Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iroqqa bosqinga 20 yil. AQShning xatolari nimada edi?
Amerika tomonidan Iroqqa bostirib kirilganiga 20 yil to‘ldi. Bosqindan ko‘p o‘tmay, AQSh urush uchun yolg‘on sabablar ko‘rsatib, butun dunyoni aldagani ma’lum bo‘lgandi. Bosqin natijasida Iroq haligacha fuqarolik urushidan chiqa olmayapti. Bu esa siyosatshunoslikda muhim savolni o‘rtaga chiqargan: harbiy intervensiya orqali demokratiya o‘rnatib bo‘ladimi?
2001 yil 11 sentabrdan keyin AQSh ikki musulmon davlatiga harbiy intervensiya amalga oshiradi. 11 sentabrdan bir oy o‘tar-o‘tmas, Afg‘onistonga kiriladi. Bu, xalqaro qonunchilikka ko‘ra, “to‘g‘ri” deb baholangandi. Sababi, Afg‘onistonga kirishdan oldin, AQSh BMTning Xavfsizlik kengashiga a’zo barcha 15 davlatning to‘liq roziligiga erishgan edi.
Ammo, 11 sentabrdan bir yarim yil o‘tib, AQSh Iroqqa ham intervensiya uyushtiradi. Bu harbiy operatsiya uchun, Vashington BMT Xavfsizlik kengashining roziligini olishga ham harakat qilmaydiki, ko‘plab davlatlar o‘zlarining e’tirozlarini oldindan bayon qilishgan edi. Jumladan, AQShning yaqin ittifoqchilari bo‘lgan Germaniya va Fransiya ham, Iroqqa kirish uchun asoslar yo‘q degan pozitsiyada edi.
Iroqqa bostirib kirishdagi AQShning asosiy “dalili” – bu Iroqda “ommaviy qirg‘in quroli mavjud”ligi bo‘ldi. Ammo, bosqindan keyin shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Saddam Husayn yadro dasturidan ancha yillar oldin voz kechgan edi.
AQShning Iroqqa bostirib kirganidan 20 yil o‘tib, dunyoga taniqli Gallup International tashkiloti iroqliklar fikrini so‘ragan. So‘rovnoma shu yilning fevral-mart oylarida, 2024 nafar iroqlik ishtirokida, Iroqning barcha 18 viloyatida o‘tkazilgan. Tashkilotning aytishicha, so‘rovnoma reprezentativ o‘tkazilgan va xatogarchilik darajasi +/-2,2 foizdan oshmaydi.
Demak, so‘rovnomaga ko‘ra, 60 foiz iroqliklar 2003 yilgacha bo‘lgan davrga nisbatan, bugungi vaziyat yomonlashgan, deb hisoblaydi. 40 foizning nazarida esa, vaziyat yaxshilangan.
So‘ralganlar orasida, fikrlarini aniqlashtirib, “balki iqtisodiy vaziyat yaxshilangandir, lekin xavfsizlik mutlaq yomonlashdi” degan qarashni bildirganlar ham tez-tez uchragan.

AQShning Iroqqa bostirib kirishi borasida, 51 foiz iroqlik “Amerika neft uchun bostirib kirdi” degan pozitsiyani tanlagan. 29 foiz iroqlik esa “diktaturani yiqitish uchun” degan, 8 foiz – Amerika kompaniyalarning manfaatini qondirish uchun, 6 foiz – terrorizm bilan kurashish uchun va faqat 5 foiz iroqliklar “Iroqda demokratiya o‘rnatish uchun” degan fikrda bo‘lgan.
AQSh harbiy kontingentining eng kattargan davri 2007 yilga to‘g‘ri keladi, bu davrdagi amerikalik harbiylarning soni 170 ming kishiga yetgan edi. Bugungi kunga kelib, Iroqda 2500 nafar amerikalik harbiy saqlanib turibdi.
Iroqda saqlanib qolayotgan AQSh harbiy kontingentiga munosabat bildirar ekan, iroqliklarning 47 foizi “AQSh hoziroq chiqib ketishi kerak” degan. 17 foiz esa “davlatning xavfsizlik tizimi to‘liq oyoqqa turmagunicha, AQSh kontingenti bo‘lishi zarur” degan. Yana 13 foiz – chiqib ketish vaqtini belgilamasdan, qolishi kerak degan.
