Navbatdagi «Andijoncha tajriba»: Marhamatda o‘qituvchilar ota-onalar qarshisida uzr so‘rashdi
Uzrbozlik marosimi vaqtida ota-onalar bunga e’tiroz bildirib, o‘qituvchilardan uzr so‘ragan, ammo tuman XTB tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbir shu ruhda davom ettirilgan.
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar o‘quv muassasada ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib uzr so‘rashgan. Kun.uz manbasi xabar qilishicha, bunga tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri va hokim yordamchisi mas’ul bo‘lgan.
Sayt tahririyatiga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, Marhamat tumani 72-IDUM o‘qituvchilari ota-onalar qarshisida kechirim so‘rashga majbur qilingan.
«Maktabimizda 4 fevral kuni tuman hokimligi vakillari bilan birgalikda ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda o‘quvchilarning ta’lim olishidagi bo‘shliqlar, oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari tanqid ostiga olinib, ustozlar ota-onalar oldida turg‘azib qo‘yildi», — deydi shaxsini oshkor etmaslikni so‘ragan guvohlardan biri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, direktor boshchiligida o‘qituvchilar hokimlik vakillari topshirig‘iga binoan «biz aybdormiz», deb ota-onalardan kechirim so‘rashgan.
«Tuman hokimi uchun shunday negativ kerak ekan. Yig‘ilish ssenariysi mualliflari — XTB mudirasi va hokim yordamchisi uzrbozlikka bosh-qosh bo‘ldi.
Ustozlarning «ayb»lari ayovsiz ochib tashlanayotganida ayrim hamiyatli ota-onalar so‘zga chiqib, ustozlardan uzr so‘rashdi. «Sizlarning o‘rningizda biz bo‘lishimiz kerak», deyishdi», — deya hikoya qiladi tadbirda ishtirok etgan Kun.uz manbasi.
Uning bildirishicha, ota-onalarning chiqishidan keyin ham mas’ullarning harakatlarida o‘zgarish bo‘lmagan, ular tadbir tusi va ritorikasini o‘zgartirishga harakat qilishmagan, po‘pisa qilishda davom etishgan.
«Ustozlarning mehnatlari inobatga olinmadi, ularni ruhan sindirishdi. Yosh ustozlar ochiq-oshkora «o‘qituvchilik kasbini tanlaganimdan ming afsusdaman», deyishmoqda. Ancha yil ishlab tajriba orttirgan ustozlarning ham boshi xam. Maktabni tashlay desa boshqa hunari yo‘q. Bu yoqda bola o‘qitish, uylash-joylash tashvishi», — deydi uzrxohlik tadbirida ishtirok etgan ustozlardan biri.
Bunday «uzr so‘rash» marosimi o‘qituvchilar va ota-onalar tomonidan keskin tanqidga uchragach, boshqa maktablarda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda direktorlar o‘z xodimlarini sahnaga chiqarishmagan. Shu bilan birga shu kabi yig‘ilishlar Marhamat tumanidagi 9-, 27-, 43-maktablarda ham o‘tkazilgan.
Andijon davlat universiteti tayanch doktoranti Sharofiddin Hoshimjonov bo‘lib o‘tgan voqea haqida fikrlarini bildirdi.
«O‘qituvchilarning 85 foizi chalasavod emas. 50 foizi shunaqa, 50 foizi faqat kun maddohlarniki ekanini bilib, qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urgan. Bu yoqda talab katta, muammolar esa tizimli. Sinflarda o‘quvchilar soni 25 nafardan oshmasligi kerak, lekin hozir kamida 30 nafardan.
Qo‘shimcha maktablar kerak, sinflar ochilishi kerak, darslar ikki smenada o‘tilmasligi kerak. Bir kunda 6 soat darsi bor o‘qituvchi tugaydi. O‘sha maqtalayotgan chet elda ham kuniga ikki soat, nari borsa uch soat dars o‘tishadi. Qo‘shimcha ishlarga jalb etilmaydi. Xullas, doim xalq aybdor bo‘lgani kabi, tizimda ham rahbarlar emas, o‘qituvchilar aybdor bo‘lib qolmoqda.
Maktab o‘qituvchilari uzr so‘rashi kerak, qachonki maktablarda haqiqiy jamoatchilik kengashlari faoliyat yuritib, fanlar bo‘yicha o‘quvchilarning bilim darajasi indeksatsiya qilinsa. Endi hamma tumanlardan kutar ekanmiz», — degan doktorant.
Tumandagi o‘qituvchilarning bir nechasi bunday yig‘ilishlar chindan ham o‘tkazilganini tasdiqladi. Ularning hikoya qilishicha, majlislarga tuman hokimi tashrifi haqida ham ogohlantirishgan. Norozilikdan so‘ng ayrim maktablarda yig‘ilish noma’lum muddatga qoldirilgan.
Qayd etish kerakki, so‘nggi kunlarda Andijon viloyatida ta’lim tizimidagi qator shubhali topshiriqlar jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Avvalroq, Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar tunda o‘tkazilayotgan «Gulxan atrofida» tadbirlariga majbur etilayotgani va uyushmagan yoshlar uchun, deya atalayotgan tadbirlarda maktab o‘quvchilari o‘z raqslari bilan ko‘rinish bergani haqida xabar berilgan edi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkamilov esa tadbirlardan rasm va videotasvirlar tarqatgan o‘qituvchilarni «gap tashish» va «g‘iybatchilik qilish»da ayblagan.
Mavzuga oid
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
11:43 / 20.11.2024
2025 yilda 252 ta yangi bog‘cha barpo etiladi
15:13 / 18.11.2024
O‘zbekiston va Qozog‘iston ta’limda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishni muhokama qilyapti
20:17 / 05.11.2024