Turkmaniston O‘zbekistonga gaz eksportini tikladi
21 yanvar, shanba kunidan boshlab Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni bosqichma-bosqich tiklay boshladi. Ta’minot 12 yanvarda to‘xtab qolgandi.
Turkmaniston 21 yanvardan boshlab O‘zbekistonga gaz eksportini bosqichma-bosqich tiklamoqda. Bu haqda Kun.uz'ga “O‘ztransgaz” matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Kunlik yetkazib berish hajmi bosqichma-bosqich 16 mln kubometrgacha ko‘paytiriladi. Havo keskin sovib ketishidan avval ta’minot hajmi aynan shuncha edi”, – deyiladi “O‘ztransgaz” axborotida.
Turkmaniston O‘zbekistonga gaz eksportini 12 yanvarda to‘xtatib qo‘ygan edi. Ayrim manbalar bunga Rossiyaning bosimi sabab bo‘lgani, yana ayrim manbalar qattiq sovuq sabab Turkmanistondagi “Galqinish” konida texnik nosozliklar yuzaga kelganini bildirgandi. 20 yanvarda Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov shu konga borgani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida O‘zbekiston va Turkmaniston birinchi marta uchinchi tomonning ishtirokisiz, faqat ikki tomonlama muzokaralar orqali qisqa muddatli gaz ta’minoti bo‘yicha kelishuvga erishgan. O‘shanda rasmiy manbalar anonim holatda kuniga 20 mln kub metr (3 oyda jami 1,5 mlrd kub metr) gaz importiga kelishilganini aytgandi.
Avvalroq Rossiya O‘zbekistondan gaz-transport tizimini “Gazprom”ga berishni so‘ragani ma’lum bo‘lgandi.
Ayni paytda, O‘zbekiston Xitoyga gaz eksportini to‘xtatgani haqidagi o‘zbek rasmiylarining axborotlarini Xitoy tomoni inkor etmoqda.
Mavzuga oid
11:07 / 07.11.2024
Tadbirkorlarga gaz bo‘yicha hisoblangan asossiz 3,7 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
11:50 / 01.11.2024
Yevropa gaz omborlari deyarli to‘liq to‘ldi
07:32 / 01.11.2024