Iqtisodiyot | 14:49 / 09.03.2020
10927
9 daqiqa o‘qiladi

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga qanday o‘tiladi?

2021 yil 1 yanvardan boshlab banklar va yirik soliq to‘lovchilarda buxgalteriya hisobi MHXS asosida yuritiladi.

«Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori 2020 yil fevral oyida rasmiy matbuotda nashr etilgandi.

Unga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sug‘urta tashkilotlari va yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar 2021 yil 1 yanvardan boshlab, buxgalteriya hisobi yuritilishini Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida tashkil etadi va 2021 yil yakunlaridan boshlab, moliyaviy hisobotni MHXS asosida tayyorlashga o‘tadi.

Qarorda asosiy maqsad - xorijiy investorlarni zarur axborot muhiti bilan ta'minlash va xalqaro moliya bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, deb belgilangan.

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) nima uchun kerak va ular nimalardan iborat?

Investorlar va boshqa moliyaviy axborotdan foydalanuvchilar (masalan, davlat organlari, kasaba uyushmalari, biznes-sheriklar va h.k.) o‘zlarini qiziqtirgan tashkilot haqidagi ma'lumotdan manfaatdor bo‘ladi. Bu manfaat esa ularning iqtisodiy, investitsion va huquqiy qaror chiqarishlari zaruratidan kelib chiqadi.

Misol uchun, ular aksiyador kiritgan mablag‘lari qanchalik foyda keltirishi, biznes mulki qanchalik o‘sgani, qarzdorlik holati qanday ahvoldaligi kabi savollar bilan qiziqishlari tabiiy. Undan tashqari, salohiyatli investor biror biznesga mablag‘ kiritish yoki kiritmaslik haqidagi qarorini yaxshilab baholashga urinadi, bunda u tashkilotni ish yuritayotgan tarmoqdagi boshqa shirkatlar bilan solishtirib ko‘rishiga to‘g‘ri keladi. Buning uchun mazkur tashkilotning iqtisodiy, mulkiy va moliyaviy holati va o‘tgan davr faoliyati natijalari haqidagi raqamli va tushuntirish matnlaridan iborat hisobotga zarurat tug‘iladi. Aynan shu zaruratni ta'minlash maqsadida, markazi Londonda joylashgan Moliyaviy hisobotlar xalqaro standartlar kengashi ushbu hisobot andozalarini ishlab chiqqan.  

Hisobot standartlari moliyaviy ma'lumotlarga oid axborotni qanday mezonlarga ko‘ra tan olish, ularni baholash, tasniflash, ifodalash haqidagi qoidalarni o‘z ichiga oladi. Ularning ba'zilarini aytib o‘tamiz: MHXS (IAS) 1 «Moliyaviy hisobot ko‘rinishlari», MHXS (IAS) 2 «Zaxiralar», MHXS (IAS) 16 «Asosiy vositalar», MHXS (IFRS) 15 «Xaridorlar shartnomalaridan olingan savdo tushumlari», MHXS (IFRS) 16 «Ijara», MHXS (IAS) 41 «Qishloq xo‘jaligi», MHXS (IFRS) 9 «Moliyaviy instrumentlar» va boshqalar.

Standartlarning to‘liq matnlari va ularning rasmiy talqinlari Kengash saytida e'lon qilib boriladi. Ushbu saytda standartlarning jahonning deyarli barcha tillaridagi tarjimalari bor, jumladan, ba'zi standartlarning o‘zbek tilidagi tarjimasini ham topish mumkin.

MHXS O‘zbekistondagi an'anaviy buxgalteriya hisoboti qoidalaridan nimasi bilan farq qiladi?

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, bozor iqtisodiyoti tomon harakatiga tushdi. Bu jarayonda sovetlarning buxgalteriya uslublaridan voz kechildi va moliyaviy hisobotlar jahonda qabul qilingan tamoyillarga o‘ta boshladi. Jumladan, qonun bilan quvvatlangan turli milliy buxgalteriya standartlari ishlab chiqildi, buxgalterlar uyushmalari qoshida xalqaro buxgalteriya amaliyotlarini o‘rgatish va buxgalterlarni sertifikatlash tizimlari shakllandi. O‘zbekistonda yuritilgan qonunchilik, ta'lim va malaka oshirish amaliyotlarining yakuni MHXS bilan to‘la uyg‘unlashuvga olib kelishi kutilgan edi.

Biroq MHXSga o‘tish jarayoni cho‘zilib ketdi. Chunki 2016 yilga qadar O‘zbekiston rahbariyatining jahon iqtisodidan yopiq holda qolishga moyilligi bor edi. Davlatning milliy iqtisoddagi o‘rni mulkdorlar sinfiga nisbatan kattaroq bo‘lgan sharoitda moliyaviy axborotdan foydalanuvchi taraf hukumat tashkilotlari, ayniqsa soliqqa tortish organlari bo‘lib qoladi. Natijada buxgalterlik hisoboti tizimlari soliq hisobotlarini shakllantirishga qaratiladi va tashqi investor va ichki mulkdorlarning axborotga bo‘lgan manfaatlari keyingi darajaga tushib ketadi.

