Jamiyat | 14:55 / 28.02.2019
12776
2 daqiqa o‘qiladi

Senator: ayol homiladorlikka ham, uni sun'iy ravishda to‘xtatishga ham majburlanmaydi

Yuridik va jismoniy shaxslar fuqarolarning reproduktiv huquqlarini amalga oshirishi bilan bog‘liq axborotni sir saqlashi shart, deb belgilab qo‘yilmoqda. Bu haqda senator Zayniddin Nizomxo‘jayev «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida»gi qonunga munosabat bildirib, shunday degan.

Nizomxo‘jayevning aytishicha, aholi reproduktiv salomatligini yaxshilashning asosiy g‘oyasi erkak va ayollar bepushtligining oldini olish va davolash tizimini qonunchilik bazasini mustahkamlashdan iboratdir.

«Fuqarolar o‘z reproduktiv salomatligini saqlashda o‘zining reproduktiv salomatligi to‘g‘risida ishonchli va to‘liq axborot olish, tug‘ilishni tartibga solishning xavfsiz usullaridan va kontratsepsiyadan foydalanish, yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish kabi qator huquqlarga ega.

Shu o‘rinda alohida ta'kidlash joizki, yuridik va jismoniy shaxslar fuqarolarning reproduktiv huquqlarini amalga oshirishi bilan bog‘liq axborotni sir saqlashi shart deb belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, Qonunda ayollarning reproduktiv salomatligini saqlash va ona bo‘lish huquqi, erkaklarning hamda voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlash masalalari batafsil ochib berilgan», - deydi u.

Qonunga ko‘ra, ayolni homiladorlikka, uni sun'iy ravishda to‘xtatishga va kontratsepsiyaga majbur qilish mumkin emas. Erkaklarga va voyaga yetmagan shaxslarga ularning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida axborot berish anonim tarzda va maxfiy amalga oshiriladi.

Qonunda EKO, ya'ni sun'iy ekstrakorporal urug‘lantirish masalasiga alohida urg‘u berilgan. Senat yig‘ilishida ma'ruza qilgan senatorning aytishicha, EKO faqat rasmiy nikohda yashayotgan er-xotin uchun ruxsat berilishi nazarda tutilmoqda.

Mavzuga oid