Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ayrim doktorantlarning stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi
2026 yil 1 sentabrdan doktoranturaga umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlariga oid ixtisosliklarga ajratiladi. Ushbu yo‘nalishga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy miqdorning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to‘lanadi.
Ustuvor ilmiy yo‘nalishlarda tahsil oladigan doktorantlar uchun oshirilgan stipendiya va qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi. Bu haqda “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmonida ko‘zda tutilgan.
2026 yil 1 sentabrdan quyidagi tartib amaliyotga kiritiladi:
- doktoranturaga umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlariga oid ixtisosliklarga ajratiladi;
- differensial stipendiya tizimi joriy etilib, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to‘lanadi;
- ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga tadqiqot ishida zarur bo‘ladigan asbob-uskuna va boshqa tovarlarning xaridi uchun har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ doktorant tahsil olayotgan oliy ta’lim yoki ilmiy tashkilotga yo‘naltiriladi;
- tayanch doktorantura bosqichining birinchi o‘quv yilida sohaviy maxsus fanlar, ilmiy-tadqiqot metodologiyasi va akademik yozish, statistika va ma’lumotlar tahlili kabi fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul kirish imtihoni o‘rniga ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti o‘tkaziladi. Bunda taqdimotga qo‘yiladigan talablar oliy ta’lim va ilmiy tashkilot tomonidan mustaqil belgilanadi. Ilmiy rahbarga doktorantning ixtisosligiga mos fan tarmog‘ida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo‘lish talabi joriy etiladi.
Oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilishda tegishli fan yo‘nalishlarida milliy sertifikatga ega bo‘lgan talabgorni mutaxassislik fani bo‘yicha imtihondan ozod etib, unga maksimal ball berish tartibi bekor qilinadi.
2027 yil uchun qabuldan boshlab ilmiy rahbarlik (maslahatchilik) uchun oylik to‘lov o‘rniga tayanch doktoranturaga qabul qilingan stajyor-tadqiqotchi va o‘z vaqtida himoya qilgan doktorant uchun bir martalik rag‘batlantiruvchi to‘lov to‘lanadi. Bunda:
- Xirsh indeksi bo‘yicha ko‘rsatkichi 5 dan kam bo‘lgan ilmiy rahbarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 40 baravarigacha miqdorida;
- Xirsh indeksi bo‘yicha ko‘rsatkichi 5 dan yuqori bo‘lgan ilmiy rahbarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 80 baravarigacha miqdorida pul to‘lanadi.
Mavzuga oid
09:45 / 30.05.2026
Ilmiy daraja berishda qator talablar bekor qilinadi
08:43 / 29.05.2026
Oliy attestatsiya komissiyasi Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkazildi
11:12 / 26.05.2026
Oliy attestatsiya komissiyasini 10 yildan ko‘proq boshqargan Ahmadbek Yusupov lavozimidan ozod etildi
10:43 / 29.04.2026