Soliqchi bilan investorni moliyaviy hisobotda qiziqtiradigan narsalar bir xil emas. Masalan, soliqchini hisobotda tashkilotning daromadi ko‘proq aks ettirilishi va undan qancha ko‘p soliq chiqarish mumkinligi qiziqtiradi. Shu sababdan ham soliqchilik yo‘riqnomalariga ko‘ra korxonalarning ba'zi xarajatlari sof daromadni kamaytirishga ruxsat bermaydi yoki asosiy vositalar eskirishi normalarini qat'iy chegaralarda belgilab beradi, ya'ni eskirish xarajatlarni ozroq qilib yozishga undaydi.

Investorni qiziqtiradigan esa asosiy narsa tashkilotning real sof daromadi va aktivlarning haqqoniy qiymatidir. Chunki investorni budjetga ko‘proq soliq undirish emas, balki tashkilot qanchalik samarali faoliyat yuritayotgani qiziqtiradi. Shuning uchun investor hisobotda aktivlarni haqqoniy qiymatda, majburiyatlar va xarajatlarni to‘laligicha, shuningdek daromadlar oshirilmay ko‘rsatilishini talab qiladi.

Moliyaviy axborotdan ko‘zlanadigan maqsadlar davlat va mulkdorlarda o‘zaro muvofiq bo‘lmasligi jahonning barcha mamlakatlarda uchraydigan holat. Natijada buxgalteriya hisobi ikki xil qoida asosida yuritiladi: biri soliq hisobi, ikkinchi moliyaviy. Bunda gap ikki xil, «oq» va «qora» hisob haqida ketmayapti. MHXSga ko‘ra, daromad solig‘i uchun hisoblangan sof foyda bilan moliyaviy axborot uchun hisoblangan biznes foydasi o‘rtasidagi farq foydalanuvchilarga ochiq taqdim qilinishi va tushuntirilishi lozim, shuningdek ehtimoliy qo‘shimcha soliq va jarimalarga tortishdagi barcha jiddiy xatarlar ham hisobotda aks ettirilishi lozim.

MHXSga o‘tish muammolari

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro investitsiya bozorlariga chiqish, shuningdek jahondan sarmoyalar jalb qilishni tezlatish va jadallashtirish yo‘liga o‘tgan. Shu sababdan ham MHXSga o‘tish uchun bir-ikki yillik chora-tadbirlar mutasaddilarga yuklatildi. O‘ylaymizki, mazkur jarayon qisqa muddat ichida oson kechmaydi, lekin bundan buyon qarorni ortiqcha paysalga solib ham bo‘lmaydi.

Mutaxasislar va o‘quv qo‘llanmalari yetishmovchiligi muammosi mavjudligi haqidagi bahslar kuzatilyapti, lekin vaziyat tahlil qilinganda bu maydon butkul bo‘m-bo‘sh emasligini ko‘ramiz. Buxgalterlar, auditorlar professional uyushmalarining xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda, shuningdek Moliya vazirligi nazorati ostida o‘tkazgan o‘quv loyihalari va buxgalterlarni sertifikatlash tizimlari O‘zbekistonda 90-yillarning o‘rtalaridan buyon davom etib kelgan edi. Shuningdek, 2000-yillar boshidan audit va konsalting xalqaro shirkatlari bo‘lmish «katta to‘rtlik» (PwC, Ernst & Young, Deloitte, KPMG) MHXS va Auditning Xalqaro andozalari talablariga binoan O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelmoqda.

Prezident qarori ijtimoiy tarmoqlardagi buxgalterlar guruhlarida turli norozilik va nolishlarni keltirib chiqardi. Buni tushunish mumkin: yangi bilim o‘zlashtirish, yangicha ishlashga o‘tish ma'lum mashaqqatni talab qiladi. Ammo iqtisodiy reallik shuki, buxgalterning ishlash tarzini moliyaviy axborot foydalanuvchilari, ya'ni investor manfaatlari belgilaydi, teskarisi emas. Afsuski, ko‘pgina katta va kichik tashkilotlarda rahbarlar va mulkdorlar tushunmaydigan va ularga kerak bo‘lmaydigan hisob ishlari bilan buxgalterlar o‘ralashib yuradilar va ularni eng ko‘p qo‘rqitadigan narsa – soliq tekshiruvlari. Endilikda esa yangi kuzatuvchi paydo bo‘lyapti, bu – investor.

Eskicha ishlashga o‘rganib qolgan buxgalterlar MHXS prinsiplarini tushunarsizlik va o‘ta mavhumlikda ayblashlarini kuzatish mumkin. Buning asosiy sabablaridan biri shuki, yangi qoidalar bosh buxgalterni o‘zi ishlab turgan tashkilot biznesini iqtisodchi va moliyachi tarzida tushunishga majburlaydi. Bundan buyon buxgalterlar orasida yoyilgan «ekonomist emas»lik «sharafi»i professional g‘ururga sabab bo‘lmay qoladi.

So‘zimiz yakunida MHXSning yana bir ahamiyatli xususiyatini aytib o‘tamiz, bu andozalar korxona rahbarlarini moliyaviy hisobot va shuningdek buxgalteriya hisoboti bilan ko‘proq qiziqishga undaydi, zero MHXS talablariga binoan hisoblangan ko‘rsatkichlar rahbarlarning mukofot to‘lovlarini yoki ularni rahbarlikda qoldirish-qoldirmaslik qarorlarini belgilaydi.

Prezidentning mazkur qarorini buxgalterlar hamjamiyati uchun og‘riqli bo‘lsada, O‘zbekiston jamiyatining rivoji uchun o‘ta zaruriy chora deb hisoblayman.

Jamshid Muslimov

Mavzuga oid