Sport | 21:44 / 22.02.2019
35100
10 daqiqa o‘qiladi

Futbolni buzayotgan totalizator, klublarning mas'uliyatsizligi va kelishilgan o‘yinlar haqida PFL rahbariyati bilan suhbat

Klublarimizning xalqaro maydondagi ishtiroki bilan o‘zbek futbolida yangi mavsum boshlandi. Yangi mavsumdagi rejalar va futbolimizda ko‘p muhokama qilinayotgan mavzular borasidagi savollarimizga javob olish uchun Professional Futbol Ligasi direktori Omon G‘ofurov hamda, PFL direktori maslahatchisi Diyor Imomxo‘jayevni studiyamizga taklif qildik. Suhbat davomida PFL rasmiylari barcha savollarimizga atroflicha javob berishdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga»

Avvalo mehmonlarimizdan nima uchun Superliga o‘yinlari bir hafta kechikib boshlanishi haqida so‘radik. Bunga esa PFL rasmiylari jamoalarning mavsumga rasman tayyor bo‘lmaganini sabab qilib ko‘rsatishdi: «Biz chempionat o‘yinlarini 1 martda boshlashga tayyor edik. Lekin jamoalar o‘zlarini hozirgidek tutishda davom etishsa, chempionat startini aprelgacha surishga ham tayyormiz. Mayli, bizni tanqid qilishsin, PFL toshbaqa deyishsin, lekin biz o‘zimizni aldamoqchi emasmiz.

PFLda mavsumni vaqtida boshlash uchun hech qanday muammo yo‘q. Biz reglamentni tayyorlab qo‘yganmiz. Sug‘urta, homiylik borasida ham ishlarimiz joyida. Hatto TV translatsiyasiga kerak bo‘ladigan galereyalar tayyorlash uchun studiyalar qilib qo‘yganmiz. Lekin hali jamoalarning ba'zilarida forma tayyor emas, ba'zilarida formalarining raqamlari yo‘q. Ular 1 martgacha forma masalasini hal qilishlariga ishonamiz, lekin boshqa masalalar ham ochiq qolgan.

Bir qator jamoalar mavsumga chet elda tayyorlanishmoqda. Futbolchilar bilan birga klub bosh direktorlari, sport direktorlari ham ketishgan. Vaholangki ularning bu yerda qiladigan ishlari ko‘p. Stadion masalasi, akademiya masalasi bor. Klublar bundan oldin 20 yillab tekshiruvsiz mavsumni boshlayverishgan. Ular 2019 yilda ham shunday bo‘ladi deb o‘ylashgandi, lekin bunday bo‘lmaydi. Biz oldingi yillardagi xatolarni takrorlashni xohlamaymiz. Chempionatni kerak bo‘lsa may oyida boshlaymiz. Muhimi, hozir bir qadam orqaga tashlasak ham, keyin ikki qadam oldinga siljish. Klublarimiz tartibli ishlash kerakligini tushunib yetishi kerak».

«Ko‘tarma pullar uchun 200, 300 million topishadi, lekin...»

Keyingi savolimiz PFL o‘tgan mavsumda klublarga va'da qilgan mukofot pullari haqida bo‘ldi. Klublar o‘tgan mavsum uchun belgilangan mukofot pullarini qachon olishlariga javob so‘radik: «Biz mukofot pullarini va'da qildikmi, demak beramiz. Lekin o‘z navbatida klublarning ham PFL oldida, yoki futbolchi, murabbiylar oldida qarzdorligi borligini unutmaslik kerak. Klublar avval qarzdorliklaridan qutilishsin, keyin mukofotlarni beramiz. Shunda ular mukofot pullarini klub rivoji uchun ishlatishlari mumkin bo‘ladi. Balki mukofot olishi kerak bo‘lgan klublar badal pullaridan ozod qilinishi mumkin. Xullas, pullar berilmay qolmaydi.

Shu o‘rinda bir narsani ta'kidlash kerak. Reglament bo‘yicha klublar badal pullarini 1 martgacha to‘lab bo‘lishlari kerak. Lekin bizda bu jarayon dekabrgacha ham cho‘zilib ketadi. Klublar futbolchilarga berish uchun 200 million, 300 millionlab pul topishadi, lekin eng asosiy to‘lov bo‘lgan badal pulini cho‘zib yurishadi. Reglamentga ko‘ra, badal pulini o‘z vaqtida to‘lamagan klub o‘sha vaqtning o‘zida chempionatdan chetlatilishi kerak, lekin PFL doim klublarga yon bosib kelgan.

Bizning maqsadimiz yildan yilga klublarning xarajatlarini kamaytirish. Bir necha yildan so‘ng umuman badal pullarisiz chempionat o‘tkazishni maqsad qilganmiz. Bu yildan hakamlar, komissarlar, o‘yin rasmiylari uchun qilinadigan xarajatlarni PFL o‘z zimmasiga oldi. Vaholangki, klublar bu uchun 200, 300 millionlab xarajat qilishardi. Biz mana shu xarajatlarni o‘zimiz qiladigan bo‘ldik. Biz mukofot pullarini mavsum oxirida bermadikki, u holatda klublar pullarini kamomadlari uchun ishlatishardi. Mavsum avvalida bersak, jamoalar bu pullarini klub rivoji uchun ishlatadi».

