O‘zbekiston | 19:47 / 08.07.2020
40399
5 daqiqa o‘qiladi

«Kasallik belgisini sezsangiz, darhol shifokorga murojaat qiling» – Prezident o‘zbekistonliklarni yana bir bor ogohlikka chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

— Prezident o‘z nutqida o‘zbekistonliklarga murojaat qildi.

Barchamiz guvohi bo‘lib turibmiz, afsuski, butun dunyoda koronavirus pandemiyasi davom etmoqda. Dunyoning qator mamlakatlarida kasallikning ikkinchi to‘lqini boshlanayotgani barchamizda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Bugungi holat shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu infeksiyaga qarshi kurashda qandaydir «sehrli retseptlar» hali yo‘q.

Jahon hamjamiyati, dunyodagi eng yirik ilmiy markazlar, eng kuchli olimlar bu ofatga davo topish uchun qattiq izlanmoqda. Va bunday tadqiqotlar tez orada o‘zining ijobiy natijasini beradi, deb umid qilamiz.

Hozirgi kunda respublikamizda kasallikka chalinganlar soni 10 ming 982 nafarga, sog‘ayganlar soni 6 ming 890 nafarga yetdi.

Tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xodimlarining kasb malakasi va jasorati, huquq-tartibot idoralari xodimlarining fidoyiligi, shuningdek, karantin davridagi qat'iy intizom mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni nisbatan barqaror saqlash imkonini bermoqda.

Lekin bu xotirjamlikka berilish, bu masalaga yengil-yelpi qarash uchun asos bo‘lmasligi kerak.

Chunki iyul oyining birinchi haftasida bemorlar soni 2 ming 167 nafarga ko‘paygan. Shundan 1 ming 267 ta (58 foiz) holat aholi orasida aniqlangan.

Bu karantin davridagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Afsuski, bemorlar orasida o‘lim soni ham ortib bormoqda. Bu barchamizni jiddiy tashvishga solishi shart.

Biz mamlakatimizda koronavirus aniqlangan kundan boshlab qayta-qayta ta'kidlab kelmoqdamiz: bu juda murakkab sinov va og‘ir kurash bo‘ladi.

Bu kurashda ko‘p narsa o‘zimizga, aql bilan harakatimizga, sabr-toqatimizga temir intizom bilan, qat'iyat va jipslikda ish ko‘rishimizga bog‘liq.

Lekin, ming afsuski, aholi o‘rtasida ko‘pchilik mana shu talablarga to‘la amal qilmayapti.

Ayniqsa, tibbiy niqob taqmaslik yoki uni nomiga taqish, sanitariya-gigiyena qoidalarini buzish, o‘zaro qo‘l berib ko‘rishish, ijtimoiy masofani saqlamaslik, zaruratsiz oilaviy tadbirlarni o‘tkazish holatlari kun sayin ko‘paymoqda.

Joylarda «yashil», «sariq» va «qizil» hudud tamoyili to‘liq ishlamayapti.

Biz bu borada ahvolni o‘zgartirish uchun avvalo jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz kerak.

Yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olib, Respublika komissiyasi viloyat, shahar, tumanlar hokimlari hamda sektor rahbarlari bilan birga pandemiyani jilovlash bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishi shart.

Tegishli rahbarlar o‘ziga biriktirilgan har bir viloyat kesimida aholining belgilangan cheklovlarga qat'iy amal qilishi va karantin talablari bajarilishi ustidan, joyiga chiqqan holda, nazorat o‘rnatsin.

Albatta, biz qo‘shni davlatlarda ma'lum sabablarga ko‘ra qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatimizga qaytarish bo‘yicha ham tegishli chora-tadbirlarni ko‘ramiz.

Biroq yurtdoshlarimizga murojaat qilib yana bir bor ta'kidlamoqchiman: butun dunyoda ming-minglab odamlarning o‘limiga sabab bo‘layotgan bunday xatarli ofatga aslo beparvo va yengil qarab bo‘lmaydi.

Kasallikning biror-bir kichik belgisini o‘zingizda sezdingizmi, darhol shifokorga murojaat qiling.

O‘zingizcha uyda davolanmang. Bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi, va nihoyat o‘lim bilan tugashi mumkin.

O‘zingizga va oila a'zolaringizga nisbatan beparvo va befarq bo‘lmang!

Xalqimiz, oilamiz va farzandlarimiz salomatligi va hayoti biz uchun eng ulug‘ boylik ekan, bu o‘ta muhim masalada befarq bo‘lib, karantin talablarini buzishga hech kimning haqqi yo‘q.

Buni hech kim, avvalo, barcha rahbar va mutasaddilar hech qachon unutmasligi shart.

Bugungi murakkab vaziyatda barchamiz «O‘z sog‘lig‘ingni, o‘z bolangni, o‘z oilangni o‘zing asra!» degan shiorga amal qilib yashashimiz shart.

Ayni vaqtda hayotimizni normal izga solish, iqtisodiyotimizni tiklash uchun pandemiya sharoitida yashash va mehnat qilishga o‘rganishimiz, barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, bu borada boshlagan ishlarimizni temir intizom bilan davom ettirishimiz kerak.

Mavzuga oid