O‘zbekiston | 16:27 / 18.10.2022
47829
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 oktabr kuni “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasiga borib, Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.

“Toshkent – azim poytaxtimiz, mamlakatimizning eng katta shahri. 5 yilda investitsiyaga, tadbirkorlarga sharoit yaratdik, yangi uylar, zamonaviy inshootlar qurildi. Bu ham kerak. Endi kelajakni o‘ylab, strategiyani aniq belgilab olmasak, 10 yildan keyin shaharda yashash qiyin bo‘lib ketadi. Qo‘shimcha bosimni infratuzilma ko‘tarmaydi. Endi xato qilishga haqimiz yo‘q. Xalq uchun yaratilishi kerak bo‘lgan qulayliklarni hisobga olib, loyihani 50 yil oldin to‘g‘ri qilmasak, shaharning arxitekturasi ham, iqtisodiyoti ham, ekologiyasi ham bo‘lmaydi”, – dedi prezident.

Bugungi kunda Toshkent shahrining hududi 43 ming gektar, aholi soni 3 millionga yaqinlashgan. Infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortgan. Transportlar ham kun sayin ko‘payib, yo‘l harakati qiyinlashib bormoqda. Chang, tutun ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shundan kelib chiqib, prezident poytaxtning me’moriy qiyofasini saqlab qolish, kelgusidagi qurilishlarni shahar tashqarisida qilish vazifasini qo‘ygan edi. Xususan, o‘tgan yili “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining ochilish marosimida hamda toshkentlik saylovchilar bilan uchrashuvda bu borada konsepsiya tayyorlanayotgani aytilgan edi.

“ToshkentboshplanLITI” korxonasida chet ellik (aynan qaysi mamlakat va kompaniya mutaxassislari ekani ochiqlanmadi) va mahalliy loyihachilar 2 yil davomida ishlashdi. Aholining o‘sishi, transport va muhandislik tarmoqlari, iqlim o‘zgarishlari tahlil qilinib, shu asosida transport tugunlari va aholi punktlarini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. Shavkat Mirziyoyevga shu strategiya haqida axborot berildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, strategiyada quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:

  • Toshkent shahri kadastri raqamlashtirilib, hududlarning toifasi ochiq-oshkora qayd etib qo‘yiladi. Aholi o‘z mahallasi yoki tadbirkorlar biznes ochmoqchi bo‘lgan yerining qanday hududda joylashganini internet orqali bemalol ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
  • Tirbandlik muammosini hal etish uchun jamoat transporti qulaylashtiriladi. Buning uchun aholi uyidan 15 daqiqa piyoda yuradigan masofada bekat bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, “Park and ride” tamoyili asosida, shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, jamoat transporti bekatlari bilan bog‘lanadi.
  • Binolarga ijtimoiy talablar belgilanadi. Masalan, shahar ichida ko‘p qavatli inshoot qurilgudek bo‘lsa, uning turiga qarab, maktab, bog‘cha, maishiy xizmat, avtoturargoh o‘rni, ko‘kalamzorlashtirish maydoni kabi me’yorlar qo‘yiladi.

Yangi Toshkent

Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasi “Yangi Toshkent” konsepsiyasi bilan mutanosib tayyorlangan. Bu yangi shahar poytaxtning sharqiy qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etiladi. 500 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib, istiqbolli rivojlanish va qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari ishlab chiqilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan.

Yashil hududlar – 7 ming gektardan 25 ming gektarga

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Toshkent shahrida 7 ming gektar yashil maydonlar bor va poytaxtdagi yashil hududlarni kelgusida 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan. Katta halqa yo‘li atrofida “yashil kamar” yaratish, shahardan o‘tgan kanallar bo‘yida tematik bog‘lar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

“Shaharni rivojlantirish bo‘yicha bu stratageyamizni dunyodagi yetuk mutaxassislar ham ma’qulladi. Endi har bir joy bo‘yicha xalq fikrini olib, aql bilan, sifatli qurish kerak. Bu yangi shahar xalqimizga munosib, iqlimimizga mos, zamonaviy bo‘lishi zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu ulkan loyihaga yosh mutaxassislarni jalb etib, tajribasini shakllantirish, tuman va shaharlar arxitekturasini mutanosib rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bois Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Namangan kabi boshqa shaharlarda ham loyihalashtirish markazlari ochish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyini rekonstruksiya qilish, Surxondaryo viloyati Denov tumani markazining arxitektura qiyofasini zamonaviylashtirish loyihalari ham taqdimot qilindi.

Mavzuga oid