O‘zbekiston | 18:27 / 11.11.2025
9926
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident huzurida havo ifloslanishi va daraxtlar kesilishi muammolari muhokama qilindi

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov davlat rahbariga o‘z takliflarini taqdimot qildi. Ekologiya organlarining vakolatlarini kengaytirish va qoidabuzarliklarga qarshi tezkor chora ko‘rish, daraxtlarning noqonuniy kesilishi va havo ifloslanishining oldini olish kabilar taklif etilmoqda. Aynan qanaqa choralar haqida gap ketayotgani hozircha ma’lum emas.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 noyabr kuni ekologiya sohasidagi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Rasmiy relizda aytilishicha, O‘zbekistonda ekologiya sohasida tizimli tarqoqlik mavjud: mas’uliyat va vakolatlar turli idoralar o‘rtasida bo‘linib ketgan. Natijada sohadagi ishlar samarasi har doim ham kutilgan darajada bo‘lmayapti.

Shu munosabat bilan yig‘ilishda sohada boshqaruvni takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Atrof-muhit sifatini, shaharlarda atmosfera havosini yaxshilash, yashil hududlarni rivojlantirish, tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish va tabiiy merosni muhofaza qilish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirishni markazlashgan holda olib borish taklif etildi.

Ekologik nazoratni alohida yondashuvlar asosida yo‘lga qo‘yish va mas’ul idoralarning vakolatlarini kengaytirish rejalari haqida ma’lumot berildi. Bunda:

  • sohadagi qoidabuzarliklarga qarshi tezkor chora ko‘rish;
  • daraxtlarning noqonuniy kesilishining oldini olish;
  • havo ifloslanishining oldini olish,
  • jamoatchilik ishtirokini kengaytirish;
  • sanoatda ekologik tartibga solishni takomillashtirish,
  • aholi punktlarida yashil hududlarning saqlanishini ta’minlash choralari ko‘rib chiqildi.

Rasmiy xabarda aynan qanaqa choralar ekani haqida ma’lumot berilmagan.

Qayd etilishicha, davlat rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, ularni boshqaruvda sifat va samaradorlikni yangi bosqichga olib chiqish, nazorat va mas’uliyatni kuchaytirish nuqtayi nazaridan yanada takomillashtirish yuzasidan topshiriqlar bergan.

O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi Obid Hakimov

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyi oxirida Ekologiya vazirligi Toshkentda havo sifatini yaxshilash choralari bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritganini ma’lum qilgandi. Shu bilan bir vaqtda Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida 174 ta daraxt noqonuniy kesib tashlandi: ekologiya vazining maslahatchisi Rasul Kusherbayevga ko‘ra, bu holatga shahar hokimligi bosh-qosh bo‘lgan, ekologiya organining esa qo‘li kaltalik qilgan.

Ma’lumot uchun, 2026 yildan boshlab 40 dan ortiq tumanda tajriba-sinov tariqasida mahalliy hokimiyatlar tuzilmasiga o‘tkaziladi. Ya’ni tumandagi ekologiya rahbarini lavozimga tayinlash va ishdan olish ham, rag‘batlantirish yoki jazolash ham hokimlar vakolatida bo‘ladi.

Mavzuga oid