O‘zbekiston | 23:13 / 09.05.2020
34144
3 daqiqa o‘qiladi

«Matonat madhiyasi» - Mash'um urushda besh farzandidan judo bo‘lgan ona sharafiga o‘rnatilgan yodgorlik

Bugun mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi keng nishonlanmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni ushbu shonli sana munosabati bilan barpo etilgan G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi. 

Bu yodgorlik qandaydir badiiy obraz emas, unga hayotda bo‘lgan voqea – mo‘tabar ona va uning oilasi to‘g‘risidagi haqiqat asos qilib olingan. 

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Alinazar Egamnazarovning so‘zlariga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushida bir oiladan besh nafar farzand urushga ketib hech biri qaytmagan oila dunyoda uchta bo‘lib, ikkitasi Belarus va AQShda, yana biri Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida yashagan Zulfiya aya Zokirova oilasidir. Ona Ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli farzandlaridan judo bo‘lgan. Uning to‘rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo‘lib qolgan. 

“Biz o‘zbek adiblari Zulfiya Zokirova oldida qarzdormiz. Bu ayol haqida qo‘shiq, doston yozsa bo‘ladi, roman yozsa bo‘ladi”, deydi u.

O‘tgan yilgi Xotira va qadrlash kunida prezident Shavkat Mirziyoyev Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal o‘rnatish hamda unga “Matonat madhiyasi” deb nom berish taklifini bildirgan edi. Bu tashabbusni jamoatchiligimiz qizg‘in qo‘llab-quvvatladi. Shu mavzuda maqolalar, she'rlar va badiiy film yaratildi. 

Bugun ushbu obida G‘alaba bog‘ining markazida qad rostlagan. 

– Bu O‘zbekistondagi barcha onalarga qo‘yilgan haykal, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ushbu yodgorlik butun xalqimiz uchun qutlug‘ ziyoratgohga, oila, muhabbat, vafo va sadoqat timsoliga aylanib qoladi. Bu yerga kelgan yoshlar millatimizning qonida bo‘lgan fazilatlarni anglab, ularni qadrlab yashashga intiladi.

Mavzuga oid