O‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb etgan, ko‘zbo‘yamachilik qilgan rahbarlar jinoiy javobgarlikka tortiladi
O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Komil Allamjonov jurnalistlar uchun brifing o‘tkazdi. Brifing prezidentning Sirdaryo viloyati faollari yig‘ilishida ijtimoiy soha xodimlarining obodonlashtirish ishlariga jalb etilayotgani, ayrim joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotgani bo‘yicha bildirgan tanqidiy fikrlaridan so‘ng ko‘rilayotgan choralar haqida bo‘ldi.
«Prezident bunday holatlar yana qaytarilmasligi uchun huquqiy mexanizmlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Topshiriqqa ko‘ra, aholini, ayniqsa, Sog‘liqni saqlash va ta'lim sohasi xodimlari va talabalarini obodonlashtirish ishlariga jalb etishni qat'iy taqiqlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqariladi.
Ushbu qarorda joylardagi obodonlashtirish xizmatlari faoliyatini kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar aks etadi.
Bunda xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasi inobatga olinadi. Fuqarolarni jamoat ishlariga majburlash holatlari shundan keyin ham kuzatilsa, prezident ta'kidlaganidek, jazo qattiq bo‘ladi. Jumladan, jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.
Shavkat Mirziyoyev Bosh prokuratura oldiga ham bir qator vazifalar qo‘ydi. Samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeyevaning bevaqt o‘limiga sababchi bo‘lgan mansabdor shaxslarni yuridik javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Hozirda bu hodisa bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Prezident o‘z nutqida joylardagi ko‘zbo‘yamachilik holatlaridan ham qattiq norozilik bildirdi. Xo‘jako‘rsinga qilingan ishlar yuzasidan prokurorlik tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Jumladan, Qashqadaryoda yo‘l yoqalarida yasalgan soxta issiqxonalar, Jizzaxdagi tibbiyot muassasida eski uskunalar o‘rnatilgani, mijozlarni onlayn ro‘yxatga olish dasturi yaroqsizligi holatlari tekshiriladi.
Prezident yana shunday ko‘zbo‘yamachilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida doimiy va qat'iy nazorat o‘rnatish zarurligini ta'kidladi. Ko‘zbo‘yamachilikka uringan yoki buning oldini olmagan rahbarlar qattiq jazolanadi.
Viloyatlarga tashriflar [Prezidentning] chog‘ida ko‘rsatilgan, jumladan, bank rahbarlari tomonidan taqdim etilgan loyihalarni chuqur va tahliliy inventarizatsiyadan o‘tkazish, kamchiliklar aniqlangudek bo‘lsa, keskin choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari bergan topshiriqlar ijrosi, aybdorlarning jazolangani haqida OAVda, jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi mediamarkaz tomonidan xabarlar berib boriladi», deya so‘zlarini yakunladi Komil Allamjonov.
Mavzuga oid
11:41 / 11.11.2024
Ramzan Qodirov Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan munosabat bildirdi
23:45 / 08.11.2024
“Agar jurnalist haq bo‘lsa, biz uni tan olishimiz kerak” – prezident
16:18 / 28.10.2024
Komil Allamjonov avtomobiliga o‘q uzishda gumonlanib yana uch kishi ushlandi
23:51 / 27.10.2024