Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Rothschild & So» O‘zbekiston bilan banklarni xususiylashtirish borasida hamkorlikni chuqurlashtiradi
Toshkentda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov hamda “Rothschild & So” kuzatuv kengashi raisining o‘rinbosari baron Erik de Rotshild o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirishda, shuningdek, mamlakat bank-moliya sektorini rivojlantirishda erishilgan ijobiy tendensiyalar tilga olindi. Manfaatdor xorijiy investorlarni jalb qilgan holda yirik davlat korxonalar va banklarni xususiylashtirish borasida hamkorlikni chuqurlashtirish hamda milliy bank tizimini rivojlantirish hamda isloh qilishda birgalikda ishlashga tayyorlik bildirildi.

Xorijiy tomon shuningdek, transport sohasini transformatsiyalash, jumladan, O‘zbekistonda infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga xususiy investorlarni jalb etishga ko‘maklashish orqali hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
Tomonlar metallurgiya, kimyo va neft-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalaridagi ustuvor loyihalarni investitsiyalar kiritishdan oldin birgalikda tayyorlash hamda keyinchalik ushbu loyihalarni amalga oshirishga xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ham kelishib oldi.

1811 yilda tashkil etilgan “Rothschild & Co” kompaniyasi Rotshildlar oilasi tomonidan boshqariladigan moliyaviy xolding kompaniyasidir. Qarorgohi Parij shahrida joylashgan. “Rothschild Group” banki guruhiga “N.M. Rothschild & Sons” (London) va “Rothschild & Cie Banque” (Parij) kompaniyalari ham kiradi. Guruh faoliyati investitsiyaviy hamda korporativ bank xizmatlari, xususiy kapital qo‘yilmalari, aktivlarni boshqarish, xususiy bank xizmatlari va boshqa sohalarni qamrab oladi.