«Bunyodkor» stadioni hech kimga tegishli bo‘lmagan

Bugun muxlislar Toshkentning «Bunyodkor» klubi taqdiri bilan qiziqishmoqda. Bu jamoa quyi ligaga tushirib yuborilishi mumkinligi haqida mish-mishlar ko‘paygan. Bu borada quyidagicha javoblar oldik: «Men bu gapingizga qo‘shilmagan bo‘lardim, chunki PFL va O‘FA chempionatda o‘ynayotgan barcha jamoalarni himoya qiladi. Agar biz «Bunyodkor»ni himoya qilmaganimizda, FIFA bu jamoadan 6 ochko olib tashlash to‘g‘risida ko‘rsatma berganidan so‘ng bu qaror ijrosini ikki oy kechga surmagan bo‘lardik. Biz «Bunyodkor» o‘z muammosini hal qiladi deb kutdik (ya'ni Simonenko muammosi) va natija bo‘lmagach 6 ochko olib tashlashga majbur bo‘ldik. Yaqinda yig‘ilish o‘tkazildi va unda «Bunyodkor»ni har qanday holatda qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldik.

«Bunyodkor» stadioni haqida gapiradigan bo‘lsak, bu stadion hech kimga tegishli emas. Ha, hech kimga tegishli emas. U 2012 yilda qurilgan va hech qanday hujjatsiz faoliyat yuritgan. Yuqorida aytilgan yig‘ilishda «Bunyodkor» akademiyasini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e'tibor berildi. Biz yosh futbolchilarni tarbiyalab beradigan har qanday akademiyadan manfaatdormiz.

Xabaringiz bo‘lsa kerak, O‘FA qoshidagi markaziy futbol akademiyasi «Bunyodkor» akademiyasi asosida bo‘lishi kerak edi. Lekin biz maslahatlashib «Bunyodkor» akademiyasiga tegmaslikka qaror qildik. Darvoqe, «Bunyodkor» stadioni haqida yana ikki og‘iz. Hozir Turkiya korxonasi stadionning chimini yangilamoqda. Maqsadimiz stadionning maydonini ideal ko‘rinishga keltirish. 2012 yil stadion qurilganda chimni ekkan odamlar unga ikki uch oy umuman tushmaslikni aytishgan. Lekin stadion ochilganda unga kimlar tushganini, nimalar bo‘lganini bilasiz. Shu sabab futbolchilar ham bu stadionda qiynalib o‘ynagan».

«Kim pul bersa, musiqani o‘sha chaldiradi

Bugun «Surxon» jamoasining Superligaga chiqishi haqida ham ko‘p gapirilmoqda. Futbol rasmiylarining aytishicha, bu holatga hozircha aniqlik kiritilmagan: «Biz PFL vakili sifatida bu savolga javob berishimiz noto‘g‘ri. Chunki biz musobaqalarni o‘tkazadigan tashkilotmiz. Biz reglamentni ishlab chiqdik va kerak bo‘lsa 10ta jamoa bilan ham chempionatni boshlayveramiz. O‘FA qoshida futbol klublarini litsenziyadan o‘tkazish qo‘mitasi bor. Biz litsenziyalash uchun o‘z talablarimizni taklif qilamiz. Yuqorida nomi keltirilgan qo‘mita esa chempionatda qaysi jamoa o‘ynashini aniqlaydi. Biz aytishimiz mumkin bo‘lgan narsa shu. Hozircha bizga mana bu klub bu ligada, bu klub bu ligada o‘ynashi kerak degan hujjat kelgani yo‘q.

Bir haqiqatni tan olishimiz kerak. Bugun deyarli barcha klublarimizga davlat korxonalari pul ajratmoqda. Pulni davlat ajratmoqdami, musiqani ham davlat chaldiraveradi. Bu – oddiy haqiqat. Davlat xohlasa biror klubni bu yerga, boshqasini mana bu yerga qo‘yib qo‘yishi mumkin. Klublar xususiylashsagina sport prinsiplari haqida gapirish mumkin».

«Bitta o‘yinda 3 000, 4 000 dollar ishlashadi »

Quyi ligalarsiz yuqori divizionni rivojlantirib bo‘lmaydi. Biroq bizda quyi ligalarning darajasi juda past. Buning sabablaridan biri sifatida kelishilgan o‘yinlar keltiriladi: «Biz Superligada jamoalar sonini 12ta qilishimizning asosiy sababi Pro-Ligada raqobatni kuchaytirish edi. O‘tgan mavsum Pro-Ligada raqobat kuchayganini tan olasizmi? Superligaga chiqish uchun «Surxon», «Mash'al», «Dinamo» kabi jamoalar kurash olib borishdi. Oldinlari esa Birinchi Ligada asosan bitta jamoa g‘oliblik uchun kurashardi. Oddiy qilib aytganda, Oliy Ligaga chiqish uchun yo‘llanmalar soni kurashayotgan jamoalar sonidan ko‘p edi.

Yana bir jihatni ta'kidlash kerak, Pro-Liga jamoalarining asosiy maqsadi futbol o‘ynash bo‘lganida, juda ajoyib bo‘lardi. Lekin ularning asosiy maqsadi totalizator o‘ynash. Bir o‘yinda jamoalar o‘yinni olish yoki o‘yinni berish evaziga 3 000-4 000 dollargacha ishlashadi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, yaqinda PFL xodimi pora bilan qo‘lga tushdi. U Pro-Liga B litsenziyasini olish uchun 2 500 dollar pul olayotgan bo‘lgan. O‘sha jamoa bu pulni totalizator orqali bitta o‘yindayoq chiqarib oladi. Avval bunday pora berishlar oddiy hol bo‘lgan. Agar Pro-Liga B litsenziyasi uchun stavka 2 500 dollar bo‘lsa, Oliy Liga litsenziyasi qanchalik qimmat turganini tasavvur qilavering».

Mavzuga oid