O‘zbekiston | 13:02 / 03.02.2023
17185
2 daqiqa o‘qiladi

Qattiq sovuqdan qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga yengilliklar beriladi

Bugun, 3 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida tadbirkorlar bilan uchrashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Bu yil qish nihoyatda sovuq keldi. Ko‘plab tadbirkorlar bundan qiynalganini bilib turibman», — dedi Prezident.

Respublikada 3 mingta hududiy sanoat korxonasida 7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmagan (ularda 350 ming aholi band). Hisob-kitobga ko‘ra, zarur choralar ko‘rilmasa, birinchi chorakda yalpi mahsulot o‘sishi 1,5 foizgacha pasayishi mumkin (5 foizdan 3,5 foizgacha).

«Oldimizda dolzarb vazifa — «qattiq sovuq» oqibatlarini bartaraf etib, biznes faoliyatini tezroq izga tushirish», — dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Shu bois, iqtisodiyotda yo‘qotishlar o‘rnini qoplash va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun bugun alohida Prezident qarori imzolangan.

Jumladan:

  • 2 ming nafar kichik va o‘rta tadbirkorlarning yanvar-martda muddati keladigan 4,7 trillion so‘m kredit to‘lovlari 1 iyunga qadar uzaytiriladi;
  • 29 mingta tadbirkorning 2 trillion so‘m soliqdan qarzini 1 iyulga qadar foizsiz, qo‘shimcha garovsiz va “penya”siz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
  • quvvati pasaygan 545 ta sanoat korxonasiga ishlab chiqarishni tiklash va aylanma mablag‘ uchun 8 trillion so‘m kredit ajratiladi;
  • nosoz uskunalarni ta’mirlashga kreditlar ajratiladi, ular bo‘yicha 2,5 milliard so‘mgacha kafillik beriladi va kredit stavkasining 4,5 foizi qoplab beriladi;
  • 27 mingta tadbirkor uchun davlat mulki ijara to‘lovi 1 aprelga qadar o‘zgarmaydi va uni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi (tadbirkorlarda 52 milliard so‘m qoladi);
  • davlat mulkini sotib olgan tadbirkorlar uchun to‘lovlar, foiz va “penya” 1 aprelga qadar to‘xtatib turiladi;
  • ishlab chiqarish binolarining har bir yuqori qavati uchun tadbirkorlarga mol-mulk solig‘idan 10 foizdan chegirma beriladi.

Mavzuga oid