Iqtisodiyot | 22:24 / 02.08.2025
13656
13 daqiqa o‘qiladi

AI-80 narxi, undan voz kechish va prisadkali AI-92 - Raqobat qo‘mitasi izohlari

AI-80 benziniga birjadagi spred talabi bekor qilingach, narx 1,5 oyda 16 foizga oshib ketdi. Yoqilg‘ining bu turidan voz kechish prisadkali 92 ga o‘tish bilan amalga oshirilishi ehtimoli sifat borasida savollar uyg‘otmoqda. Bu borada Raqobat qo‘mitasi qanday pozitsiyada? Kun.uz studiyasida qo‘mita boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Davletov va iqtisodchi Otabek Bakirov ishtirokida qizg‘in suhbat bo‘lib o‘tdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kun.uz studiyasida Raqobat qo‘mitasi vakillari hamda iqtisodchi Otabek Bakirov ishtirokida iste’molchi huquqlariga doir muhim masalalar jonli efirda muhokama qilindi. Mavzulardan biri – AI-80 benzini narxi bo‘ldi.

O‘tgan yili noyabrda Raqobat qo‘mitasi tomonidan birjada AI-80 benziniga boshlang‘ich narxdan 5 foizlik spred kiritilgan edi. Bu cheklov 10 iyundan boshlab bekor qilingach, birja savdolarida bu mahsulot narxi keskin osha boshladi. Xususan, 31 iyul kungi savdolarda o‘rtacha narx 10 mln 937 ming so‘mgacha chiqdi. Bu – spred amal qilgan so‘nggi kun 9 iyundagi o‘rtacha narx (9 mln 459 ming so‘m)dan 15,6 foizga yuqori.

“Spred amal qilgan vaqtda yashirin iqtisodiyot kuchaygan”

Raqobat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Davletov bu qimmatlashishga izoh berarkan, birjadagi oshishga qaramay, chakana narxlarda o‘zgarish bo‘lmayotganini aytdi. Spredning olib tashlanishini esa u yashirin iqtisodiyotni keltirib chiqarayotgani bilan izohladi.

“Birjada 15 foizga oshgani bilan, chakana narx o‘zgarmayapti. Spred narxni olib tashlashimizning asosiy sababi, 80 benzinga mavsumiy tebranish bor. Qish kelib, metan zapravkalarda taqchillik boshlanib, yopilishidan keyin 80 ga talab oshadi. Hamma 80 ga o‘tib ketganidan keyin 80 ning narxi ham oshishni boshlar edi. Shu talabni qondirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanib, qo‘shimcha hajmlarni birjaga qo‘ydirar edik. Yoz kelishi bilan, qishda ishlatib qo‘ygan hajmlarimizni, ba’zi bir joylardagi imkoniyatlarimizni joyiga qo‘yamiz. Dinamikani kuzatgan bo‘lsangiz, har yili qishda narx tebranishi paydo bo‘ladi, yozga kelgan payt 80 narxi o‘zgarishsiz turadi.

Bundan oldin ham har yili spred qo‘yib kelganmiz. Aprel, mayga kelganda spredni olib tashlar edik. Hech qanaqa [chakana] narxga ta’siri bo‘lmas edi. Bu yil iyun oyida olib tashlagan bo‘lsak, hozirgacha birjada 15 foizgacha narx o‘sishi bo‘lyapti, lekin chakana narxda o‘sish kuzatilmayapti.

Buning asosiy sababi bitta. Xabaringiz bormi-yo‘qmi, zapravkalarda o‘zining xarajati bor, shu sabab agar 80 benzinning narxi haddan tashqari oshib ketsa, uni sotolmay qoladi. Biz 5 foiz spred qo‘ygan paytimiz, yashiradigan ma’lumot emas, har xil yashirin iqtisodiyot kuchayib ketdi. Masalan, brokerlar yoki boshqa, birjadagi o‘yinlar ko‘p muhokama bo‘ldi. O‘sha zapravkachining qiladigan xarajati ko‘chaga ketib qoldi. Qo‘pol qilib aytganda, har bitta lotiga 100-200 dollar beradigan joyi bor edi. O‘shaning hisobidan, masalan, birjada narx 9 mln so‘m bo‘lgan taqdirda, benzinning koeffitsiyenti 1,3 ekanidan kelib chiqsak, chakana narxi 6500, 7000 so‘mgacha chiqardi. Ko‘chada beradigan pulining hisobiga u narx 8000-8500 so‘mga borardi. Hozir esa spredni olib tashlaganimizdan keyin ochiq savdo bo‘lyapti, naqd beradigan joylari bu tomonga o‘tib qoldi. Bu bilan shaffof mexanizmni ta’minladik”, – dedi u.

“Antimonopol choralar ishlashi kerak” – Otabek Bakirov

Iqtisodchi Otabek Bakirov Davletovning spred narxlar olib tashlangani ortidan chakana narxlar oshmayotgani va yashirin iqtisodiyotga barham berilgani haqidagi gaplariga qo‘shilmaydi.

Uning fikricha, spred narxlarning olib tashlangani bozorda “monopolistning marjasini oshirib bergan”.

“Chakana narxlar oshmayapti degan fikringizga men qo‘shilmayman, chakana narxlar oshyapti, ha, sekinroq darajada oshyapti. AYoQShlarda eski narxlarda olingan zaxiralar mavjudligining ta’siri hali saqlanib turibdi, buni ham inobatga olish kerak.

Va men hozir sizning chiqishingizda qanaqadir vaj ko‘ryapman. “Biz shu status-kvoni saqlashimiz kerak, spred yoki qanaqadir ma’muriy ta’sir choralarni qo‘llamasligimiz kerak” degan ohang sezilyapti. Vaholanki, ko‘rib turibsiz, spredni bekor qilganinglar bilan taklif oshib qolayotgani yo‘q. Go‘yoki sovet ittifoqida O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi birinchi sekretari imzolagan protokol singari, bozorga har kuni bir xio – 1 650 tonna hajm chiqadi. Roppa-rosa 1650 tonna. 20 tonnadan oshib ham qolgani yo‘q, 50 tonnadan kamayib ham qolgani yo‘q. Bu nimadan dalolat beradi?

Hozir siz iste’molchilar haqini himoya qilish o‘rniga, oxir-oqibatda korrupsion cho‘ntaklarga tushayotgan daromadlarni oqlab beryapsiz”, – dedi Bakirov.

Iqtisodchi AI-80 bilan bog‘liq vaziyat muqobil yoqilg‘ilar: metan va propan tanqisligi yuz bermayotgan vaqtda ro‘y berayotganini tashvish bilan qayd etdi. U bunday holatda Raqobat qo‘mitasi ma’muriy choralar ko‘rishi kerakligini aytmoqda.

“O‘zbekistonda iste’molchi – huquqsiz, tanlovsiz bir toifa. Hozirdan agar shunday bo‘layotgan bo‘lsa, oktyabrda nima bo‘ladi degan tashvish bor. Shuncha yillardan beri yoqilg‘i bozorida raqobat paydo bo‘lgani yo‘q. Importchilar, import kanallariga nisbatan juda ulkan ma’muriy to‘siqlar bor. O‘sha monopolist va oligarxiya bozorni nazorat qilyapti. Sizlar qo‘llayotgan choralar bozor yaratish bo‘yicha ish bermayaptimi, demak, ma’muriy choralarga o‘tish kerak. Antimonopol choralar ishlashi kerak.

O‘zingiz ham juda yaxshi bilasizki, ulgurji narxlardagi o‘sish albatta chakana narxlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi”, – dedi u.

Raqobat qo‘mitasi: “Agar ertaga narx oshib ketadigan bo‘lsa, spredni qaytarish – yagona yechim”

Ulug‘bek Davletovga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi AI-80 benzinining AYoQShlardagi narxi oshgan taqdirda, spredni qaytarishi mumkin. Ammo mutasaddi bu borada ildiz muammolarga e’tibor qaratish kerakligiga ishora qildi.

“Asosiy muammo – hajm yetishmayotgani, demak, hajmni oshirish masalasini ko‘rib chiqishimiz kerak. Yagona yechim bu spred emas”, – dedi u.

Davletovning aytishicha, ma’muriy choralar ko‘rilishi borasida hukumat, Energetika vazirligiga takliflar kiritilgan, javob kutilyapti. Agar voqealar rivoji qo‘mita istaganidek kechmasa, yana spred qo‘llashga majbur bo‘linadi.

“Bozorni [qancha benzin] hajmi bilan ta’minlash qo‘mitaning vakolatidagi masala emas. Uning tegishli vazirliklari bor. Qo‘mita raqobat muhitini ta’minlab berishga mas’ul”, – dedi rasmiy.

Bakirov bunga javoban neft bozorida ancha yillardan beri raqobat ta’minlanmayotgani, buni AI-92 benzini misolida ham ko‘rish mumkinligiga to‘xtaldi.

“Nima sababdan 92 aynan O‘zbekiston darajasidagi davlatlardan ko‘ra qimmat? Oddiy savol, mana. Bo‘pti, xo‘p, 80 ishlab chiqarilmas ekan, biror bir davlatda, dunyo bo‘yicha 80 ishlatadigan Afg‘oniston bilan O‘zbekiston qolibdi. Energetiklarimiz shunchalik tub darajaga olib kelib qo‘yibdi. Lekin nega 92, 95 qo‘shni davlatlardan ko‘ra qimmat? Nima sababdan deyarli AQShdagi narx bilan bab-baravar?

Uzoqqa bormayman, Qirg‘izistonni misol keltiraman. Nima sababdan Qirg‘izistonda 92, 95 benzin O‘zbekistondagidan 10-12 foizga arzon? Ular ham to‘liq importga bog‘liq. Bizdan farqli, ravishda ulardagi narxlar har kuni e’lon qilib boriladi. Iste’molchilar tarafida bo‘lmagan chinovniklardan farqlari shundaki, ular narxlarni hududlar, regionlar qirqimida har kuni e’lon qiladi. Buni ko‘rib turishingiz mumkin, Statkom.kg'ning kundalik baholari degan bo‘limida turibdi”, – dedi Bakirov.

