbalari tabiiy va iqlim sharoitlariga bog‘liqligi sababli elektr energiyasini ishlab chiqarishning ishonchli asosiy manbayi bo‘lib xizmat qila olmaydi. Jahon amaliyoti ko‘rsatishicha, atom elektr stansiyasi qurilishi tugayotgan quvvatlarni almashtirish va Qozog‘istonning energiya mustaqilligini ta’minlash uchun yagona to‘g‘ri yechim bo‘lib ko‘rinmoqda», — degan Satkaliyev.
Mamlakat rasmiylari AES qurilishi foydasiga argument sifatida 8000 ga yaqin ish o‘rinlari yaratilishi, obekt foydalanishga topshirilganidan keyin yana 2000 xodim jalb etilishini keltirishmoqda.
AES qurilishi uchun «Qozog‘iston atom elektr stansiyalari» kompaniyasi mas’ul qilingan, kompaniya allaqachon qurilish uchun ehtimoliy maydonlarni o‘rganmoqda. Hozirgi bosqichda asosiy nomzod Almati oblastidagi Balxash ko‘li bo‘yida joylashgan Ulken posyolkasi bo‘lib turibdi.
«Qozog‘iston atom elektr stansiyalari» kompaniyasi rahbari Timur Jantikin mutaxassislar AESning zarur quvvatini 2,8 GVt deb baholashganini aytgan. AES qurilishi uchun III va III+ avloddagi suv bosimli reaktorlari mos etib tanlangan.
Allaqachon 6 ta xorijiy kompaniya atom elektr stansiyasi uchun 13 ta loyihani taqdim etishgan. Short-list to‘rtta ehtimoliy pudratchini o‘z ichiga oladi: Xitoyning HPR1000 reaktorli CNNC kompaniyasi, Koreyaning APR1000 va APR1400 reaktorli KHNP kompaniyasi, Rossiyaning «Rosatom»i hamda fransuzlarning EPR1200 texnologiyalariga ega EDF kompaniyasi.
Jantikinning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik pudratchini tanlash Xalqaro atom energetikasi bo‘yicha agentlik (MAGATE) nazorati ostida amalga oshiriladi. Hozircha qurilishning aniq qiymati hisoblab chiqilmagan, ammo dastlabki baholarga ko‘ra, AES qurilishi Qozog‘istonga 10-12 mlrd dollarga aylanishi mumkin.
«AES kerek yemes»
Ekologiya huquqlari bo‘yicha yurist va «AES kerek yemes» guruhi a’zosi Vadim Ni qozog‘istonlik ekologlar radioaktiv chiqindilar va ehtimoliy avariyalar bilan bog‘liq risklardan xavotirda ekanini aytadi.
AES Balxash ko‘lida qurilishi ham faollar va ekologlar orasida xavotir uyg‘otmoqda, deya qo‘shimcha qiladi Ni. «Balxash — mamlakatdagi strategik muhim suv havzalaridan biridir. Aytish kerakki, biz allaqachon Orol dengizini yo‘qotganmiz. Kaspiy ham jonsiz dengizga aylanib bormoqda. Biz muhim suv havzalarini butunlay yo‘qotishimiz mumkin. Reaktorni sovitish uchun zarur bo‘lgan suvni olishda muammo bor», — deydi huquqshunos.
U Qozog‘iston aholisini ko‘proq iqtisodiy jihat o‘ylantirayotgani, chunki AES qurilishi uchun mamlakat kredit olishga majbur bo‘lishini, bu esa o‘z navbatida elektr narxiga ta’sir qilishini aytadi.
«Bu shunga olib keladiki, atom energiyasi qimmat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Hozirgi ko‘mir va gaz elektr stansiyalarinikidan ancha qimmatroq. Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan olinadigan elektr energiyasidan qanchalik qimmatligini aytmasa ham bo‘ladi», — deya ta’kidlaydi Ni.
Yurist Qozog‘iston allaqachon yirik shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha qator shartnomalar imzolaganini qayd etadi. «Ular hozirgi va kelajakdagi [aholining] barcha ehtiyojlarini qondira oladi», — deya hikoya qiladi «AES kerek yemes» guruhi a’zosi.
