Xivada Tosh hovli saroyining devori o‘zboshimchalik bilan buzib tashlandi
Bir yil oldin derazasiga «Akfa» o‘rnatilgan tarixiy saroy endi devorining bir qismidan ayrildi. Surxondaryoda esa Kampirtepa qal'asining devori qulagani bo‘yicha prokuratura tekshiruv boshlaydi.
O‘zbekistonda so‘nggi ikki kunda 2ta madaniy meros obekti bilan bog‘liq noxush xabarlar jamoatchilikda e'tirozlarni keltirib chiqardi.
Ma'lum bo‘lishicha, Xiva shahridagi Tosh hovli saroyining devori xususiy korxona tomonidan buzilgan. YuNeSKO ro‘yxatidagi saroyda o‘tkazilayotgan ta'mirlash ishlari uchun Madaniy meros departamentidan ruxsat olinmagan.
Boshqa bir holatda esa Markaziy Osiyoda antik davrning eng qadimiy yodgorliklaridan biri – Surxondaryo viloyatidagi Kampirtepa qal'asi devori qulab tushdi. Madaniy meros departamenti devor qulashiga kuchli yomg‘ir sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Akademik Edvard Rtveladze esa bu qasddan qilinganiga ishonmoqda.
Har ikkala holat bo‘yicha prokuratura tekshiruv o‘tkazishi kutilyapti.
Tosh hovli: Bir yil oldin derazasiga «Akfa» o‘rnatilgan tarixiy saroy endi devorining bir qismidan ayrildi
Madaniyat vazirligining Madaniy meros departamenti ma'lumotiga ko‘ra, Tosh hovli saroyi 1832–38 yillarda qurilgan bo‘lib, 1997 yilda – Xiva shahrining 2500 yilligi munosabati bilan qisman ta'mirlangan. Ta'mirni «Xorazm maxsus ilmiy ta'mirlash ishlab chiqarish» ustaxonasi olib borgan.
Aniqlanishicha, saroyning sharqiy tomonidagi devor qismi buzilishiga sabab – buyurtmachi tashkilot «Ichan-Qal'a» davlat muzey-qo‘riqxonasi bo‘lib, «Surgut neft stroy» pudratchi xususiy korxonasi tomonidan joriy yilning 8 dekabr kuni devor tepa qismi buzilgan.
«Ichan-Qal'a» davlat muzey-qo‘riqxonasida har qanday ta'mirlash-tiklash ishlari Departament qoshidagi Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi asosida bajarilishi va YuNESKO bilan kelishish zarurligi aniq belgilangan bo‘lsa-da, loyiha kengashga kiritilmagan va saroyda ta'mirlash-tiklash ishlari loyihasiz olib borilgan.
Hozirda departament xodimlari tomonidan Tosh hovli saroyida ta'mirlash-tiklash ishlari to‘xtatilgan. Noqonuniy olib borilayotgan ta'mirlash-tiklash ishlari to‘g‘risida huquq-targ‘ibot idoralariga hujjat tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bir yil oldin – 2019 yil dekabrida Tosh hovli saroyi derazalaridan biriga «Akfa» alyumin romi o‘rnatilgan, jamoatchilik e'tirozidan so‘ng u olib tashlangan edi. Madaniyat vazirligi ish prokuraturaga oshirilishini xabar qilgandi. Tekshiruv o‘tkazilganmi-yo‘qmi, noma'lum: na prokuratura va na Madaniy meros departamenti keyinchalik bu haqda ma'lumot bermadi.
Oks Aleksandriyasi: Olim qal'a devori qasddan buzilganini, departament esa kuchli yomg‘ir ham sabab bo‘lishi mumkinligini bildirdi
Surxondaryo viloyatidagi Kampirtepa (Oks Aleksandriyasi) arxeologik yodgorligi miloddan avvalgi IV asr oxiri – milodiy II asrlarga oid. Ushbu qal'a Markaziy Osiyoda antik davrning eng qadimiy yodgorliklaridan biridir.
Bu yerda O‘zFA akademigi Edvart Rtveladze 40 yildan buyon ilmiy tadqiqot va qazilma ishlarini olib bormoqda. Akademik 1990–2000 yillarda yodgorlikning sharqiy qismida restavratsiya ishlarini olib borgan. Restavratsiya va rekonstruksiya ishlari, jumladan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshirilgan.
2018 yilda esa respublika budjetidan yodgorlikning g‘arbiy devorida ta'mir-tiklash ishlari olib borilgan.
Madaniy meros departamentiga ko‘ra, o‘tgan noyabr oyida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi natijasida yodgorlikning janubiy-g‘arbiy devorining o‘rta qismi konservatsiya qilinmagani sababli qulab tushgan.
Ammo Edvart Rtveladze noyabr oyida tarixiy obektga borganida «barchasi joyida bo‘lgani»ni aytmoqda.
«Barchasi joyida edi. Uning qulab tushishidan dalolat beradigan belgilar yo‘q edi. Bunday vayronagarchilikni yuzaga keltiradigan kuchli zilzilalar qayd etilmagan. Shuningdek, uni yuvib yuborishga qodir kuchli yog‘ingarchilik ham kuzatilmagan. Hech narsa bo‘lmadi», – deya akademikning so‘zlarini keltirmoqda Nuz.uz.
Mavjud suratlarni o‘rgangan Edvard Rtveladze vayronagarchilik «qasddan qilingani»ga ishonmoqda.
«Buni kimdir yoki kimlardir ataylab qilgan. O‘zbekistonimizda bunday dahshatli voqea ro‘y berganidan xorijlik hamkasblarim qarshisida uyatdaman. Axir Kampirtepa dunyo arxeologik faniga Oks Aleksandriyasi sifatida kirgan. Biz shuncha yil ish olib borgan topilmamiz bilan faxrlanamiz – endi esa uni asrab qola olmadik. Bu sharmandalik, shaxsan men uchun sharmandalik!» – deydi olim.
Madaniyat vazirligining Madaniy meros departamenti xodimlari akademik Rtveladze bilan suhbatdan so‘ng, Bosh prokuraturaga murojaat qilishga qaror qilgan.
Bundan tashqari, arxeologning tavsiyasi asosida restavratsiya ishlarini bahorda boshlash uchun devorning buzilgan qismi mustahkamlovchi vositalar yordamida qalin plyonka bilan yopilishi mumkin. Qulagan devorni Edvart Rtveladze boshchiligida tiklash respublika budjetidan 2021 yilda ta'mirlanadigan moddiy meros obektlari dasturiga kiritiladi.
Mavzuga oid
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024
Uch hududda elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024