O‘zbekiston | 17:49 / 02.06.2026
2106
5 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonda Yevroittifoqning deportatsiya markazi tashkil qilinishini rad qildi

Politico nashri Yevroittifoq boshpana berish rad etilgan migrantlarni deportatsiya qilish markazlarini tuzish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston variantlarini ko‘rib chiqayotganini yozdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Kun.uz'ga bergan izohida ushbu «ko‘tarilgan masala haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi»ni aytdi.

Foto: Sputnik

1 iyun kuni Politico nashri uch nafar yevropalik diplomatga tayanib, Yevropa Ittifoqi davlatlari guruhi Yevropada boshpana berish rad etilgan migrantlar uchun 8–10 ta mamlakat hududida markazlar tashkil etishni taklifi haqida yozdi.

Suhbatdoshlardan birining nashrga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Qozog‘iston noqonuniy migrantlarni uchinchi davlatlarga badarg‘a qilish jarayonida YeIning ehtimoliy hamkorlari qatoridan joy olishi mumkin.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, bunday markazlarni (Return Hubs — qaytarish xablari) tashkil etish ustida Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Germaniya va Gretsiya birgalikda ish olib bormoqda. «Bu har ikki tomonning manfaatlariga javob beradigan yechim sifatida qabul qilinishi kerak», degan Politico suhbatdoshlaridan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning evaziga hamkor davlatlarga rivojlanish uchun yordam pullari yoki viza rejimini liberallashtirish taklif qilinishi mumkin.

Yevroittifoq davlatlari Ruandadagi noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish markazi atrofidagi mojaro, shuningdek, Italiya va Albaniya o‘rtasidagi shunga o‘xshash kelishuvga nisbatan huquqiy e’tirozlar tufayli ehtimoliy muzokaralar ishtirokchilarini ochiqlashdan cho‘chimoqda, deb qayd etadi nashr.

«Yil oxirigacha loyihaning aniq rejasiga ega bo‘lish, ya’ni kamida bitta davlat real muzokaralarga tayyorligini bildirishi yaxshi natija bo‘lar edi», deya ta’kidlagan yana bir diplomat anonimlik sharti bilan.

Navbatdagi yig‘ilishda deportatsiya markazlarini tashkil etish muddatlari belgilanishi kerak. Nashrga ko‘ra, Fransiya va Germaniya deportatsiya markazlari faoliyatini zudlik bilan boshlashni talab qilmoqda. YeIning qator boshqa davlatlari esa o‘z huquqiy bazalarini yangi normalarga muvofiqlashtirish uchun muddatni kechiktirishni so‘ramoqda. Yevroparlament ham yangi choralarni zudlik bilan kuchga kiritishni talab qilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston rad qildi

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, «ushbu ko‘tarilgan masala haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi». TIV so‘zchisi boshqa tafsilotlarga to‘xtalmadi.

Shuningdek, Yevroittifoqning O‘zbekistondagi delegatsiyasi ham Kun.uz muxbiri bilan suhbatda «ushbu masala muhokamada emasligi»ni ta’kidladi.

Orda.kz nashrining yozishicha, Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi Xalqaro axborot qo‘mitasi raisi Yerlan Jyetibayev diplomatlar bunday turdagi muzokaralar olib bormaganini ma’lum qilgan.

«Biz Yevropa Ittifoqi bilan fuqarolarimiz uchun viza talablarini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz. Agar fuqaro o‘z mamlakatidan noqonuniy ravishda chiqib ketgan bo‘lsa, biz uning o‘z yurtiga qaytishi uchun imkon qadar barcha choralarni ko‘rish majburiyatini olamiz», degan Jyetibayev.

Yangi tartib tanqidlarga uchramoqda

Yangi choralar Yevropa davlatlariga Yevroittifoq tashqarisida deportatsiya markazlarini tashkil etishga imkon beradi. Bu markazlarga boshpana so‘rovi rad etilgan va o‘z mamlakatlariga deportatsiya qilinishi imkonsiz bo‘lgan odamlarni badarg‘a qilish ko‘zda tutilgan. Yevroittifoqqa hamrohlarsiz kelgan voyaga yetmagan bolalar deportatsiya qilinmaydi.

22
Foto: AP

Ushbu paket, shuningdek, rasmiylarning tegishli qarorlariga zid ravishda Yevroittifoq hududini tark etishdan bosh tortganlar uchun — kirishni taqiqlashdan tortib qamoq jazosigacha bo‘lgan qat’iyroq jazolarni nazarda tutadi. Bundan tashqari, noqonuniy migrantlarga nafaqalar to‘lashni qisqartirish yoki butunlay to‘xtatish imkoniyati ham ko‘zda tutilmoqda.

YeIning yangi qoidalari nodavlat tashkilotlar vakillari tomonidan keskin tanqidga uchradi. Ular inson huquqlarining tizimli ravishda buzilishidan xavotirda. Chunki bunday choralar noqonuniy migrantlarni o‘zlari umuman hech qanday aloqador bo‘lmagan mamlakatlarga badarg‘a qilish imkonini beradi.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid