Jamiyat | 12:26 / 14.04.2020
128585
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 90 yoshli ota 4 nafar o‘g‘lini sudga berdi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudida ko‘rilgan bu ish mazmuni «g‘ayrioddiy» hisoblanadi. Qariyb bir asr bilan yuzlashayotgan otaxon o‘zining 4 nafar o‘g‘lini sudga berdi.

Foto: KUN.UZ

FIB Samarqand viloyat sudi sudyasi katta yordamchisi Sherjahon Zayniddinovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ota-onaning farzandlar ustidan da'vo arizalari kiritishi so‘nggi yillarda ko‘proq uchramoqda.

Ushbu ishda ham 7 nafar farzandning 90 yoshli otasi o‘z holidan biror farzandi g‘amxo‘rlik qilmayotgani yuzasidan sudga murojaat qilmoqda.

Da'vogar Ya.S. sudda g‘amxo‘rlikka o‘ta muhtoj ekani, 4 nafar o‘g‘lidan birortasi biror marta xabar olmagani, qizlarining uyiga hadeb borish esa kuyovlariga yoqmasligini ma'lum qilgan.

Sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida bir necha marta xabar qilingan bo‘lsa-da o‘g‘illardan birortasi kelmagach, ish sirtdan ko‘rib chiqildi.

Sudda da'vogarning ko‘rsatmalari isbotini topib, uning kam ta'minlangani, o‘g‘illari unga qaramasligi ma'lum bo‘lib, da'vo qanoatlantirildi va darhol ijroga qaratildi. O‘g‘illardan otaga belgilangan miqdorda pul undiriladigan bo‘ldi.

Mavzuga oid