O‘zbekiston | 19:03 / 22.03.2020
50694
4 daqiqa o‘qiladi

Maktab o‘quvchilari uchun TV-darslar to‘rtta telekanal orqali efirga uzatiladi

«Yoshlar» telekanalida - 1-4-sinf, «Oilaviy» telekanalida - 5-8-sinf, «Madaniyat va ma'rifat» telekanalida - 9-11-sinf o‘quvchilari uchun, «Dunyo bo‘ylab» telekanalida esa barcha amaliy fanlardan televizion darslar berib boriladi.

Foto: O‘zA

Bu haqida Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«O‘quvchilarning karantin ta'tilidagi vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va o‘quv dasturida belgilangan bilimlarni o‘z vaqtida o‘zlashtirishlari maqsadida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda televizion darslarni tasvirga olish ishlari boshlangan.

Televizion darslarni tasvirga olishda imkoniyati cheklangan bolalarni o‘qitish ham inobatga olingan. Barcha dars mashg‘ulotlari kar va zaif eshituvchi bolajonlarga ham tushunarli bo‘lishi uchun surdopedagog hamda surdotarjimonlar tomonidan sinxron ravishda tarjima qilinmoqda. Ko‘zi ojiz bolalar esa televizion dars mashg‘ulotlarini ovozli eshitib, tushunib olishlariga imkon yaratiladi. Bu jarayonga soha mutaxassislari jalb etilgan.

Televizion darslar 2 tilda (o‘zbek va rus) tasvirga olinmoqda. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahalliy telekanali orqali qoraqalpoq tilida televizion darslar ham tayyorlanmoqda. Qolgan tillarda (qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik) zarurat tug‘ilganda, albatta, mahalliy telekanallar bilan hamkorlikda televizion darslar tayyorlanadi», dedi Kenjayev 22 mart kungi brifingda.

Dilshod Kenjayevga ko‘ra, teledasturlar, ya'ni darslar jadvali va efir vaqtlari keyingi hafta 26 martdan boshlab anons shaklida e'lon qilinadi.

Vazir o‘rinbosari masofaviy ta'limda foydanish mumkin bo‘lgan qo‘shimcha internet resurslari haqida ham axborot berdi.

«Xalq ta'limi vazirligining rasmiy veb-saytida, kundalik.com hamda «Onlayn maktab» elektron portali orqali ham videodarslarni kuzatib borish mumkin.

Shuningdek, Respublika bolalar kutubxonasining www.kitob.uz saytida o‘zbek tilida (qisman rus tilida ham) badiiy adabiyotlar joylashtirilmoqda. Bugungi kunga qadar saytga 1083ta (646ta elektron, 437ta audio) elektron kitob va audio resurslar joylashtirilgan.

Yana qo‘shimcha ravishda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaning internet tarmog‘idagi www.natlib.uz sayti hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Telegramdagi @bolalikkunlarimda kanalidan badiiy adabiyotlarni ham yuklab olish hamda audio resurslarni tinglash mumkin», deya ta'kidladi vazir o‘rinbosari.

Dilshod Kenjayevning aytishicha, maktab o‘quvchilari uyda mustaqil ta'lim olish jarayonida yordam kerak bo‘lsa, o‘qituvchilarga murojaat qilishi mumkin.

«O‘quvchilarimiz uyda mustaqil dars tayyorlayotgan vaqtlarda mavzularni o‘zlashtirish bo‘yicha savollarga javob olishlari uchun birinchi navbatda o‘zlarining ustozlariga, ya'ni fan o‘qituvchilariga murojaat etishlari mumkin.

Bundan tashqari, mahoratli fan o‘qituvchilari ― psixologlar va metodistlar tomonidan ham maslahat berib borishlari yo‘lga qo‘yiladi. Vazirlikning rasmiy ijtimoiy tarmoqdagi kanallari va sayti orqali ham mutaxassis maslahatlari berib boriladi», deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid