O‘zbekiston | 21:47 / 01.02.2020
16449
3 daqiqa o‘qiladi

26 sotix yerni 208 ming dollarga sotib yuborgan fermer tergov qilinmoqda

1 yanvar kuni Bosh prokuraturada Yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ayrim fermerlar ijaraga berilgan yer maydonlarini noqonuniy sotayotganligi ham tanqid ostiga olindi.

Ma'lum bo‘lishicha, so‘nggi ikki yilda 76 nafar fermer yerlarni noqonuniy sotganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev

Zangiota tumani «Semurg‘» fermer xo‘jaligi boshqaruvchisi T. fuqaro P.ga 70 sotix sug‘oriladigan yerning har bir sotixini 5 ming AQSh dollaridan, jami 350 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan 50 ming AQSh dollarini olayotganda ushlangan.

Vaholanki, ushbu yer maydoni Zangiota tumani hokimining qarori bilan shu fermer xo‘jaligiga meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash sexi tashkil qilish uchun berilgan.

Qibraydagi «Toshkent oazis» fermer xo‘jaligi rahbari I. ham 26 sotix yer maydonini 3 nafar fuqaroga jami 208 ming AQSh dollariga sotib yuborganligi uchun tergov qilinmoqda.

Yig‘ilishda, yerga oid qonun buzilishi holatlarining oldini olishga ko‘maklashishga mas'ul Fermerlar Kengashi, mahalla raislari, uchastka profilaktika inspektorlari yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilmalarni oldini olishda tashabbus ko‘rsatmayotganligi ta'kidlanib, ulardan yanada faollik ko‘rsatish so‘raldi.

Oxirgi ikki yilda 21 nafar mahalla raisi yer bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgar bo‘lganligi tanqid ostiga olindi.

Misol uchun, Xiva tumanidagi «Qushchi Kattabog‘» mahallasi raisi E. fuqaro R.dan 2ta turar-joy uchun zaxiradagi yerlardan ajratishni va'da qilib, 10 ming AQSh dollari talab qilgan hamda shundan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Qarshi tumanida esa, «Kat» mahallasi raisi Sh. fuqaro U.ga 12 sotix yerni uy-joy qurish uchun ajratib berish evaziga 70 mln. so‘m olganda qo‘lga olingan.

Mavzuga oid