Jahon | 12:44 / 01.04.2026
3914
4 daqiqa o‘qiladi

Rubio: AQSh NATO bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqadi

U agar «alyans faqat Yevropaga hujum qilingan taqdirda AQSh uni himoya qilishini nazarda tutib, Vashingtonga zarur paytda harbiy bazalardan foydalanishga ruxsat berilmaydigan tuzilmaga aylansa, bu yaxshi kelishuv hisoblanmasligi»ni ta’kidlagan.

Foto: Mandel Ngan / Reuters

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Qatarning «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida NATO bo‘yicha ittifoqchilar Eron bilan urushda qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortish orqali AQShning «hafsalasini pir qilgani» va harbiy amaliyot yakunlanganidan keyin Vashington alyans bilan munosabatlarni qaytadan ko‘rib chiqishini aytdi.

Telekanal muxbiri Rubiodan Yevroittifoq va NATO mamlakatlari «hal qiluvchi pallada» AQShga xiyonat qilmadimi, deya so‘ragan.

«O‘ylaymanki, bu hafsalani pir qiladigan ish bo‘ldi. Prezident va mamlakatimiz amaliyot yakunlanganidan keyin bularning barchasini qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi. NATOning Qo‘shma Shtatlarga foydasi – turli ssenariylarda bazalardan foydalanishdir», – deya javob qaytargan Rubio.

U AQSh milliy xavfsizlik va mamlakat manfaatlariga jiddiy tahdid his qilgan «muhim pallada» Vashington NATO a’zolari – xususan, Ispaniya o‘z bazalaridan foydalanishga ruxsat bermayotganini eslatib o‘tgan. «Xuddi shunday yo‘l tutgan boshqa mamlakatlar ham bor. Bu holda shunday savol tug‘iladi: Qo‘shma Shtatlarning manfaatlari qayerda qoladi?» – deya qo‘shimcha qilgan Rubio.

«Men doim NATOni qo‘llab-quvvatlaganman va buning sabablaridan biri – bazalardan foydalanish bizga butun dunyo bo‘ylab harbiy amaliyotlarda ta’sir o‘tkazish va moslashuvchanlik imkonini beradi. Ammo agar NATO – faqat hujum bo‘lgan taqdirda Yevropani himoya qilishimiz haqida bo‘lib, bizga kerak bo‘lganida esa bazalarga kirish rad etiladigan bo‘lsa – buni yaxshi kelishuv deb bo‘lmaydi. Bunday formatda ishtirokni davom ettirish va buni Qo‘shma Shtatlar uchun foydali deyish qiyin. Shuning uchun buning barchasini qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Buning barchasi qayta ko‘rib chiqiladi», – degan u.

U NATO alyans sifatida «bir tomonlama harakatlanadigan ko‘cha bo‘lmasligi lozimligi»ni ta’kidlagan. «Umid qilamizki, bu masalani tartibga solishga erishamiz», – degan u.

  • Mart oyi boshida Ispaniya AQShga o‘z bazalaridan Eron bo‘ylab zarbalar berishda foydalanishga ruxsat bermagandi. Tramp bunga javoban Madrid bilan savdo aloqalarini uzishini aytib tahdid qilgandi. Keyinroq Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches mojaroni diplomatiya yo‘li bilan hal qilishga chaqirib, AQSh va Isroil tomonidan boshlangan urushga qarshi fikr bildirdi.
  • 30 mart kuni El Pais gazetasi Ispaniya Amerika va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotida ishtirok etayotgan samolyotlar uchun o‘z havo kengliklarini yopgani haqida xabar tarqatdi. Bunday samolyotlarga faqat favqulodda holatlarda qo‘nishga ruxsat beriladi.
  • 31 mart kuni esa Corriere della Sera va Reuters o‘z manbalariga tayanib, Italiya o‘tgan haftada Amerika harbiy samolyotlari Yaqin Sharqqa uchish davomida Sitsiliyadagi Sigonella aviabazasiga qo‘nishiga ruxsat bermagani haqida yozdi. Manbalarga ko‘ra, Amerika samolyotlari oldindan xabardor qilmasdan aviabazaga qo‘nmoqchi bo‘lgan.
  • Shuningdek, Trampning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya ham Isroil uchun mo‘ljallangan harbiy yuklarni olib ketayotgan samolyotlarga o‘z hududi orqali uchishga yo‘l qo‘ymagan. «Fransiya muvaffaqiyatli yo‘q qilingan „Eron qassobi“ bo‘yicha juda ishonchsiz hamkor bo‘lib chiqdi! AQSh buni eslab qoladi», – deya yozgan Tramp.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid