O‘zbekiston | 13:29 / 22.08.2022
56212
3 daqiqa o‘qiladi

“Hokim emas, xon!” - Andijon hokimi qabuliga kelganlarga poygakdan joy beriladi

Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyev tuman fuqarolarini noan’anaviy tarzda qabul qilyapti: o‘zi ayvonchaning to‘rida, fuqarolar esa poygakdan joy oladi. Hokimning matbuot kotibi qabullarda ijtimoiy masofa saqlanayotganini ma’lum qildi.

Foto: Andijon tumani hokimligi matbuot xizmati

Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyev qabullariga kelgan fuqarolar ayvonchada o‘tirgan hokimga ro‘para bo‘lmoqda va ularga suhbat paytida ayvoncha ostonasidan joy berilyapti.

Hokimlik matbuot xizmati e’lon qilgan rasmlardan ko‘rinishicha, hokim ayvonda, qabulga kelgan fuqarolar esa ayvonning tashqarisida o‘tirgani bir nechta qabullarda kuzatilgan.

Foto: Andijon tumani hokimligi matbuot xizmati
Foto: Andijon tumani hokimligi matbuot xizmati
Foto: Andijon tumani hokimligi matbuot xizmati

Xususan, 6 avgust kungi qabulda ham tuman hokimi fuqarolar bilan oraliq masofani juda katta saqlaganini ko‘rish mumkin. 20 avgustdagi hokim qabulida ham fuqarolarga poygakdan joy qilib berilgan.

Bu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. “O‘rta asr xonliklari davrini eslatmoqda” deb yozdi foydalanuvchilardan biri izohlarda. “Hokim emas, xon!” – deb yozgan boshqa bir foydalanuvchi.

Ayrim foydalanuvchilar davlat rahbari takror-takror amaldorlarni xalqqa yaqin bo‘lishga chaqirayotganini eslab o‘tgan. Yana boshqalar esa buni hokimlar saylanmaganining navbatdagi oqibati demoqda.

Ko‘plab hududlar hokimlari fuqarolar bilan uchrashuv va qabullarda yuzma-yuz o‘tirib, ular bilan yaqin ekanliklarini ifoda etayotgan bir vaqtda, Andijon tuman hokimi Abdujabbor Egamberdiyevning bunday yo‘l tutishini jamoatchilik tanqidiy kutib olgan.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev / Foto: Hokimlik matbuot xizmati
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov / Foto: Hokimlik matbuot xizmati
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev / Foto: Hokimlik matbuot xizmati
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov / Foto: Hokimlik matbuot xizmati

Tuman hokimligi axborot xizmati o‘z munosabatida “fuqarolar murojaatlari bo‘yicha sayyor qabullar haftaning har shanba kuni tuman hokimligining ochiq hududida, fuqarolar bilan ijtimoiy masofa saqlangan holatda bo‘lib o‘tishi”ni ta’kidlagan.

Koronavirus davri amalda ortda qolgani va tarmoqlardagi tanqidlardan kelib chiqilsa, bu ijtimoiy masofa saqlash ijtimoiy mavqeni saqlashga ham o‘xshab qolgan.

Bu holat davlat xizmatchilarining etikasiga qanchalik muvofiqligi borasida yuqori turuvchi biror tashkilot hozircha munosabat bildirmadi.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid