O‘zbekiston | 19:56 / 25.09.2023
22842
2 daqiqa o‘qiladi

«Antistrumin»ni ishlab chiqargan korxona faoliyati tekshirilmoqda

«Samo» MChJ korxonasida farmatsevtik faoliyat bo‘yicha tekshiruv ishlari boshlangan. 

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Namanganda bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq voqeaga daxldorligi gumon qilinayotgan «Antistrumin» dori vositasini ishlab chiqargan «Samo» MChJ korxonasida farmatsevtik faoliyat bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, tekshiruv davomida dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga, jumladan, Zarur ishlab chiqarish amaliyoti, Zarur distribyutorlik amaliyoti, Zarur saqlash amaliyoti davlat standartlariga, dori vositalarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va ulgurji realizatsiya qilish doirasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lish va korxona tomonidan majburiy rioya qilish shart bo‘lgan litsenziya talab va shartlari bo‘yicha holatlar o‘rganiladi. 

Shuningdek, Markazning akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalari tomonidan «Dori vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamenti»ga muvofiq, «Antistrumin» dori vositasining xavfsizlik ko‘rsatkichlari tahlil qilinadi. 

Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi Namanganda o‘nlab bolalarning salomatligi yomonlashishiga sabab qilib ko‘rsatilayotgan «Kaliy yodid 1 mg (0,001) tabletka №100 (Antistrumin)» dori vositasi iste’molini laboratoriya xulosalari chiqqunga qadar zudlik bilan vaqtincha to‘xtatib turish haqida topshiriq bergan edi. Vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova imzosi bilan chiqarilgan xatda sog‘lig‘idan shikoyat qilib shifoxonaga yotqizilgan 71 nafar bolaning ahvoli yomonlashishiga kaliy yodid dori vositasi sabab ekani yozilgan. 

Keyinchalik Bositxonova dori yoki ovqatdan zaharlanish holatlari hali tasdiqlangani yo‘qligini, asosiy taxmin o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan bog‘liqligini aytdi. 

Mavzuga oid