Ulug‘bek Davletov spredlar narxlar hozirgi vaziyatda baribir yagona yechim bo‘lib turganini qayd etdi.

“Agar ertaga narx oshib ketadigan bo‘lsa, spredni qaytarish – yagona yechim. Lekin hammaning xabari bor, strategiyamizda ham inobatga olib ketilgan, davlatimiz rahbari tomonidan berilgan vazifalarda bosqichma-bosqich 80 dan voz kechiladi. 80 dan voz kechib, 92 ga o‘tib, aniq topshiriq berilgan. 92 ning narxini ham maqbullashtirish vazifasi berilgan. Hozir, masalan, 80 dan 92 ga o‘tgandan keyin ham shu narxlar saqlab qolinadi degan masala bo‘lmasligi kerak” , – dedi u.

“Masalaning sifat tarafi ham bor, sonini qo‘ya turaylik” – Otabek Bakirov

Avvalroq Kun.uz yozganidek, “O‘zbekneftgaz” AI-80 benzinini ishlab chiqarishni shu yil sentabrdan to‘xtatishni reja qilgan. Yil oxirigacha omborlardagi zaxiralar ham tugashi bilan, O‘zbekiston AI-80 benzinidan voz kechadi.

Kun.uz ixtiyoridagi hujjatga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida AI-80ni to‘xtatishdan oldin Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda AI-92 benzinini ko‘paytirish va tannarxni tushirish uchun prisadkali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Otabek Bakirov prisadkali AI-92ning sifatini savol ostiga oldi.

“Masalaning ikkinchi tarafi, qanaqa 92 ni taklif qilishmoqchi? Xuddi o‘sha 80, lekin prisadkali 92 ni taklif qilishmoqchi bo‘lyapti-ku. Masalaning hajmdan tashqari, sifat tarafi ham bor”, – dedi u.

Ulug‘bek Davletovga ko‘ra, bitta prisadka qo‘shgan bilan sifat yaxshi bo‘lib qolmaydi. Bu borada xorij kompaniyalari bilan modernizatsiya ishlari olib borilyapti.

“Yaqinda muhokamasi bo‘ldi, ishchi guruh tashkil qilingan. O‘sha hamma vazirlik, idoralar: Energetika vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi [qatnashgan]. Bu siz aytgandek, bugungi kunda 80 ni shunday olib, prisadka qo‘shib 92 qilish – Yevro-3 dan Yevro-4 ga o‘tish bilan barobar bo‘lib qolmaydi. Oktani oshgan bilan ham sifat Yevro-3 ligicha qolib ketaveradi.

Benzinning asosiy hajmi bizda Buxoro neftni qayta ishlash zavodidan chiqadi. Mahalliy benzinning asosiy ishlab chiqaruvchisi – Buxoro neftni qayta ishlash zavodi. Ishchi guruh uchrashuvida Energetika vazirligi bergan ma’lumotga qaraganda, hozir Fransiyaning, Koreyaning kompaniyalari bilan birgalikda modernizatsiya ishlarini qilishyapti: 92 ni prisadka bilan emas, o‘sha to‘laqonli Yevro-3 dan Yevro-4, Yevro-5 ga o‘tish masalasi bo‘yicha modernizatsiya ishlarini boshlashgan”, – dedi rasmiy.

Davletovga ko‘ra, 92+ markasi ostida prisadkali benzin ishlab chiqarishga Raqobat qo‘mitasi e’tiroz bildirgan.

“Bular shu masalani qo‘yishgandi. Biz iste’molchilar huquqi nuqtayi nazaridan berilgan o‘sha loyihalarga e’tiroz bildirganimiz uchun, hozir to‘laqonli Yevro-4 dan Yevro-5 ga, ya’ni to‘laqonli 92 ga o‘tish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Bunda, 92 benzin ishlab chiqarishda o‘sha 80 benzinni ishlab chiqarishda foydalanib kelingan xomayoshdan ham foydalanish orqali tannarxni pasaytirish masalasi ham ko‘rib chiqilyapti.

To‘g‘ri, ertaga yaxshi bo‘lib ketadi, narx tushib ketadi degan va’dani hech kim bera olmaydi. Maksimum hozir harakat qilinyapti, o‘sha 80 dan 92 ga o‘tishga, o‘sha narxlarni birdaniga oshish emas, 92 ni narxini tushirish orqali o‘tish masalasi ko‘rib chiqilyapti”, – dedi mutasaddi.

Raqobat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i energetika sohasi vakillariga tayanib aytishicha, Saneg tomonidan xususiylashtirilgan Farg‘ona NQIZda modernizatsiya ishlari 90 foizga bajarib bo‘lingan.

Suhbat davomida iste’molchi huquqlariga oid boshqa qator mavzular ham muhokama qilindi. To‘liq suhbatni shu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz

Mavzuga oid