Shavkat Mirziyoyev yangi tuziladigan Jamoatchilik palatasining vazifalarini belgilab berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi yangi davlat organi va Jamoatchilik palatasini tashkil etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Prezident matbuot xizmati ta'kidicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da, ularning o‘rni va faolligi sezilmayapti.
«Chunki bu tashkilotlar manfaatlarini ifoda etuvchi, davlat bilan ko‘prik vazifasini bajaruvchi yaxlit tizim yo‘q.
Hozirda jamoatchilik bilan ishlash tizimi joylarda va sohalarda xalqimizni qiynayotgan masalalarni davlat miqyosiga olib chiqib, hal qilishda natija ko‘rsata olmayapti. Ko‘p nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati rasmiyatchilikdan iborat bo‘lib qolmoqda.
«Mahalla», «Nuroniy», Xotin-qizlar qo‘mitasi kabi yirik birlashmalardan xalqimiz qanday naf ko‘ryapti, ular hayotimizdagi qaysi o‘tkir masalani ko‘tarib, hal qilishga erishdi, degan savolga, afsuski, ijobiy javob yo‘q», – deyiladi xabarda.
Davlat rahbari Oliy Majlisga murojaatnomasida jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida Jamoatchilik palatasi tashkil etish taklifini bildirgan edi.
Bugun yig‘ilishda ushbu palataning asosiy vazifalari, tashkiliy jihatlari ham muhokama qilingan.
«Jamoatchilik palatasi aholi fikrini muntazam ravishda o‘rganib borishi, ularning yechimini topish bo‘yicha davlat idoralari oldiga aniq vazifalarni qo‘yishi zarurligi ta'kidlandi. «Jamoatchilik eshituvi», «jamoatchilik monitoringi», «jamoatchilik ekspertizasi», «jamoatchilik tashabbusi» kabi ta'sirchan nazorat shakllarini hayotga tatbiq etish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari hamda davlat idoralari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini jonlantirish, ularga har tomonlama uslubiy ko‘mak berish ham yangi palata faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan bo‘ladi.
Shu kabi vazifalardan kelib chiqib, Jamoatchilik palatasining tashkiliy-huquqiy asosini yaratish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish bo‘yicha 2020-2021 yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini takomillashtirish, jamiyat hayotiga oid muammolarni o‘rganish va samarali hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga grantlar ajratish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Mavzuga oid
11:22 / 02.05.2024
Prezident: Jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketyapti
21:36 / 01.05.2024
YeTTB O‘zbekistonda «yashil» shaharlarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
09:04 / 30.04.2024
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasini tabrikladi
19:48 / 29.04.2024