Toshkent ko‘chalarida parkomatlar tashkil etish tendersiz bitta kompaniyaga berildi
Toshkent shahar hokimligi poytaxtning 10 ta markaziy ko‘chasida pulli parkomatlar tashkil etishni “Kasy Park” MChJga topshirdi. Iqtisodchi buni “navbatdagi parazit monopoliya yaratishning ibtidosi” deb atadi: “10 ta ko‘chani kamida ikkita yoki uchta lotga ajratish va ularni o‘zaro affillanmagan, turli kompaniyalarga taklif etish mumkin edi”.
“Toshkent shahar jamoat transport tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq, poytaxtning 10 ta markaziy ko‘chasida davlat-xususiy sheriklik asosida pulli to‘xtash joylari tashkil etilishi ko‘zda tutilgandi. Ro‘yxatga Fidokor, Amir Temur, Nukus, Bratislava, Mirobod, Glinka, Avliyoota, T.Shevchenko, Said Baraka, Moshtabib, Yakub Kolas ko‘chalari kiritilgan.
Toshkent shahar hokimining 2022 yil 29 dekabrdagi qarori bilan yuqoridagi ko‘chalarda pulli to‘xtash joylarini tashkil etish “Kasy Park” MChJga topshirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi Toshkent shahar transport boshqarmasi va “Kasy Park” o‘rtasida tuzilgan DXSh shartnomasini 22 avgust kuni ro‘yxatga olgan. Loyiha qiymati – 9,732 mlrd so‘m. Shartnoma muddati – 10 yil.
Kelishuvga ko‘ra, belgilangan ko‘chalardagi yo‘l bo‘yi joylari parkomat va elektromobillarni quvvatlash qurilmalarini o‘rnatish uchun “Kasy Park” MChJga ijaraga berilgan. Korxona bu joylarda kapital, yengil turdagi bino-inshootlarni qurish va boshqa turdagi yordamchi qurilmalarni o‘rnatmaslik majburiyatini olgan.
Uch oy muddatda pulli to‘xtash joylarining elektron platformasi IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati “Ma’muriy amaliyot” axborot tizimiga hamda “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga integratsiya qilinishi belgilangan.
“Kasy Park” MChJ 2018 yil 7 martda Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyat turi – yog‘och, qurilish materiallari va sanitariya-texnik vositalarning ulgurji savdosi. Ustav kapitali 10 mln so‘m. Kompaniyaning 60 foiz ulushi Fozilov Mirodil Nig‘matjon o‘g‘liga, 40 foiz ulushi “Old Folk” kompaniyasiga tegishli. Rahbari – Sultonxo‘jayev Sarvar Anvar o‘g‘li.
“Kasy Park”ning asosiy ta’sischisi Mirodil Fozilov “Paper World” (100 foiz), “Benchmark Distribution” (100 foiz), “Royal Central Development” (100 foiz), “Oazis Lux Investmens” (50 foiz), “Premium Paper” (50 foiz) va “SD Big-Garden”(25 foiz) kompaniyalarida ham ulushlarga ega.
“Old Folk” MChJ esa 2022 yil 4 avgustda (Toshkent shahar transport boshqarmasi va “Kasy Park” o‘rtasida DXSh to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishidan 18 kun oldin) ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav kapitali – 1 mln so‘m. Ta’sischilari – Sultonxo‘jayev Sarvar Anvar o‘g‘li, Yusupov Akmal Bahodir o‘g‘li, Amirsaidov Komronbek Azamatbek o‘g‘li va Qosimov Saidazim Saidhabib o‘g‘li (har biri 25 foizdan ulushga ega).
Yana tendersiz va faqat bitta kompaniyaga
Iqtisodchi Otabek Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlar iqtisodiy asoslangan va adolatli g‘oya bo‘lsa-da, yuqoridagi qaror uni bemalol “bir qo‘lli qilib obro‘sizlantirishi” mumkin.