Qolaversa, iqtisodiy ittifoqchi sifatida, iroqliklarning katta qismi (39%) Xitoyni, keyingi o‘rinda AQShni (27%), Turkiyani (13%), Rossiyani (13%), va Eronni (8%) tanlagan.
So‘rovnomalar shuni ko‘rsatadiki, iroqliklarning AQShga va Iroqdagi vaziyatga bildirayotgan munosabati ancha sovuq, yoki salbiy. Lekin, Iroq kampaniyasining asosiy savoli boshqa. Bu ham bo‘lsa, “harbiy intervensiya orqali, demokratiyaga erishish mumkinmi?” yoki “ashaddiy diktaturalardan harbiy intervensiya orqali demokratiyaga o‘tishning oqibatlari qanday?” degan savollar muhimdir.
Saddam Husayn rejimi, o‘ta repressiv diktatura edi. Ya’ni jamiyatda va davlatda jabr-zulmga to‘yinish holati, nihoyatda yuqori edi. AQSh intervensiyasidan keyin, Iroqda demokratik institutlar va jarayonlarning tatbiq etilishi, mana shu jamiyat ichida zichlashib turgan jabr-zulm madaniyatining ochiqlanishiga imkoniyat berdi.
AQShning Iroqqa bostirib kirishi natijasida, Iroqda fuqarolik urushi boshlandi. Iroq jamiyati ichidagi ziddiyatlar, to‘qnashuvlar, bir tomondan diniy-mazhabiy tus oldi, shialar sunniylarga qarshi siyosiy uyushib boshlashdi. Natijada, sunniylar muxolifatga o‘tib, qurolli qarshilik ko‘rsatish yo‘lini tanlashdi.
Ikkinchi tomondan, fuqarolik urushining ikkinchi yirik belgisi – etnik o‘zlik bo‘ldi. Bunda kurdlar va boshqa etnik kamchiliklar arablarga qarshi o‘zlarining yig‘ilib qolgan e’tirozlarini bildirar edi.
Dunyo tajribasida harbiy bosim yoki intervensiya orqali demokratik siyosiy tizim o‘rnatilgan holatlar bor. Misol uchun, ikkinchi jahon urushidan keyingi Yevropa davlatlari va Yaponiyada, AQSh bosimi ostida demokratik tizimlar shakllanadi. Yevropa va Yaponiya kabi davlatlarning demokratiyaga o‘ta olish qobiliyatini, tadqiqotchilar, ushbu jamiyatlarda oldindan yetishib kelgan siyosiy madaniyat bilan tushuntirishadi.
Iroqqa kelganda esa, jamiyatning demokratik tajribasi mutlaq bo‘lmagan. Malaka, ya’ni xalqning demokratiyani anglash va kuch ishlatmasdan siyosiy jarayonlarni boshqarish – eng muhim shartlardan biri hisoblanadi.
Demokratiya – eng avvalo, jarayon. Bu jarayon muttasil davom etishi kerak. Demokratiya uchun “qulay fursat” kutilmaydi, ayni paytda, jamiyatda odamlarning demokratiyani qanday tushunishi ham hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Iroqqa bostirib kirib, AQSh o‘zining strategik maqsadlariga erisha olmadi. Iroq neftidan foyda ololmadi. Aksincha, Iroq va Afg‘onistonda, jami 2-3 trillion dollar sarfladi, minglab fuqarolari hayotini qurbon qildi.
Geosiyosatda, Iroq urushi Amerikaning mintaqaviy opponenti bo‘lmish Eronning kuchayishiga olib keldi. Eng achinarlisi, Iroqdagi fuqarolik urushi yuz minglab insonlarning vafot etishiga, undan-da ko‘p insonlarning qochqin bo‘lishiga olib keldi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
21:32
Xitoy sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun AQSh davlat kotibining ismini «o‘zgartirdi»
12:57
Tramp amerikaliklarning iqtisodiy qiyinchiliklari uni Eron bilan kelishuvga undamasligini aytdi
10:52
Trampning Eronga qarshi urushi AQSh iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilyapti?
09:07