Hibslar, jarimalar va «atom targ‘iboti»
Referendum arafasida Qozog‘istonning bir necha oblastida 20 nafar aktivist hibsga olindi. Xususan, Almatida AES qurilishiga qarshi chiqqan 12 nafar faol fuqaro ushlangan. Ulardan olti nafari hududni tark etmaslik bo‘yicha tilxati olingan holda qo‘yib yuborilgan, qolgan aktivistlar hibsda qolmoqda. AESga qarshilarga ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga chaqirish bo‘yicha modda qo‘llanmoqda.
Hibsga olinganlarning advokati Galim Nurpeisovning aytishicha, aktivistlar atom elektr stansiyasiga qarshi yig‘ilish o‘tkazib, referendumdagi mustaqil kuzatuvchilarni tayinlash kabi masalalarni muhokama qilmoqchi bo‘lgandi.
Bundan tashqari, Qozog‘iston rasmiylari jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarni kuzatgan va hatto AES to‘g‘risida intervyu berganlarni jarimaga tortgan. Xususan, «Uralskaya nedelya» gazetasi bosh muharri Tamara Yeslyamova ko‘chada AES qurilishi mavzusida o‘tkazgan intervyu uchun 110 ming tenge (229 dollar) miqdorida jarimaga tortilgan. Sud jurnalist «noqonuniy so‘rov» o‘tkazgan deb topgan.
Boshqa tomondan, «Vlast» mustaqil nashri ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek davlat va xususiy nashrlarda «atom propagandasi» qanday amalga oshirilganini oshkor etgan. Jurnalistlar qayd etishicha, bu holatlarda AES qurilishi mavzusi bir tomonlama yoritilgan — faqat atom energiyasi tarafdorlaridan iqtiboslar keltirilgan. Blogerlar ham shu mazmundagi postlarni e’lon qilishgan.
Shuningdek, «Vlast»ning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda «Qozog‘istonning inqirozli kelajagi» haqida professional darajada tasvirga olingan va montaj qilingan roliklar tarqatilgan. Masalan, videoroliklardan birida maktab o‘quvchilari darsda sham yoqilgan sinfxonada ustki kiyimlarini yechmagan holda o‘tirishadi, bu vaqtda esa o‘quvchilardan biri isitish moslamasi ishlab turishi uchun velosiped pedalini aylantiradi.
Mintaqaning boshqa davlatlarida ham AES bo‘ladimi?
May oyi oxirida, RF prezidenti Vladimir Putinning tashrifi doirasida O‘zbekiston Rossiya bilan kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha shartnoma tuzilgandi. Kichik AES qurilishi bo‘yicha ishlar shu yil yozidayoq — Jizzax viloyatining Tuzkon ko‘lida boshlanishi aytilgan.
O‘zbekiston Atom energiyasi agentligi rejasiga ko‘ra, kichik AESning birinchi reaktori quvvatini ishga tushirish 5 yildan keyin amalga oshiriladi. Har bir keyingi reaktor olti oy ichida ishga tushiriladi. Har birining quvvati 55 MVt bo‘lga oltita reaktorli kichik AESning to‘liq ishga tushirilishi 2032 yil yoki undan keyinga reja qilingan. «Rosatom» davlat korporatsiyasi — ushbu AES qurilishidagi asosiy pudratchi.
Sentyabr oyi boshida rossiyaliklar korporatsiyasi Qirg‘izistonga ham olti reaktorli kichik atom elektr stansiyasi qurishni taklif etgani ma’lum bo‘lgandi. Hozircha mamlakat hukumati va «Rosatom» o‘rtasida rasmiy kelishuv tuzilmagan. Ammo Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayevning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar allaqachon kichik AES qurilishi uchun uchastka tanlashni boshlagan.
Mavzuga oid
20:04 / 21.12.2024
G‘oyib bo‘lgan mashinalar ishi: asosiy figurant Abdulla Abdurasulovning sheriklari qamaldi, uning o‘zini tergovchi qo‘yib yuborgan
15:00 / 18.12.2024
Rossiya Qozog‘istondagi uran qo‘shma korxonalaridagi ulushini Xitoyga sotadi
16:30 / 13.12.2024
Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyev hayotiga oid ma’lumotlar maxfiylashtiriladi
21:59 / 11.12.2024