O‘zbekiston | 22:58 / 21.11.2020
82769
10 daqiqa o‘qiladi

Energetika vaziri o‘rinbosari: “Svet” o‘chganda hududiy dispetcherni so‘kish to‘g‘ri emas, u yo‘q narsani bera olmaydi”

So‘nggi yillarda elektr energiyasi va gaz yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar andak jilovlangandek tuyulgandi. Ammo ushbu haftadagi sovuq kunlar masala naqadar jiddiyligini yana bir marta eslatib qo‘ygandek bo‘ldi. Kun.uz mavjud vaziyat va muammoning yechimlari haqida energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev bilan suhbat uyushtirdi.

Sherzod Xo‘jayev / Foto: KUN.UZ

– Sherzod Hikmatullayevich, siz bilan energetika muammolari haqida bir necha marta suhbatlashganmiz va har safar elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi muttasil ortib borayotganini ta'kidlagansiz. Lekin bugungi vaziyat butunlay boshqacha manzarani ko‘rsatmoqda.

– Suhbatimiz boshidanoq bir gapni aytib qo‘yay – ayni paytda men qanday axborot bermayin, o‘zimni va tizimni oqlashdek tuyuladi va buni to‘g‘ri tushunaman. Endi bevosita savolingizga kelsak, chindan ham ishlab chiqarish hajmi uzluksiz oshib bormoqda. Ammo shu bilan birga iste'mol ham ortib ketyapti va tan olishimiz kerak, biz bu o‘ziga xos poygada qisman ortda qolyapmiz. Bugungidek sovuq kunlarda bu ayniqsa sezilyapti.

Kuni kecha parlamentda bo‘lib o‘tgan budjetga oid yig‘ilishda ham bu to‘g‘risida ma'lumot berdim. Joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 5 foizga ortgan. Holbuki, bu yilgi belgilangan davrning katta qismi karantin vaqtiga, ya'ni ko‘p joylar ishlamagan paytlarga to‘g‘ri keldi. Shu kunlardagi iste'mol o‘tgan yilning mos davridan 10 foiz yuqori va shunda ham ko‘p xonadonlarning elektr ta'minoti cheklanmoqda.

– Iste'mol ortib borishi tushunarli, aholi soni ko‘paymoqda, ishlab chiqarish ortmoqda. O‘zingiz aytganday, bu o‘ziga xos poygada ortda qolmaslik uchun nimalar qilinyapti?

– Iste'mol ortishini hisobga olib, oldimizga bir qator vazifalarni belgilab olganmiz. Xususan, investitsiya loyihalari doirasida yil yakuniga qadar jami 1250 megavatt yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi.

Bugungi kunda shundan 878 megavattli energobloklar foydalanishga topshirildi.

Jumladan, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida 450 megavattli ikkinchi, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida 280 megavattli birinchi bug‘-gaz qurilmalari hamda 73 megavattli gidroelektr stansiya agregatlari tizimga ulandi.

Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida oltinchi energoblokning quvvati 75 megavattga oshirildi.

Qolgan 372 megavattga teng quvvatlar yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida birinchi 280 megavattli bug‘-gaz qurilmasi, Farg‘ona issiqlik elektr markazida 17 megavattli gaz turbina qurilmasi, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida beshinchi energoblokning modernizatsiya ishlarini yakunlash natijasida quvvati 75 megavattga oshiriladi.

Hozirda Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasida 800 megavattli hamda Angren issiqlik elektr stansiyasida 150 megavattli energobloklarda joriy ta'mir ishlari bajarilmoqda. Ta'mir ishlari noyabr oyida yakunlanadi va dekabr oyida qurilmalar ishga tushiriladi.

– Kun.uz saytining murojaat telefoniga bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlarning 80 foizdan ortig‘i aynan elektr energiyasi va gaz yetkazilmayotgani bo‘yicha bo‘lmoqda. Energetika vazirligi bunday murojaatlarni o‘rganyaptimi, zarur choralarni ko‘ryaptimi?

– Biz ham shu yurtning farzandimiz, hamma gaplardan xabardormiz, nahotki bunday murojaatlardan bexabar bo‘lsak? Gap shundaki, bir necha yillar oldin vaziyat bundan-da og‘ir bo‘lgan, lekin odamlarda hozirgidek murojaat qilishning keng imkoniyatlari bo‘lmagan. Ya'ni murojaatlarning ko‘pligi muammoning keskin ko‘payganini anglatmaydi, iste'molchilarning bu boradagi huquqiy ongi o‘sayotganidan dalolat. Bu javobim ham yetishmovchiliklarni oqlamaydi, shunchaki mavjud vaziyatni tushuntiryapman. Ko‘pchilik bizni kabinetdan chiqmaslikda, mavjud vaziyatni bilmaslikda ayblaydi. Holbuki asosiy vaqtimiz joylarda, ishlab chiqarish obektlarida o‘tadi.  

Elektr energiyasi shunday mahsulotki, uni saqlab bo‘lmaydi. Ishlab chiqarildimi, darhol iste'mol qilinishi kerak. Ya'ni biz uni qayerdadir yashirib saqlab qo‘ya olmaymiz. Jaydari til bilan aytganda, “svet” o‘chganda ko‘pchilik hududiy elektr tarmoqlari operatorini so‘kadi. Ammo ularda ayb yo‘q, aslida yo‘q narsani ular topib bera olishmaydi. Sovuq kunlarda iste'mol karrasiga oshadi, bizning aksariyat uylarimiz, binolarimizda isitish qoloq darajada. Hamma elektr isitkichlarni yoqadi, yuklama keskin ortadi. Bu esa tizimning dosh bera olmasligiga olib keladi.

