O‘zbekiston | 16:30 / 07.07.2023
11630
5 daqiqa o‘qiladi

“Milliy manfaatlardan kelib chiqib kelishilgan” - energetika vaziri ochiqlanmayotgan tariflar haqida

Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Rossiyaga gaz uchun qancha to‘lashini ochiqlay olmasligi, lekin narxni belgilashda milliy manfaatlardan kelib chiqilganini aytdi. U, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha tendersiz tuzilayotgan bitimlardagi ochiqlanmayotgan tariflarni “eng raqobatbardosh, eng afzal, milliy manfaatlardan kelib chiqqan va qo‘shni davlatlar orasidagi eng arzon tariflar” deb atadi.

Toshkentda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi davom etmoqda. Haftalikning 7 iyul kungi dasturida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ham ishtirok etdi. Kun.uz muxbiri tadbir doirasida vazirga ayrim savollar bilan murojaat qildi.

O‘tgan oyda “Gazprom” bilan imzolangan shartnomaga asosan, O‘zbekiston 1 oktyabrdan boshlab Rossiyadan kuniga 9 mln kubometr hajmda tabiiy gaz import qila boshlaydi. Muxbir energetika vaziridan bu kelishuv bo‘yicha gaz qancha narxda sotib olinayotgani haqida so‘radi.

“Narx izohini berdik, milliy manfaatlarimiz va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda narx kelishildi. Narxni oshkor qilolmaymiz, chunki bu – ikki tomonlama shartnoma. Buni tushuntirganmiz. Umuman, shu yo‘nalishdagi shartnomalarni qarasangiz, biror shartnomada [narx] ochiqlanmaydi, lekin shuni aytishim mumkinki, milliy manfaatlarni inobatga olgan holda raqobatbardosh narxga kelishildi”, – dedi Mirzamahmudov.

Energetika vazirligining 19 iyundagi rasmiy axborotida, “Gazprom” bilan kelishuvni tuzishda, tabiiy gaz narxi mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikadagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelishilgan.

Jo‘rabek Mirzamahmudov bu bayonotda ta’kidlab o‘tilgan “respublikadagi narxlarni bozor tamoyillari asosida shakllantirish” masalasiga ham munosabat bildirdi.

“Narx bo‘yicha islohot qilmas ekanmiz, e’tibor bersangiz, generatsiya va taqsimot liniyalari, yetkazib berish bo‘yicha ishlayapmiz, lekin iste’mol jihatdan, energiya samaradorligi jihatdan narxlarni muvofiqlashtirmas ekanmiz, birinchi o‘rinda, investorlar kelmaydi. Investorlar nega keladi? Ularga tarif kerak. Ikkinchidan, iste’mol samaradorligini oshirishimiz kerak. Shuning uchun albatta bu bo‘yicha ishlayapmiz, taklif kirityapmiz”, – dedi u.

Bozor narxlari asosidagi tariflarga o‘tish shu yil ro‘y berishimi mumkinmi, degan mazmundagi savolga Mirzamahmudov: “Muhokama ketyapti. Bizga qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi, albatta”, deya javob berdi.

Energetika vazirligi rahbari so‘nggi vaqtlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratish bo‘yicha loyihalar Xitoy kompaniyalariga tendersiz berilayotgani, bu keyinchalik muayyan siyosiy oqibatlar yaratishi mumkinligi haqidagi savolga ham javob berdi.

“[Faqat] Xitoy bilan deyish noto‘g‘ri. Sababi, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar [nafaqat] Xitoy kompaniyalari, [balki, Saudiya Arabistonining] ACWA Power, [Fransiyaning] Total Eren, [BAAning] Masdar kompaniyalari bilan ham ketyapti. Bu yerda [loyihalarni] ikkiga bo‘lishimiz kerak. To‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar va tender. Oxirgi tenderni ko‘rdingiz, qancha vaqt ketdi. Qachon loyiha ishga tushadi? Tarifni ko‘rdingiz, 3,5 sent narx bilan Masdar kompaniyasi tenderda g‘olib chiqdi. Mana shuni aytmoqchimanki, biz [Xitoy kompaniyalari bilan] kelishgan narxlar bundan ancha past.

To‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lgani uchun loyihani amalga oshirish muddatini aniq bir muddatga qisqartirishga erishdik. Fevralda muzokaralar boshlagan bo‘lsak, mart oyida dastlabki kelishuvga erishdik. May oyida prezident qarori chiqdi, hozir maydonda qurilish ishlari boshlandi. Buxoro va Qashqadaryoda Xitoy kompaniyasi 200 MWdan 400 MWgacha quvvatni joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish majburiyatini oldi. Yoki ACWA Power'ni aytsak, 100 MW quvvatni yil yakuniga qadar Toshkent viloyati Qibray tumanida ishga tushiradi”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Hukumat a’zosi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar orqali kelishilgan tariflarni ochiqlay olmasligi, lekin bu tariflar oxirgi tenderlardagi narxdan arzon ekanini bildirdi.

“Tenderdagi narxlardan arzon bo‘ladi. To‘g‘ri tushunishingizni xohlardim, tarifni ochiqlay olmaymiz. Sababi boshqa muzokaralar ham ketyapti. Shartnomaning ikki tarafi bor: investor va biz. Biz ikkinchi tomon bilan oshkora qilmaslikka kelishganmiz. Shu bo‘yicha narx va ayrim jihatlarni ochiqlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Sababi ular boshqa davlatlarda ham ishlaydi, boshqa joylarga ham investitsiya kiritadi.

Shuni aytish mumkinki, biz kelishayotgan narxlar – eng raqobatbardosh, eng afzal, milliy manfaatlardan kelib chiqqan va qo‘shni davlatlar orasida ham eng arzon tariflardir”, – dedi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Mavzuga oid