O‘zbekiston | 21:35 / 08.10.2025
4696
4 daqiqa o‘qiladi

Tasvirga olishdagi rozilik va shovqin uchun kuchaytiriladigan jazo – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Fuqarolarni roziligisiz tasvirga olish taqiqlanishi mumkin

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan qonun loyihasiga ko‘ra, shaxsning tasvirini suratga olish va foydalanish uchun majburiy ravishda roziligini olish talabi joriy etiladi. Shuningdek, bolalar ham o‘z tasviri bo‘yicha mustaqil huquq sub’yekti hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

Hujjatda, shuningdek, qaysi hollarda shaxsning roziligisiz tasvirga olish va tasvirdan foydalanish mumkinligi hamda videokuzatuv amalga oshirilayotganda shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha talablar aniq belgilab berilgan.

Shu bilan birga, jamoat joylariga videokuzatuv tizimlari o‘rnatilganda, bu haqda ko‘rinib turadigan va oson tushunilgan holdagi ogohlantiruvchi belgi joylashtirilishi majburiy hisoblanadi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Piskent poligoni yopilishi ortidan O‘zbekistonga avtomobil importi keskin oshdi

Joriy yil sentabr oyida O‘zbekistonga yengil avtomobil importi qiymat jihatdan 2,25 barobarga, miqdor jihatdan esa 2,22 barobarga oshdi. Miqdor jihatdan eng katta o‘sish elektromobillar importida kuzatilgan – 3,5 barobar. Benzinli yengil avtomobillar importi ham 48 foizga ko‘paygan bo‘lsa, gibrid avtomobillar olib kirish qisqarishda davom etyapti.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab import qilingan avtomobillarni bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkazish boshlangandi. Shuningdek, yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan mashinalar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi ham joriy qilindi. Avtopoligonning mavjud quvvati real talabdan bir necha barobarga kamligi import hajmining keskin qisqarishiga ta’sir o‘tkazib kelayotgandi.

Fuqarolarning normal dam olishini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

«Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Loyiha bilan fuqarolarning normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘ini amaldagi 7 soatdan (soat 23:00 dan 6:00 gacha) 8 soatga (soat 23:00 dan 7:00 gacha), dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari esa soat 22:00 dan 9:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘iga o‘zgartirish taklif etilmoqda.

Ushbu vaqt oralig‘ida fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytiriladi.

O‘zbekistonda Meta kompaniyasi vakolatxonasi ochilishi mumkin

Istiqbolli loyihalar milliy agentligida Meta kompaniyasi (Facebook, Instagram, WhatsApp, Threads) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muhokama chog‘ida O‘zbekistonda Meta vakolatxonasini ochish istiqbollari, reklamani ilgari surish va kompaniya platformalarida joylashtirishda firibgarlikning oldini olish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, kontentni monetizatsiya qilish va mamlakatdagi raqamli kontent yaratuvchilarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni davom ettirish va hamkorlikning muayyan yo‘nalishlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Toshkent viloyatida prokuraturaning ikki xodimi qo‘lga olindi

Bekoboddagi tezkor tadbirda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Guliston tuman bo‘limi boshlig‘i va Bekobod shahar bo‘limi katta tezkor vakili fuqarodan 25 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, ular Zangiota tumanida faoliyat yurituvchi 4 ta korxona norasmiy rahbari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilib, hozir jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudida ko‘rilayotgan jinoyat ishini ijobiy hal qilishni hamda Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi tomonidan 2 ta korxonada o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvlarini noqonuniy deb topib berishni va’da qilishgan.

Mavzuga oid