– Energiya importi bo‘yicha vaziyat qanday? Turkmaniston bizga elektr energiyasi uzatishni to‘xtatgani to‘g‘rimi?

Import amaliyoti hukumatlararo kelishuvlarga muvofiq imzolangan shartnoma shartlariga ko‘ra barqaror amalga oshirilmoqda. Shartnoma bekor qilinishi oqibatida import amaliyoti to‘xtatilsa, bu haqda ommaviy axborot vositalariga ma'lum qilinadi. Texnik nosozliklar bo‘yicha import vaqtincha to‘xtatilgan yoki aksincha, nosozliklar bartaraf etilib, import amaliyoti tiklangan holatlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali bu haqda bayonot berib borilmoqda.

– “Svet bo‘lmaganiga yarasha gaz berib turishsa edi” degan e'tiroz ham juda ko‘p.

– To‘liq xabardorman, vazirligimizning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri shu masala. Gaz qazib olish hajmi so‘nggi yillarda muttasil kamayib borgan. O‘tgan yili, bu yildan boshlab biz ana shu tendensiyani to‘xtatishga erishdik. Bu faqat boshlanishi, endi tizimni modernizatsiyalash, yangi konlar ochishga e'tibor qaratilmoqda.

Gaz yetkazib berish muammolariga kelsak, bizdagidek (ya'ni sobiq ittifoqning aksariyat davlatlaridek) gaz yetkazib berish tizimi dunyoda yo‘q, bu samarasiz tizim, yo‘qotishlar haddan tashqari ko‘p.

Birinchi navbatda shuni ta'kidlash joizki, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun tabiiy gazdan foydalanish bo‘yicha mavsumiy cheklovlar kiritilyapti va bu hech qanaqasiga mamlakatda tabiiy gaz qazib olish hajmi bilan umuman bog‘liq emas.

Kuz-qish mavsumida iste'mol oshib ketishi natijasida birinchi navbatda gaz bilan ta'minlash lozim bo‘lgan iste'molchilar – aholi va ijtimoiy soha obektlari, ya'ni shifoxonalar, maktabgacha ta'lim muassasalari va umumiy o‘rta ta'lim maktablarining gaz ta'minotida uzilishlar yoki bosimning pasayib ketishi holatlari kuzatilmoqda. Zero har qanday mamlakat uchun aholisini issiqlik va gaz bilan ta'minlashdan ko‘ra muhimroq masala yo‘q. Cheklovlar sovuq tushishi bilan energiya resurslari iste'moli, ayniqsa sutkaning ma'lum bir “tig‘iz” paytlarida sezilarli ravishda ortishi sababli kiritilib, bu o‘z navbatida gaz quvurlari tizimi ekspluatatsiyasining texnologik rejimi to‘liq buzilishidan saqlaydi.

Xalqaro moliya institutlari bilan ko‘rilgan choralar to‘g‘risida alohida ta'kidlash joiz. 2025 yilgacha neft va gaz sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda tabiiy gazdan teng va kafolatli foydalanishni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ko‘rsatilgan. Iste'molchi, shu jumladan, tadbirkor tabiiy gaz yetkazib beruvchini tanlash huquqiga ega bo‘ladi. Bu esa iste'molchilar va yetkazib beruvchilar o‘rtasida bozor munosabatlari yaratilishini ta'minlaydi.

Foydalanilayotgan texnologiyalarni qayta ko‘rib chiqish, muqobil energiya va issiqlik manbalari, masalan, ko‘mir yoki ballonlardagi suyultirilgan gazdan foydalangan holda boshqacha sharoitlarda ishlash mexanizmini ishlab chiqishni talab etishi tayin, bu esa mamlakatimiz iqtisodiyotini izchil rivojlantirishning yagona yo‘li hisoblanadi.

– Ko‘p yillar davomida energiya taqchilligining asosiy sababi sifatida o‘g‘irliklar ko‘rsatildi va ASKUE tizimi yo‘lga qo‘yilishi bu muammoga yechim sifatida taqdim qilindi. Ammo ASKUE tizimi ham masalaning tugal yechimi emasligi ma'lum bo‘lmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 594-son qaroriga asosan elektr energiyasi iste'molchilariga joriy yil yakuniga qadar ASKUE tizimiga mos keluvchi hisoblagichlarni o‘rnatish ishlarini yakunlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kun holatiga ko‘ra, 4 695 830 ta yoki 63 foiz elektr energiyasi iste'molchilariga ushbu tizimga mos hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu o‘rnatilgan hisoblagichlarning 2 440 763 tasi yoki 52 foizi tizimga ulangan.

Joriy yil yakuniga qadar 2 722 674 iste'molchiga ASKUE tizimiga mos hisoblagichlar o‘rnatilishi talab etilib, 2021 yilning

1-choragiga qadar yangi o‘rnatilgan hisoblagichlar tizimga to‘liq ulanishi ta'minlanadi.

Shunga ko‘ra, hozirda ushbu tizimni joriy etish to‘liq yakunlanmagan bo‘lib, tizimning natijadorligi 2021 yilda o‘z samarasini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, rostini aytishimiz kerak, biz hanuzgacha qarzdor iste'molchilarni tarmoqdan ehtiyotkorlik bilan ajratyapmiz. Kunlik ko‘rsatkich qarzdorlarning 10 foizidan ham ortmayapti. To‘lovlarni o‘z vaqtida va masofadan turib amalga oshirishni xalqimizga o‘rgatish eng asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bundan tashqari, ushbu tizim orqali iste'molchilarning hisoblagichlariga tashqaridan aralashuvlar, noqonuniy foydalanish holatlarining oldi olinishiga erishiladi.

 Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid