O‘zbekiston | 21:50 / 17.10.2019
28349
6 daqiqa o‘qiladi

Saylovchilarga va'dalar, YeOIIga kirishning «plyus» va «minus»lari haqida - Narimon Umarov bilan suhbat

O‘zbekiston katta siyosiy jarayon - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi arafasida turibdi.

Shu munosabat bilan Kun.uz mazkur jarayonlarning borishi hamda partiyalar faoliyati borasida batafsil fikrlashish maqsadida O‘zbekistondagi mavjud beshta siyosiy partiyalar rahbarlari bilan suhbatlar tashkil etmoqda.

Navbatdagi suhbatdoshimiz «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi rahbari Narimon Umarov.

Narimon aka, dastlabki savol: «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi yaqinlashayotgan saylovlarda o‘z qo‘llab-quvvatlovchilari uchun nimalarni va'da qiladi? Umuman, mazkur partiyaning dasturidagi asosiy yo‘nalishlar haqida ma'lumot bersangiz.

— Albatta, siyosiy partiyalar xalqning ishonchini qozonish, mavqeyini oshirish va a'zolarini sonini oshirishida saylovoldi dasturlarining o‘rni katta.

Saylovoldi dastur qanchalik kuchli, jozibali, xalqchil va belgilangan vazifalar aniq bo‘lsa, xalq partiyaga ishonadi. Shu boisdan, biz ham 2014 yilda qabul qilgan besh yillik dasturimizni yangilab, unga qo‘shimchalar qo‘shyapmiz. Ya'ni, yil boshidan boshlab keyingi besh yillik uchun saylovoldi platformasi ustida ishlayapmiz.

Bizning bu dasturlarimiz quyidagi katta yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:

Birinchidan, sud-huquq sohasidagi islohotlarni davom ettirish.

Bu bandning o‘zi ham bir nechta yo‘nalishda islohotlar qilishni ko‘zda tutadi.

1) Respublika miqyosida sudlarni birlashtirgan holda yagona tizimga keltirish. Shunda o‘ylaymizki, aholida hozirgi kabi qiyinchiliklar bo‘lmaydi, bir organga boradi.

2) Tergov organlarini optimallashtirish. Hozirgi vaqtda uchta vazirlikda uchta tergov organi bor. Biz yagona tergov organini yaratishimiz zarur.

3) Advokatura organlari faoliyati mustaqilligini ta'minlash. Biz advokatlar mustaqilligini ta'minlay olmayapmiz.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 8300 nafar odamga 1ta advokat to‘g‘ri keladi. Vaholanki, Isroilda bu ko‘rsatkich 126 kishiga 1ta, Estoniyada 1100 kishiga 1ta, Qozog‘istonda 3800 kishiga 1ta. Bizdagi advokatlar soni jahondagi birorta standartga mos kelmaydi.

Ularning mustaqilligi masalasi ham juda dolzarb.

Sud jarayonida advokat bilan prokurorning mavqeyi bir xil emas.

Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurash va uchinchidan, aholining huquqiy savodxonligini oshirish masalasi. Dasturimizda ushbu masalalar ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Agar siz rahbarlik qilayotgan partiya bo‘lajak saylovda ko‘proq o‘ringa ega bo‘lsa, tabiiyki, parlament va hukumatda o‘zgarishlarga qo‘l urishi kerak. Ayting-chi, voqealar shunday rivojlansa, biz qanday o‘zgarishlarni kutsak bo‘ladi? Bu borada aniq rejalar bormi?

— Biz bunday o‘zgarishlarga tayyormiz. Safimizda, siyosiy kengashimizda va qo‘llab-quvvatlovchilarimiz orasida yuqori malakali insonlar ko‘p.

Biz islohotlarimizni ko‘proq sotsial-demokratlarning g‘oyalariga tayangan holda, ijtimoiy yo‘nalishda ko‘ramiz, albatta iqtisod va boshqa yo‘nalishlarni esdan chiqarmagan holda.

Narimon aka, siz katta bir siyosiy partiya rahbari sifatida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish ehtimolini qanday baholaysiz va buning biz uchun o‘ziga xos minus va plyus taraflari haqida gapirsangiz. Umuman, «Adolat»ning bu boradagi pozitsiyasi qanday?

— Haqiqatdan ham, sobiq SSSR hududida birlashgan ittifoq tashkil qilingan. Bizning dasturimizda qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy, ijtimoiy, gumanitar sohalarda mustahkam aloqalarni olib borish belgilangan.

Biz baribir bitta mintaqada yashaymiz va qo‘shnilar bilan muammolarimiz ham o‘xshash. Masalan, beshta mamlakatda ham suv muammolari mavjud. Iqtisodiyotda ham shunday. Shaxsan men bu jarayonni ham qiziqarli ham iqtisodiy jihatdan foydali deb bilaman.

— Demak, «adolatchilar» YoOIIga qo‘shilishni yoqlashadi?

— Albatta yoqlaymiz, lekin bu tahlillar bilan bo‘lishi, taroziga solinishi kerak. To‘g‘ri, hamma narsaga «xo‘p» deb kirib ketaverish yaramaydi, lekin mintaqamiz shuni xohlayotgan ekan, biz bundan chetda turishimiz kerak emas.

— Buning «minus»lari-chi?

— Ha, bu jihatlari ham bor, lekin bu taraflarini iqtisodchilar ko‘proq o‘ylashi kerak. Bizga yaxshi tahlillar kerak.

Hozir ijtimoy tarmoqlar orqali ham ko‘plab tahlillar bildirishyapti, lekin bularning ko‘pi sayoz fikrlar.

Men ekologiya sohasida ishlagan paytlarimda qo‘shnilar bilan ko‘p muammolarni ko‘rganman. Masalan, bojxona tamoyillari sabab, Ustyurt platosida jayronlar o‘tib yuradigan yo‘llarni ham yopishga majbur bo‘lganmiz. Chunki Qozog‘iston ittifoq safida edi.

Bu masalalarni ham ko‘rib chiqish kerak. Ya'ni, tarozining bir pallasida «minuslar» va bir pallasida «plyuslar».

— Siz iqtisodimizdagi ehtimoliy o‘sishlar haqida gapiryapsiz, lekin ittifoq tarkibidagi davlatlarda ham juda katta iqtisodiy o‘sishlar kuzatilayotgani yo‘q, nazarimda...

— Masalan, Rossiya va Belarus o‘rtasidagi holat. Belarus tomonidan Rossiyaga nisbatan e'tirozlar ko‘p kuzatilyapti.

Men bu holatlarni bir tashkilotga a'zo bo‘lishda kuzatiladigan muammolarning darakchisi deb bilaman. Shuning uchun ham bizga kuchli tahlillar kerak.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid