O‘zbekiston | 21:28 / 25.12.2025
5351
4 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar yashirincha tasdiqlagan 41 trln so‘m va YHXX raddiyasi – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

1 yanvardan “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi ishga tushiriladi

2026 yil 1 yanvardan davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi joriy etiladi.

Davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash dasturning asosiy vazifasi sifatida belgilangan.

Dastur davlat xizmatlarini raqamlashtirish va jarayonlarni soddalashtirish orqali fuqarolar hamda biznes uchun qulay muhit yaratish, shuningdek, shaffoflikni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Deputatlar qonundan tashqari ishlatilgan 41 trln so‘m xarajatni «yashirincha» tasdiqlab bergani ma’lum bo‘ldi

Davlat organlari va tashkilotlarining 2025 yilgi xarajatlari qonunda ko‘rsatilganidan qariyb 41 trln so‘mga yoki 14,5 foizga oshib ketgan. Bu xarajatlarni postfaktum qonunga kiritib qo‘yish yuzasidan Qonunchilik palatasining yig‘ilishi jonli efirsiz o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Senatda ham qo‘shimcha xarajatlarning 26 trln so‘mga yaqin qismi nimaga ishlatilgani aytildi, qolgan 15 trln qanday taqsimlangani esa aniqlashtirilmadi.

2024 yilning yakunida ham davlat organlari va tashkilotlarining 2024 yildagi xarajatlari qonunda yozilganidan 10 trillion so‘mga oshib ketgandi. Qonunchilik palatasi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni hukumat so‘raganidek qilib 9 daqiqa ichida uchta o‘qishdan o‘tkazib bergandi. Bunga biror deputat qarshi ovoz bermagandi.

YHXX yo‘llardagi kameralardan shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqqanini rad etdi

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ko‘ra, O‘zbekiston yo‘llardagi harakatni jonli kuzatish alohida yopiq serverlarda amalga oshiriladi va u tizimga hech kim kirmagan. TechCrunch aniqlagan holat esa, sinov jarayonidagi qurilmalar qayd etgan qoidabuzarliklar yozilgan ochiq server, dedi YHXX bo‘lim boshlig‘i Suxrob Tursunov.

23 dekabr kuni AQShning TechCrunch nashri kiberxavfsizlik nuqsoni tufayli O‘zbekistondagi yo‘l hodisalari, insonlar yuzi va avtomobil raqamlarini kuzatish tizimining yuzlab kameralari internetda ochiq qoldirilgani haqida yozgandi.

24 dekabr kuni Suxrob Tursunov OAV vakillari bilan uchrashuvda bu da’volarni rad qildi.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Prezident farmoni bilan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi. Unda belgilanishicha, 2026 yil 1 fevraldan boshlab, zo‘ravonlik oqibatida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Farmonda qayd etilishicha, professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi.

Zo‘ravonlik oqibatida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va mazkur oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi.

Mavzuga oid