O‘zbekiston | 17:09 / 23.11.2022
14747
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Airbus va ATR'dan 17 ta samolyot sotib oladi

O‘zbekiston delegatsiyasining Parijga qilgan rasmiy tashrifi doirasida aviatransportlar bilan bog‘liq 815,3 mln yevrolik shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, Fransiyadan jami 17 ta samolyot va 2 ta vertolyot xarid qilinadi.

22 noyabr kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligi binosida o‘tgan uchrashuvda Airbus hamda Uzbekistan Airways AJ o‘rtasida savdo kelishuviga erishilgan. Gazeta.uz’ning ma’lum qilishicha, kelishuvni O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Airbus International kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Jak Garrige imzolagan.

Airbus va Uzbekistan Airways o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, jami 694,3 mln yevroga 8 ta Airbus A-320 NEO va 4 ta Airbus A-321 NEO samolyotlari, shuningdek, 21 mln yevroga 2 ta Airbus H145 vertolyotlari sotib olinadi.

Shu bilan birga, Airbus O‘zbekistonda o‘z vertolyotlariga xizmat ko‘rsatish markazini ochish bo‘yicha ham rejalari borligini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, bu bo‘yicha loyihaning qiymati 14,1 million yevroga baholangan.

Bundan tashqari, franuz-italyan ATR (Avions de Transport Régional)  konserni bilan O‘zbekistonning mahalliy yo‘nalishlarda parvoz qilishga ixtisoslashgan Silk Avia aviakompaniyasi uchun 100 mln yevro evaziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchidan uchta va lizing beruvchidan ikkita — jami 5 ta samolyot xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi, deb xabar beradi Uzbekistan Airports.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 26 oktyabrdagi qarorida 2022 yilda 3 ta ATR 72-600 rusumli samolyotlarni sotib olish va 2024 yil so‘ngigacha yana 9 ta ATR samolyotini xarid qilish va lizingga olish ko‘zda tutilgan.

«Biz aviakompaniyamiz yaqin kelajakda ATR samolyotlarida parvoz qilishni boshlashidan juda mamnunmiz. Yangi arzon aviakompaniya sifatida biz qaysi samolyot biz uchun eng yaxshi yechim bo‘lishini chuqur tahlil qildik. ATR 72-600 dunyodagi eng mashhur qisqa masofaga uchuvchi samolyotlardan biridir. A320 ga qaraganda to‘rt barobar kam yoqilg‘i sarflaydigan tejamkor va arzon samolyot yo‘lovchilarga hamyonbop narxlarda ishonchlilik va qulaylikni taklif qilish imkonini beradi», — degan «Uzbekistan Airports» boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Shartnoma doirasida Silk Avia Kanadaning Pratt & Whitney kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yangi avloddagi PW127XT dvigatellari bilan jihozlangan samolyotlarni xarid qilmoqda. Bu texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini 20 foizga, yoqilg‘i sarfini 3 foizga qisqartiradi.

Ta’kidlab o‘tish joyiz, ayni paytda Uzbekistan Airways aviakompaniyasi ixtiyorida Airbus kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 10 ta A320, 3 ta A320 NEO va 3 ta A321NEO samolyotlari bor.

Mavzuga oid