O‘zbekiston | 22:32 / 17.12.2025
12084
2 daqiqa o‘qiladi

Yunusobod va Sergeli tumanlariga yangi hokim tayinlandi

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Saidaliyev Yunusobod tumani hokimi etib tayinlandi, u 1994 yilda tug‘ilgan. Markaziy bank Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Davron Ismatov esa Sergeli tumani hokimi bo‘ldi.

Abrorxo‘ja Saidaliyev / Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Saidaliyev Abrorxo‘ja Rustamxo‘ja o‘g‘li Toshkent shahri Yunusobod tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

U 1994 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2017 yilda O‘zbekiston milliy universiteti, 2021 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2018 yildan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligida ishlagan, 2022 yil iyun oyidan ushbu tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Yunusobod tumani hokimi lavozimida 2022 yil yanvaridan buyon Bahodir Abduvaliyev ishlayotgandi. Tuman hokimligining rasmiy xabariga ko‘ra, u boshqa ishga o‘tgan.

Davron Ismatov / Foto: Sergeli tumani hokimligi matbuot xizmati

Ismatov Davron Rahimjonovich Toshkent shahri Sergeli tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

U 1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent moliya instituti hamda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida ta’lim olgan. 2024 yil fevral oyidan Markaziy bank Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Elbek Shukurov Sergeli tumani hokimi lavozimidan hurmat bilan kuzatildi. / Foto: Sergeli tumani hokimligi

Sergeli tumanini 2020 yil avgustidan buyon Elbek Shukurov boshqarib kelayotgandi. Tuman hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, u o‘z xohishi lavozimini tark etgan.

Mavzuga oid