Jamiyat | 15:20 / 06.12.2019
12664
4 daqiqa o‘qiladi

Xonqa tumanidagi ko‘prik avariya holatiga keldi – u qachon ta'mirlanadi?

Xorazm viloyati, Xonqa tumani, Qirqyop qishlog‘ining «Xonqaobod» mahallasida yashovchi fuqarolar tuman markazi bilan bog‘lab turuvchi ko‘prik eskirib, avariya holatiga kelib qolganidan shikoyat qilishdi.

Xorazm viloyati ariqlar, zaxkashlar va kanallarga boy hudud hisoblanadi. Bu yerda 3 mingdan ortiq katta va kichik ko‘priklar mavjud. Ularning aksariyati o‘tgan asrning 70-80 yillarida barpo qilingan. Ko‘priklarning ekspluatatsiya davri o‘rtacha 50 yilni tashkil qilishini hisobga oladigan bo‘lsak, bugungi kunda ularning ko‘pchiligi jismoniy va ma'naviy jihatdan eskirdi, ta'mirtalab bo‘lib qoldi. Xonqa tumani markazini «Xonqaobod» mahallasi bilan bog‘lab turuvchi ko‘prik ham shular qatoridan.

Qirqyop qishlog‘ining «Xonqaobod» mahallasida qariyb 300dan ortiq xonadonda 1,5 ming odam istiqomat qiladi. Mahallani tuman markazi bilan bog‘lab turuvchi va «Toshsoqa o‘ng qirg‘oq zaxkashi» ustiga qurilgan yagona ko‘prik bor. Kuniga taxminan 250-300ta avtomobil mana shu ko‘prikdan o‘tadi.

So‘nggi yillarda ko‘prik eskirib, ba'zi joylari o‘pirilib, ta'mirtalab bo‘lib qolgan edi. Bir necha oy oldin u butunlay yopib tashlandi. Natijada, transport vositalari aylanma yo‘llardan tuman markaziga qatnay boshladi. Bu esa masofani 7-8 kilometrga uzaytirib yuborgan va noqulaylik keltirib chiqargan. Bundan tashqari, tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish xizmati va boshqa maxsus transport vositalarining mahallaga yetib kelish vaqti uzayib ketgan. Shundan so‘ng, to‘siqlar odamlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan olib tashlangan va ko‘prik ochib yuborilgan.

Ayni paytda hayot uchun xavfli bo‘lsa-da, yo‘nalish avtobuslari, yuk avtomobillari va boshqa transport vositalari shu ko‘prik ustidan harakatlanmoqda. Odamlar ko‘prik tezroq ta'mirlab berilishini istashmoqda.

Xonqa tumani hokimligi va Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi Xonqa tumani bo‘limi bergan ma'lumotga ko‘ra, «Toshsoqa o‘ng qirg‘oq zaxkashi» ustiga qurilgan ko‘prikni ta'mirlash ishlari rejaga kiritilgan va bosqichma-bosqich tarzda «Xorazm ko‘priklardan foydalanish» unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Ta'mirlash ishlari 2020 yil aprel oyigacha to‘liq yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Xorazm ko‘priklarining ta'mirlanishi viloyat iqtisodiyoti uchun juda katta strategik ahamiyatga ega. Yo‘llar iqtisodiyotning qon tomiri hisoblanadi, ko‘priklar – ularni bog‘lab turadigan vosita. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgi paytda bitta katta ko‘prikni joriy ta'mirlash uchun o‘rtacha 50-100 million so‘m, uni qaytadan qurish uchun 2-3 milliard so‘m mablag‘ talab qilinadi, bu oz pul emas. Eskirish natijasida ta'mirtalab bo‘lib qolayotgan ko‘priklar soni kun sayin ortib bormoqda. Ularning ustidan harakatlanayotgan transport vositalarining xavfsizligi esa so‘roq ostida turibdi, demak bu holat aholining hayotiga ham xavf solmoqda.

Shuni e'tiborga olgan holda, ko‘priklarni ta'mirlash – paysalga solib bo‘lmaydigan vazifa sifatida qaralishi kerak. Zero, serqatnov yo‘llardagi har qanday ko‘prikning ishdan chiqishi nafaqat aholi uchun noqulaylikni keltirib chiqaradi, balki iqtisodiyot uchun ham katta zarba bo‘ladi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid