O‘zbekiston | 14:17 / 29.07.2020
17115
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlarning barchasiga bir xil tashxis qo‘yilgan

Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan bemorlarning 12 nafari o‘ta og‘ir ahvolda. Viloyat hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotiga ko‘ra, ushbu bemorlarning barchasiga «ikki tomonlama bronxopnevmoniya kovidi og‘ir kechishi» tashxisi qo‘yilgan.

«Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan 1034 nafar bemor ayni paytda davolanmoqda. Shundan 768 nafari uy sharoitida, 266 nafari esa statsionar sharoitda davolanmoqda. Statsionar sharoitda davolanayotganlarning 90 nafari Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida, 120 nafari Olmaliq shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida, 100 nafari Qibray tumani markaziy kasalxonasida, 120 nafari esa Bekobod shahrida joylashgan «Metallurgiya» shifoxonasida, 4 nafari Qibray tumanidagi «Hayot» xususiy klinikasida, 13 nafari respublika tibbiyot muassasalarida muolaja olmoqda.

Kasallanganlarning 12 nafari holati o‘ta og‘ir, 21 nafari og‘ir, 53 nafari o‘rta, 180 nafari qoniqarli ahvolda. Alomatlarsiz uy sharoitida davolanayotganlar 768 nafarni, pnevmoniya holatidagilar 94 nafarni tashkil etadi», deya viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Orziqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Viloyat hokimligi tomonidan 28 iyul kuni e'lon qilingan raqamlar bilan solishtirganda o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlar soni ikki nafarga, qoniqarli ahvoldagi bemorlar soni esa 39 nafarga, kasallik alomatlari bo‘lmagan holda uy sharoitida davolanayotganlar esa 26 nafarga kamayganini ko‘rish mumkin. Biroq og‘ir ahvoldagi bemorlar 10, ahvoli o‘rtacha bemorlar 7, pnevmoniya holatidagilar esa 25 nafarga ko‘paygan.

To‘raqul Orziqulovning qayd etishicha, 28 iyul holatiga ko‘ra viloyatda koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar soni 2928 nafarni tashkil etadi. Shundan 1878 nafari sog‘aygan bo‘lib, shu paytgacha bemorlarning 16 nafari vafot etgan.

So‘nggi bir kunda 128 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan, 173 nafar bemorga sog‘aygani uchun javob berilgan.

O‘ta og‘ir holatdagi bemorlarning barchasiga bir xil – «ikki tomonlama bronxopnevmoniya kovidi og‘ir kechishi» tashxisi qo‘yilgan. Ularning eng yoshi 45, keksasi 74 yoshda, deyiladi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining axborotida.

Mavzuga oid