O‘zbekiston | 10:00 / 13.08.2020
33195
5 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari tibbiyot xodimlarining moddiy mukofotlanishi bo‘yicha e'tirozlarga izoh berdi

So‘nggi paytda cog‘liqni saqlash tizimi xodimlari orasida rag‘batlantiruvchi mukofotlar bo‘yicha e'tirozlar ko‘paymoqda. Bir nechta tibbiy maskanlar shifokorlari OAV orqali o‘zlariga berilishi kerak bo‘lgan mablag‘larni ololmayotganlari bo‘yicha murojaatlar bilan ham chiqishdi.

Shu masala yuzasidan izoh olish uchun sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Shohrux Shorahmedov bilan suhbatlashdik.

– Shohrux Shoturg‘unovich, umuman e'tirozlar nima sababdan kelib chiqmoqda, nahotki rag‘batlantiruvchi toifalar aniq belgilab olinmagan bo‘lsa?

– Aslida hammasi aniq, hech qanday e'tirozga ham o‘rin yo‘q. Davlat rahbari farmoni va qarorida ham, Vazirlar Mahkamasining unga asoslangan qarorida ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda aynan qaysi toifa xodimlar rag‘batlantirilishi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. SEOM xodimlari, maxsus shifoxonalardagi xodimlar va tez tibbiy yordam brigadalarini alohida rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Masalan, ko‘pchilik tizim xodimlari o‘zlarining ish jarayonida 25 mln, 15 mln, 10 mln so‘m kabi yirik mablag‘lar olishni xohlaydi. Ammo bu mablag‘lar faqat COVID-19'ni davolashga ixtisoslashgan maxsus klinikalar xodimlariga beriladi. Yoki koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari shu jumlasidan.

Ayrim oilaviy poliklinikalar shifokorlari ham «biz ham koronavirusga qarshi kurashayapmiz-ku, COVID-19'ga duch kelyapmiz-ku, nega bizga mukofot berilmaydi?» – deya e'tiroz bildirishadi. Biz albatta barcha tibbiyot xodimlarni hurmat qilamiz. Ammo xohlasak ham bu mablag‘larni bera olmaymiz. Chunki poliklinikalar va reanimatsiya bo‘limlarida uzluksiz nazoratda yotadigan og‘ir bemorlar mavjud klinikalarni taqqoslab bo‘lmaydi. Zararlanish tavakkalchiligi keskin farq qiladi.

– Bu to‘lovlar kechikishi bilan bog‘liq muammolar ham kuzatildi.

– Chindan ham, jarayonning boshida ozgina kechikishlar, noaniqliklar bo‘ldi. Ammo hozir bularning bari bartaraf qilingan. Barcha xodimlar o‘zlariga belgilangan to‘lovlarni olmoqdalar. Buning uchun Respublika maxsus komissiya nazorati ostida SSV, Moliya vazirligi, Markaziy bank hamjihatlikda muntazam ishlayapti. Sababi, ko‘p joylarda naqd pullar ham berilyapti, bu milliardlab mablag‘larni anglatadi, shuning uchun banklarning ham o‘rni muhim.

Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tmoqchiman, 15 mln, 25 mln so‘mlik rag‘batlantiruvchi pullarni olishmasa-da, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlarda qatnashayotgan SEOM xodimlari ham kunlik 6 foizli ustamalarni muntazam olishyapti. Aytaylik, maoshi 2 mln so‘m bo‘lgan xodimga bir kunlik 120 ming so‘m qo‘shiladi, ya'ni oyiga 20 kun ishlasa, qo‘shimcha 2,4 mln so‘m oladi.

– Savollar tug‘ilayotgan yana bir yo‘nalish – tez tibbiy yordam xizmati. Tez tibbiy yordam xodimlariga beriladigan bir martalik mukofot pullarida qanday tushunmovchiliklar bor?

– Bu yerda Vazirlar Mahkamasining joriy yil iyul oyida qabul qilingan «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlashga jalb qilingan tez tibbiy yordam xodimlarini qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi 458-son qaror asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qarordagi bitta holatga oydinlik kiritib ketish kerak: sohaning dispetcher, dorilarni taxlovchi kabi ko‘pchilik vakillari ham «tez tibbiy yordam xodimlarini qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida» degan joyini o‘qib, «bizga ham qo‘shimcha pul berilishi kerak» deb tushunyaptilar. Aslida qarorda aniq qilib ko‘rsatib ketilgan – faqat vrachlarga 5 mln, o‘rta tibbiy xodimlar (feldsherlar va sanitarlar) 4 mln so‘m, haydovchilarga 3 mln so‘mlik bir martalik moddiy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Demak, pandemiyaga qarshi kurash jarayonida ishtirok etayotganlarning hammalariga munosib e'tibor qaratilyapti. Fursatdan foydalanib, o‘zim ham ularga minnatdorchilik bildiraman.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid