Toshkent shahar bojxona boshqarmasi sobiq boshlig‘i Tolibjon Saidov tantanali tarzda pensiyaga kuzatilganidan bir hafta o‘tar-o‘tmay yangi lavozimga tayinlandi.
27 yanvar kungi selektorda davlat rahbari huquq-tartibot sohasiga yosh va talabchan rahbarlar korpusi kerakligini aytgan, shundan keyin bojxona, prokuratura va Milliy gvardiyada uzoq yillar ishlagan xodimlardan bir guruhi pensiyaga chiqarilgan edi.
Shular qatorida Tolibjon Saidov ham poytaxt bojxona boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod qilinib, 14 fevral kuni tantanali tarzda nafaqaga kuzatilgandi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati
18 fevral kuni esa u Bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘i bilan, “Bojxona servis” davlat muassasiga direktor etib tayinlangani ma’lum bo‘ldi.
Shu kuni qo‘mita raisi o‘rinbosari Otabek Ibragimov muassasada yig‘ilish o‘tkazib, yangi rahbarni jamoaga tanishtirgan.

“Tadbirda “Bojxona servis” davlat muassasasi faoliyatida erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ham tahlil qilindi. Shu boisdan yangi rahbar zimmasiga birinchi galda hal qilinishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berildi”, – deyiladi qo‘mita matbuot xizmati xabarida.