“Birinchidan, davlat-xususiy sheriklik uchun tender o‘tkazilmagan. Biz bilmaymiz, qolgan ehtimoliy da’vogarlarning takliflari bo‘lganmi, bo‘lgan bo‘lsa qanday?
Ikkinchidan, markazdagi 10 ta ko‘chani bitta sherikka bervorish bu g‘irt tentaklik. Davlat-xususiy sheriklik agentligi va Toshkent shahar hokimligining ahmoqona qarori. Navbatdagi parazit monopoliya yaratishning ibtidosi. Normal sharoitda 10ta ko‘chani kamida ikkita yoki uchta lotga ajratish va ularni o‘zaro affillanmagan, turli kompaniyalarga taklif etish mumkin edi. Normal davlatlarda, masalan, parallel va perpendikulyar ko‘chalar bo‘yicha, yoki bitta mavze bo‘yicha barcha ko‘chalar ayni bir kompaniyaga berilmaydi. Shunda xususiy sherik davlatga bosim ko‘rsata olmaydi, jamoatchilik qaytaga doimiy tiyib turish vositasiga ega bo‘ladi.
Uchinchidan, o‘tgan yili avgustdayoq tanlab bo‘lingan sherik bilan qanday shartlarga kelishilgani yana yopiq mavzu bo‘lib qolyapti. Bizga kelishuv 10 yilga tuzilganidan boshqa shartlarni aytishni lozim topishmadi. Tushumlar qanday taqsimlanadi? Davlatga qancha, sherikka qancha? Dam olish kunlari va ishdan tashqari vaqtlardagi tariflar qanday bo‘ladi? Qanday holatlarda bitim muddatidan avval tugatiladi?
To‘rtinchidan, jahon tajribasi va umuman sog‘lom aql talabi shuki, pulli parkovkalar shaharga kirishda transport bog‘lanmalari tashkil etish va pulli parkovka hududlarida sifatli jamoat transporti va piyodalar infratuzilmasini tashkil etish bilan parallel ro‘y berishi kerak. Bugungi kunda nechta transport bog‘lanmasi tashkil etildi? Tanlangan ko‘chalarda transport qatnovi chastotasi va intervali bo‘yicha xulosalar qanday? Bu ko‘chalarda piyoda yurib bo‘ladimi?” – deya ta’kidlamoqda iqtisodchi.
Yo‘l bo‘yi pulli avtomobil to‘xtash joylari qachon tashkil etilishi va ishga tushishi, narxlar qanaqa bo‘lishi bo‘yicha hozircha ma’lumot yo‘q.
Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yili muhokamaga qo‘yilgan qarori loyihasiga ko‘ra, to‘lov qiymati Toshkent shahar hokimiyati tomonidan belgilanadi. Bunda aholining zichlik darajasi va shahar ko‘chalari qatnov qismlarining o‘tkazish qobiliyati hisobga olinishi kerak.
2022 yil noyabrida shahar transport boshqarmasi 10 ta ko‘chada 2251 ta avtomobilga mo‘ljallab pulli parkomat tashkil etilishi, qoidabuzarliklarni qayd etish uchun 2 ta parkon va 2 ta evakuator xarid qilinishini bildirgandi. Yo‘l bo‘yi avtoturargohlar faqat imkoniyati cheklangan shaxslar uchun bepul bo‘ladi.
Parkomatlar shahar markazida tirbandliklarni kamaytirishi, odamlarni ko‘proq jamoat transportidan foydalanishga rag‘batlantirishi ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
23:47 / 26.11.2024
Toshkentda yuk mashinasi bilan to‘qnashgan Isuzu haydovchisi halok bo‘ldi
21:14 / 26.11.2024
Toshkentda harakatlanib ketayotgan mashinalar ustiga daraxt shoxi quladi
21:02 / 26.11.2024
Toshkent shahridagi ayrim avtobuslar harakati yo‘nalishi vaqtincha o‘zgartiriladi
22:20 / 25.11.2024