Jahon | 11:06 / 22.03.2023
46972
5 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston va Pokistonda zilzila oqibatida qurbonlar va vayronagarchiliklar qayd etildi

Zilzila o‘chog‘i joylashgan Afg‘onistonning o‘zida uylar vayron bo‘lgan.

Foto: Asia-Plus

21 mart kuni soat 21:47 da O‘zbekiston va boshqa bir qator davlatlar hududida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Yerosti silkinishlari magnitudasi 6,5 dan 7,7 gacha bo‘lgan. Yer silkinishi sezilgan barcha mamlakatlarda odamlar shoshilinch ravishda uylarini tark etishdi.

Kuchli silkinishlar Pokiston, Hindiston va Markaziy Osiyoning boshqa qator davlatlarida ham sezilgan.

Zilzila Pokiston poytaxti Islomobod, shuningdek, Lahor, Ravalpindi, Kvetta, Peshovar va mamlakatning boshqa bir qancha shaharlarida sezildi, deya xabar bermoqda «Anadolu».

Afg‘oniston bilan chegaradosh Svat mintaqasida ikki kishi halok bo‘lgani, 150 dan ortiq kishi jarohat olgani xabar qilingan. To‘liq va qisman vayron bo‘lgan binolar mavjud. Halok bo‘lganlardan biri, 13 yoshli qiz uyidagi devor qulagan, deb xabar bermoqda Reuters.

Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyatining Quyi Dir tumanida uy tomining qulashi oqibatida bir ayol halok bo‘ldi, 7 kishi jarohat oldi. 

Islomoboddagi ayrim binolarda katta yoriqlar paydo bo‘lgan.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tegishli tuzilmalarga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga tayyor turish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Hozirgacha jami 9 kishining o‘limi haqida xabar berilgan. 

AQSh Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila episentri Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Badaxshon viloyatining Jurm tumanida bo‘lgan. Uning o‘chog‘i 187,6 km chuqurlikda joylashgan. Afg‘oniston matbuotiga ko‘ra, silkinishlar kuchi 6,8 ballni tashkil qilgan. 

Afg‘onistonda zilzila Taxar, Badaxshon, Qunduz va Panjsher viloyatlarida ham kuchli sezilgan.

Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Taxar viloyatida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida kamida 20 ta turar joy binosi vayron bo‘lgan, deb xabar berdi Aamaj News. 

«Manbalarning Aamaj axborot agentligiga ma’lum qilishicha, kuchli zilzila natijasida Taxar viloyatining Varsaj va Kalafg‘on tumanlarida 20 ta turar joy binosi vayron bo‘lgan. Taxardagi zilzila qurbonlari haqida hozircha ma’lumot yo‘q», deyiladi xabarda. 

Avvalroq agentlik Panjsher viloyatida kuchli zilzila natijasida Dareh tumanidagi Abdulla Hel qishlog‘idagi uchta turar joy binosiga jiddiy zarar yetganini xabar qilgan edi. 

«Ushbu hodisa oqibatida uch kishi, jumladan, bir bola va bir ayol tan jarohati oldi», — deyiladi xabarda. 

Afg‘oniston tabiiy ofatlarni boshqarish vazirligi vakili Shafiulloh Rahimiyning aytishicha, sharqdagi Lag‘man viloyatida ikki kishi halok bo‘lgan. 

Kobulda odamlar vahima ichida ko‘chalarga yugurgani aytilmoqda.

21 mart, Toshkent vaqti bilan soat 21:47 da Afg‘onistonda ro‘y bergan zilzila O‘zbekistonning barcha hududlarida ham sezildi.

Respublika seysmoprognostik monitoring markazi xabariga ko‘ra, zilzila magnitudasi 6,6 bo‘lgan. Zilzila episentri Toshkentdan 561 km janubi-sharqda.
O‘zbekiston hududida sezilish kuchi: Surxondaryo viloyatida 5-6 ball; Toshkent shahri, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Andijon, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlarida 5 ball; Xorazm viloyatida 4-5 ball; Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 ball.

Yer qimirlashi vertikal xarakterga ega bo‘ldi. Toshkent shahrida yer qimirlashi davomli bo‘ldi, qator joylarda ko‘p qavatli uyda yashovchilar va savdo markazlaridagi odamlar ko‘chaga chiqib olishdi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston janubida zilzila kuchi uch ballni tashkil etdi, deb xabar berdi Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining seysmologik eksperimental-uslubiy ekspeditsiyasi.

«Zilzila kuchi haqidagi ma’lumot (MSK-64 shkalasi bo‘yicha): Chimkent, Taraz, Olmaota, Turkiston viloyati – 3 ball», — deyiladi xabarda. 

Qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida ma’lumot yo‘q 

Ma’lumot uchun, 2023 yil 6 fevralida Turkiya janubi-sharqi va Suriya shimoli-g‘arbida so‘nggi o‘n yilliklardagi eng vayronkor zilzila sodir bo‘ldi. Qurbonlarning aniq soni hozirga qadar ma’lum emas, ammo Turkiyada bu raqam 50 mingdan oshgan.

Mavzuga oid