21 mart kuni soat 21:47 da O‘zbekiston va boshqa bir qator davlatlar hududida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Yerosti silkinishlari magnitudasi 6,5 dan 7,7 gacha bo‘lgan. Yer silkinishi sezilgan barcha mamlakatlarda odamlar shoshilinch ravishda uylarini tark etishdi.

Kuchli silkinishlar Pokiston, Hindiston va Markaziy Osiyoning boshqa qator davlatlarida ham sezilgan.

Zilzila Pokiston poytaxti Islomobod, shuningdek, Lahor, Ravalpindi, Kvetta, Peshovar va mamlakatning boshqa bir qancha shaharlarida sezildi, deya xabar bermoqda «Anadolu».

Afg‘oniston bilan chegaradosh Svat mintaqasida ikki kishi halok bo‘lgani, 150 dan ortiq kishi jarohat olgani xabar qilingan. To‘liq va qisman vayron bo‘lgan binolar mavjud. Halok bo‘lganlardan biri, 13 yoshli qiz uyidagi devor qulagan, deb xabar bermoqda Reuters.

Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyatining Quyi Dir tumanida uy tomining qulashi oqibatida bir ayol halok bo‘ldi, 7 kishi jarohat oldi. 

Islomoboddagi ayrim binolarda katta yoriqlar paydo bo‘lgan.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tegishli tuzilmalarga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga tayyor turish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Hozirgacha jami 9 kishining o‘limi haqida xabar berilgan. 

AQSh Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila episentri Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Badaxshon viloyatining Jurm tumanida bo‘lgan. Uning o‘chog‘i 187,6 km chuqurlikda joylashgan. Afg‘oniston matbuotiga ko‘ra, silkinishlar kuchi 6,8 ballni tashkil qilgan. 

Afg‘onistonda zilzila Taxar, Badaxshon, Qunduz va Panjsher viloyatlarida ham kuchli sezilgan.

Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Taxar viloyatida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida kamida 20 ta turar joy binosi vayron bo‘lgan, deb xabar berdi Aamaj News. 

«Manbalarning Aamaj axborot agentligiga ma’lum qilishicha, kuchli zilzila natijasida Taxar viloyatining Varsaj va Kalafg‘on tumanlarida 20 ta turar joy binosi vayron bo‘lgan. Taxardagi zilzila qurbonlari haqida hozircha ma’lumot yo‘q», deyiladi xabarda. 

Avvalroq agentlik Panjsher viloyatida kuchli zilzila natijasida Dareh tumanidagi Abdulla Hel qishlog‘idagi uchta turar joy binosiga jiddiy zarar yetganini xabar qilgan edi.