O‘zbekiston | 20:47 / 06.11.2020
30282
3 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors'ga boj imtiyozi berilgan yoki berilmagani haqidagi ma'lumot «maxfiy» ekani ma'lum qilindi

«UzAuto Motors» AJ va «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ xorijdan olib kelib sotayotgan avtomobillar uchun import boji va utilizatsiya yig‘imini to‘lamayotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqdagi ma'lumot jamoatchilikdan sir tutilmoqda.

Shevrole Ekvinoks. Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Oliy Majlisning bir guruh deputatlari shu masalada Davlat bojxona qo‘mitasi va Moliya vazirligiga deputatlik so‘rovi yuborgan edi. Ma'lum bo‘lishicha, Davlat bojxona qo‘mitasi so‘rovga javob yo‘llab, undagi ma'lumotlar «maxfiy» ekanini bildirgan.

Deputatlar bu javob bilan tanishishdan bosh tortishmoqda.

«Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan deputatlik so‘rovimizga yuborilgan javob maxfiy, ya'ni faqatgina tanishish uchun belgilangani va jamoatchilikka oshkor qilinishi yoki ma'lumotlardan foydalanish mumkin emasligi uchun tanishish huquqidan voz kechdik.

Ma'lumotlar maxfiyligi, hujjat bilan tanishmasdan ham, «UzAuto Motors» AJ va «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ tomonidan import qilinayotgan avtomobillarga milliardlab so‘mlik imtiyozlar berilayotgani borasidagi shubhalarimizni yana bir bor tasdiqladi. Shunday ekan, bilmayin ham, kuymayin ham dedik», – deb yozdi Doniyor G‘aniyev Telegram-kanalida.

Deputatlik so‘rovi mualliflaridan biri Rasul Kusherbayev ham bu holatga munosabat bildirdi.

«Boshqalardan farqli o‘laroq, deputat faoliyati ochiq bo‘lib, jamoatchilikni qiziqtirgan masalalar yuzasidan oshkora muloqotlar olib borishni burchimiz, deb bilganimiz sababli kelgusida bizni qandaydir «qo‘rqinchli sir»larni oshkor etib, «yo‘q obro‘si»ni tushirishda ayblamasliklarini xohladik. Shundog‘am, payt poylab turishibdi. Shu nuqtayi nazardan, qo‘limizga olish mumkin bo‘lmasa-da, faqat tanishib, keyin jim yurilishi kerak bo‘lgan maxfiy javob bilan tanishishdan bosh tortdik», – deb yozdi u Telegram-kanalida.

Deputatlik so‘rovi 23 oktabr kuni yuborilgan bo‘lib, bojxonachilar javobi 6 noyabrda olingan. Qonunchilikka ko‘ra, deputatlik so‘roviga u olingan kundan e'tiboran 10 kun muddat ichida javob berilishi kerak. Hozircha Moliya vazirligidan javob kelgan-kelmagani ma'lum emas.

«Ayrim monopolistlar manfaatlari uchun imtiyozlar yopiq va maxfiy holda taqdim etilishi mumkinmi?» – deya munosabat bildirdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Ushbu iqtisodchining hisob-kitoblari «UzAuto Motors» AJga xorijdan avtomobil import qilishda eksklyuziv ravishda boj to‘lamaslik huquqi berilganiga ishora qilmoqda.

«UzAuto Motors» shu yil boshidan to‘rtta krossover importini boshlagan. Tahoe va Traverse AQShdan, Trailblazer Tailanddan, Equinox esa Xitoydan olib kelib sotilmoqda.

«O‘zavtosanoat» tarkibidagi boshqa bir korxona – «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ esa shu yil iyuldan Volkswagen Caddy avtomashinalarini, oktabr oyidan esa Škoda Kodiaq avtomashinalari sotuvini boshladi.

Mavzuga oid