O‘zbekiston | 21:08 / 30.12.2019
68956
3 daqiqa o‘qiladi

«Tungi navbatchilik majburiy mehnatga kiradi» - Senat raisi

30 dekabr kuni Senatda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiya raisi Tanzila Norboyeva tungi navbatchilik va majburiy mehnat masalalariga to‘xtaldi.

«Majburiy mehnatning Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan belgilab berilgan 11ta sifati bor. U konvensiyaga kiritilgan. Tungi navbatchilik, masalan, u majburlashga kiradi baribir. Chunki u o‘z xohishi bo‘lmasa ham, kechasi bilan o‘tirishga majbur.

Lekin hashar, [o‘z] hududini tozalash – bunaqa narsalar majburiy mehnatga kirmaydi. O‘sha bitta-ikkita odam xohlamasa chiqmasin. Uni birov zo‘rlamaydi ham, qattiq gapirishga ham haqqi yo‘q», – degan Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi davlat dasturlari doirasida mehnatga jalb etish holatlariga ham o‘z munosabatini bildirdi.

«Obod qishloq», «Obod mahalla» haqida gapirganimda, masalan, o‘qituvchi dars berayotgan bo‘lsa, o‘sha dars soati paytida: «Borib «Obod qishloq»ning ishini qil» yoki tibbiyot xodimiga davolash, ish jarayonida «Borib o‘sha yerdagi ishni qilgin» deyiladigan bo‘lsa, bu – majburiy mehnatga kiradi. Chunki u o‘zining funksiyasini bajarmayapti, boshqa ishga jalb qilinyapti», – dedi u.

Senat raisi komissiya a'zolariga tungi navbatchilikka oid yagona munosabatni shakllantirish va agar davlatga ko‘ngillilik asosida qo‘shimcha ishlar zarur bo‘lsa, buni yangi tahrirda ishlab chiqilayotgan Mehnat kodeksida inobatga olish kerakligi haqida ko‘rsatma berdi.

Mavzuga oid