O‘zbekiston | 12:30 / 05.05.2023
22816
3 daqiqa o‘qiladi

Emmanuel Makron O‘zbekistonga keladi

Makron O‘zbekistonga tashrif buyurgan Fransiyaning ikkinchi prezidenti bo‘lishi kutilmoqda. Yaqin istiqbolda O‘zbekistonga Vengriya va Singapur prezidentlari, Yaponiya bosh vaziri hamda Qatar amiri ham tashrif buyurishi mumkin.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2023 yilda O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda bugun, 5 may kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Hewshub.

“Fransiya prezidenti Makronning bu yil O‘zbekistonga amalga oshiradigan tashrifi amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi uchun ikki mamlakat hukumatlarining sa’y-harakatlari talab etiladi”, – degan Qudratov savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Fransiya hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishida.

Tashrif amalga oshsa, Makron O‘zbekistonga kelgan Fransiyaning ikkinchi prezidenti bo‘ladi. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 1993 yilda Yevropa bo‘ylab GFR, Niderlandiya, Fransiya va Buyuk Britaniyaga safar qilgan, bunga javoban 1994 yilda Fransiyaning 21-prezidenti Fransua Mitteran Samarqandga tashrif buyurgandi.

Fransua Mitteran Samarqandda / Foto: Getty Images

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev 2018 yil oktyabr va 2022 yil noyabr oylarida ikki kunlik tashrif bilan Parijda bo‘lgan edi. O‘tgan yilgi tashrifda Mirziyoyev fransiyalik hamkasbini o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga borishga taklif qilgandi.

O‘zbekiston prezidenti Yevroittifoqqa a’zo davlatlar orasidan Germaniyaga ham ikki marta tashrif buyurgan. Shu hafta 3 may kuni Berlinda GFR kansleri Olaf Shols bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Shavkat Mirziyoyev uni ham O‘zbekistonga taklif qilgandi.

Wikipedia'dagi ma’lumotga ko‘ra, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tashrifi davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekistonga Vengriya prezidenti Katalin Novak, Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida, Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy, Singapur prezidenti Halima Yoqubning tashriflari rejada bor.

Prezident Shavkat Mirziyoyev esa 2023 yilda Bangladesh, Gruziya, Qirg‘iziston va Xitoyga davlat tashrifi bilan, Hindiston, Qozog‘iston va Italiyaga rasmiy tashrif bilan borishi mumkin.

Shuningdek, bir necha yillardan buyon tayyorlab kelinayotgan O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi yangi asosiy hujjat – Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitimni imzolash uchun Shavkat Mirziyoyev Bryusselga ham tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan. O‘tgan oyda bitim loyihasi yuzasidan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangani va parafinlangani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid