O‘zbekiston | 23:43 / 06.08.2025
3601
4 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev BMT bosh kotibi bilan uchrashdi, Ko‘kdala tumanida yana gaz to‘ldirish shoxobchasi portladi – mahalliy dayjest

Turkmanistondagi BMT konferensiyasi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi. Samarqandda YHXB haydovchilarni sarson qilayotgani ma’lum bo‘ldi, ular jarima maydoniga qo‘yilgan avtomobillarini olib chiqolmayapti. Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida yana gaz to‘ldirish shoxobchasi portladi, bu so‘nggi 20 kun ichida ikkinchi holat. Xitoyda tarqalayotgan chikungunya bezgagi O‘zbekistonga xavf solmaydi, deb ishontirdi Sanepidqo‘mita. Nukus shahrida erkak 1 nafar farzandi uchun aliment pulini to‘liq miqdorda oldindan to‘lab berdi, bu rekord qiymat ekani ta’kidlanmoqda. Kun.uz yoritgan ushbu muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi bilan uchrashdi

Turkmanistondagi BMT konferensiyasi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi. Global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalari, shu jumladan, BMT Bosh assambleyasining bo‘lajak 80-yubiley sessiyasini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, Antoniu Guterrishning o‘tgan yil iyul oyidagi mamlakatimizga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma dastur va loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida yana gaz to‘ldirish shoxobchasi portladi

Oltindala mahallasida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida propan suyultirilgan gaz tashuvchi avtosisternadan propan saqlash rezervuariga yoqilg‘i quyish vaqtida chaqnash sodir bo‘lib, yong‘in kelib chiqqan. 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yong‘inni yarim soat ichida o‘chirgan. Yong‘in oqibatida avtosisterna haydovchisi yengil kuyish tan jarohati olgan.

So‘nggi 20 kun ichida bu ikkinchi holat. 16 iyul kuni Ko‘kdala tumanida aholiga xizmat ko‘rsatuvchi gaz to‘ldirish stansiyasi hududida yoqilg‘i saqlash rezervuarida portlash va yong‘in sodir bo‘lgan edi. Hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro halok bo‘ldi.

Xitoyda tarqalayotgan chikungunya bezgagi O‘zbekistonga xavf solmaydi

Sanepidqo‘mitaga ko‘ra, ushbu kasallikni tarqatuvchi chivinlar O‘zbekistonda uchramaydi.

Xitoyning Guandun provinsiyasida bir hafta ichida 3 mingga yaqin odamda salomatlik uchun xavfli bo‘lgan chikungunya bezgagi aniqlangan. Virus kamdan kam hollarda o‘limga olib kelishiga qaramay, bo‘g‘imlardagi og‘riqlar kasallikning o‘tkir bosqichidan keyin haftalab, ba’zan oylab davom etishi mumkin, bu esa bemorning hayot sifatini sezilarli darajada pasaytiradi.

Xitoy hukumati chikungunya epidemiyasini tarqatuvchi mayda chivinlarni yeyish uchun ulkan «filsimon chivinlarni» tabiatga qo‘yib yubordi.

MIB tarixida eng katta miqdordagi aliment to‘landi

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida erkak 1 nafar farzandi uchun aliment pulini to‘liq miqdorda oldindan to‘lab berdi.

U kelgusi 13 yil davomida to‘lashi lozim bo‘lgan aliment pulini, ya’ni 2 milliard 270 million 812 ming so‘mni sobiq turmush o‘rtog‘iga bergan.

Ta’kidlanishicha, bu qiymat MIB tarixida hozircha eng yirik miqdordagi aliment to‘lovi bo‘lib qolmoqda.

Mavzuga oid