O‘zbekiston | 12:11 / 20.12.2021
9075
2 daqiqa o‘qiladi

Mashinaning suyagini sindiradigan "yama". Mas’ullar Sherobod-Qiziriq yo‘lidagi "jarlik"dan xabardormi?

Tasavvur qiling, tekis yo‘lda bir maromda ketyapsiz va to‘satdan... qarshingizda, aylanib o‘tish imkoni yo‘q masofa qolganda katta yama chiqadi, avtomobil ballonlaridan chiyillagan, kuzovidan"gursillagan" tovush eshitiladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Voha viloyatlari bo‘ylab xizmat safari chog‘ida Surxondaryo viloyati, Denov tumani tomon ketarkanmiz, qatnov qismida to‘satdan paydo bo‘lgan yoriqdan avtomobilimizni bir sakratib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Boshqa iloj ham yo‘q edi. Chunki, keskin harakat qilishning qanday bo‘lishi haqida izoh berish shart emas.

Shundan so‘ng, avtomobilimizni to‘xtatib, Sherobod va Qiziriq tumanlarini o‘zaro bog‘lovchi yo‘ldagi nosozlikni ko‘zdan kechirdik.

Ushbu yo‘ldan doim qatnab yurgan haydovchilar yaqinlashayotgan “yama”dan ogoh bo‘lganliklari bois, omadi kelib, qarshi tomonda transport vositasi bo‘lmasa, qatnov qismining qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib, chuqurni aylanib o‘tmoqda. Avtomobilini keskin tormozlab, “yamadan sekin” o‘tganlar ham bo‘ldi. O‘zimiz yaxshigina tezlikda to‘g‘ri “yama” tomon harakatlanayotgan avtomobillarni sekinlashtirishga muvaffaq ham bo‘ldik.

Nahotki, shu yerga kelganda asfalt yetmay qolgan bo‘lsa, degan o‘y bilan 50-60 metr yurgach, yana mutlaqo yaroqsiz qatnov qismi qarshimizdan chiqdi.

Yo‘lning bu qismini ham bilganlar aylanib, bilmaganlar avtomobilini “chayqatib” o‘tmoqda.

Balki, sherobodlik yo‘lsozlar gap qaysi yo‘l haqida ketayotganini yaxshi bilishar. Shunday bo‘lsa, topishlari oson bo‘lishi uchun manzilga olib boruvchi yo‘l xaritasini maqolaga ilova qilamiz.

Albatta, ushbu yo‘lning boshqa qismlarida ham ta’mirtalab joylari talaygina edi, ammo yuqorida ko‘rsatib o‘tilganlari haydovchini o‘ta keskin vaziyat qarshisida qoldirayotgani sababli namoyish qilishga qaror qildik.

O‘ylaymizki, surxondaryolik yo‘lsozlar ushbu kamchiliklarni tez orada bartaraf etadi.

Mavzuga oid