— Prezident o‘z nutqida o‘zbekistonliklarga murojaat qildi.

Barchamiz guvohi bo‘lib turibmiz, afsuski, butun dunyoda koronavirus pandemiyasi davom etmoqda. Dunyoning qator mamlakatlarida kasallikning ikkinchi to‘lqini boshlanayotgani barchamizda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Bugungi holat shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu infeksiyaga qarshi kurashda qandaydir «sehrli retseptlar» hali yo‘q.

Jahon hamjamiyati, dunyodagi eng yirik ilmiy markazlar, eng kuchli olimlar bu ofatga davo topish uchun qattiq izlanmoqda. Va bunday tadqiqotlar tez orada o‘zining ijobiy natijasini beradi, deb umid qilamiz.

Hozirgi kunda respublikamizda kasallikka chalinganlar soni 10 ming 982 nafarga, sog‘ayganlar soni 6 ming 890 nafarga yetdi.

Tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xodimlarining kasb malakasi va jasorati, huquq-tartibot idoralari xodimlarining fidoyiligi, shuningdek, karantin davridagi qat'iy intizom mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni nisbatan barqaror saqlash imkonini bermoqda.

Lekin bu xotirjamlikka berilish, bu masalaga yengil-yelpi qarash uchun asos bo‘lmasligi kerak.

Chunki iyul oyining birinchi haftasida bemorlar soni 2 ming 167 nafarga ko‘paygan. Shundan 1 ming 267 ta (58 foiz) holat aholi orasida aniqlangan.

Bu karantin davridagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Afsuski, bemorlar orasida o‘lim soni ham ortib bormoqda. Bu barchamizni jiddiy tashvishga solishi shart.

Biz mamlakatimizda koronavirus aniqlangan kundan boshlab qayta-qayta ta'kidlab kelmoqdamiz: bu juda murakkab sinov va og‘ir kurash bo‘ladi.

Bu kurashda ko‘p narsa o‘zimizga, aql bilan harakatimizga, sabr-toqatimizga temir intizom bilan, qat'iyat va jipslikda ish ko‘rishimizga bog‘liq.

Lekin, ming afsuski, aholi o‘rtasida ko‘pchilik mana shu talablarga to‘la amal qilmayapti.

Ayniqsa, tibbiy niqob taqmaslik yoki uni nomiga taqish, sanitariya-gigiyena qoidalarini buzish, o‘zaro qo‘l berib ko‘rishish, ijtimoiy masofani saqlamaslik, zaruratsiz oilaviy tadbirlarni o‘tkazish holatlari kun sayin ko‘paymoqda.

Joylarda «yashil», «sariq» va «qizil» hudud tamoyili to‘liq ishlamayapti.

Biz bu borada ahvolni o‘zgartirish uchun avvalo jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz kerak.