Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar va bolalar platformasi – yangi qonun nimalarni o‘zgartiradi?
Joriy yilning 1 iyunidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqida prezident qarori qabul qilindi. Xo‘sh, yangi qaror avval ko‘zda tutilmagan nimalarni belgilab bermoqda?
Endi zo‘ravonlikka uchraganlarning umumiy platformasi bo‘ladi
Huquqshunos Kamola Aliyeva bu haqida ma’lumot berdi.
“Bu zo‘ravonlikdan jabrlangan ayolga tibbiy xizmat olish imkoniyatini beradi. Ular uchastka nozirlari va mahalla xotin-qizlar faoliga murojaat qilgandan keyin markaziy shifoxonalardagi tezkor bo‘limlariga joylashtiriladi. Bu birlamchi ko‘mak xonalari deb nomlanadi. U yerda jabrlangan shaxslar va ularning farzandlariga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatiladi. Oldin bunday xonalar mavjud emas edi, bu yangilik hisoblanadi.
Keyingi bosqichda agar lozim topilsa ularga himoya orderi beriladi va yagona milliy platformaga barcha ma’lumotlar kiritiladi. Bu “Inson” himoya markazlarida amalga oshiriladi. Zo‘ravonlikdan jabrlanganlar bo‘yicha umumiy ma’lumot beradigan bunday platforma bizda shu paytgacha bo‘lmagan edi. Zo‘ravonlar bilan nozirlar va xotin-qizlar faoli suhbatlashgach, ularning agressiv xulqini tuzatish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshiriladi. Bu zo‘ravonlik yana takrorlanmasligi uchun qilinadi”.
Zo‘ravonlar va bunga moyil shaxslar reyestri
2025 yildan esa zo‘ravonlik sodir etgan, bunga moyil bo‘lgan shaxslarning umumiy reyestri yuritiladi, ya’ni bu reyestrga kirgan shaxslar uchun alohida nazorat yuritiladi.
Huquqshunosning aytishicha, O‘zbekistonda bu kabi barcha tizimlarning muvofiqlashtirilgan tarzda ishlashi yo‘lga qo‘yilmagan edi. Agar bu qaror kuchga kirsa va uning ijrosi yaxshi ta’minlansa tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslar yetarli yordamni olishlari mumkin bo‘ladi. Yordam ko‘rsatilgandan keyin jabrlanuvchi 6 oy davomida tegishli idoralarning barchasi: Ichki ishlar idoralari, “Inson” markazi tomonidan nazorat ostida bo‘ladi. Ularning reabilitatsiyasi, ijtimoiylashuvi ham e’tiborga olinadi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni ijtimoiy xizmatlar tizimini yanada takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishar ekan, zo‘ravonlik holatlarida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning 3 bosqichli yangi tizimini joriy etish haqida gapirgan edi.
Mavzuga oid
14:55
Raqamli dalillar bilan ishlash tizimi takomillashtiriladi
11:50 / 20.11.2024
Prezident: 100 ta emas, 5 ta qonun qabul qilaylik, lekin xalqchil bo‘lsin, xalqimizga xizmat qilsin
19:44 / 18.11.2024
Xorazmda o‘quvchining onasi maktabga borib, o‘qituvchi ayolga tashlandi
17:35 / 18.11.2024